Valisher Tangriyev ,Sevara Muradova,
Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti o’qituvchilari
O‘zbekistonning janubiy gavhari hisoblangan Surxondaryo viloyatining so‘lim Boysun tumanida bahor nafasi o‘zgacha shukuh bilan qarshi olinadi. Shu kunlarda o‘zining takrorlanmas tabiati, betakror madaniyati va qadimiy an’analarini bus-butun saqlab qolgan bu zaminda yana ulkan shodiyona — “Boysun bahori” xalqaro folklor festivali nishonlanmoqda!
“Boysun bahori” festivalining kelib chiqish tarixi va xalqaro maqomi chuqur ildizlarga ega. 2001-yilda hudud madaniyati YUNESKO e’tirofiga sazovor bo‘lgach, xalqimizning ushbu noyob an’analarini saqlab qolish hamda dunyoga tanitish maqsadida 2002-yil may oyida ilk bor O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston xalq ijrochilarining ishtirokida birinchi ochiq folklor festivaliga asos solingan edi. Keyinchalik 2005-yildan so‘ng festival o‘tkazilishida 11 yillik tanaffus yuzaga kelgan bo‘lsa-da, 2017-yildan e’tiboran bu qadimiy an’ana hukumat tashabbusi bilan qayta tiklandi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yildagi 59-sonli qarori bilan esa uning har ikki yilda bir marta xalqaro miqyosda o‘tkazilishi huquqiy jihatdan mustahkamlandi.
2026-yilning 1-mayidan 7-mayiga qadar purviqor Boysuntog‘ etaklarida, maxsus barpo etilgan “Bibishirin” turizm majmuasida bo‘lib o‘tadigan mazkur nufuzli tadbir dunyoning 40 dan ortiq burchagidan minglab sayyohlar va san’at ixlosmandlarini o‘z bag‘riga chorlamoqda.
Boysun insoniyatning qadimiy e’tiqodlari, o‘zligi va madaniyati tirik saqlangan ochiq osmon ostidagi yirik, jonli muzeydir. Tasodif emas-ki, 2001-yilda aynan Boysun madaniyati YUNESKO tomonidan “Insoniyatning og‘zaki va nomoddiy madaniy merosi durdonasi” deb rasman e’tirof etilgan.
Antik davrlardan beri saqlanib kelayotgan bu o‘ziga xoslik festivalning har bir soniyasida — baxshilar do‘mbira jo‘rligida aytadigan o‘lmas “Alpomish” dostonidan tortib, kelin salom va o‘lan kabi marosim qo‘shiqlarida, oqinlarning o‘tli xonishlarida o‘z aksini topadi.
Bu yilgi yetti kunlik festival har qachongidan-da yuksak saviyada va o‘zgacha innovatsion yondashuvlar bilan tashkil etilmoqda. Kunduzi siz tog‘lar uzra suzib yuruvchi o‘nlab havo sharlari parvozidan zavqlanasiz, chang-to‘zonli maydonlarda milliy kurash va shiddatli uloq-ko‘pkari musobaqalarida qatnashayotgan alp polvonlarga muxlislik qilasiz. Dorbozlarning osmonu falakka bo‘y cho‘zgan arqon ustidagi xavfli va ajoyib tomoshalari sizni hayratda qoldiradi. Kechalari esa osmonni yorituvchi innovatsion dronlar shousi, lazerli mushakbozliklar va 100 dan ziyod xorijiy hamda mahalliy folklor jamoalarining galakonsertlari qalbingizni larzaga keltiradi.
Ochiq osmon ostida, yuzlab yirik qozonlarda tayyorlanadigan milliy taomlar ishtahangizni qitiqlaydi. Surxondaryoning yuzi va faxri hisoblangan asl Boysun tandir go‘shti, archa tutunida o‘z bug‘ida pishgan lazzatli taomlar va mahalliy shifobaxsh buloq suvlari har qanday sayyohni lol qoldirishi shubhasiz. Keng ko‘rgazma pavilyonlarida ustalar qo‘lidan chiqqan zardo‘zlik, kulolchilik va ipak gilamlar xarid qilib, o‘zingiz bilan Boysun sehridan bir parcha olib ketishingiz mumkin.
Bugungi kunga kelib, mazkur bayram shunchaki ko‘ngilochar tadbir bo‘libgina qolmasdan, asriy qadriyatlarni barhayot saqlovchi hamda turli elatlarni yagona san’at tili orqali birlashtiruvchi yirik madaniy ko‘prik vazifasini o‘tamoqda.