“So‘nggi qo‘ng‘iroq” sadosi — yangi hayot boshlanishi



Denov tumanidagi umumta’lim maktablarida “Yuksak ma’rifatli avlod — Uchinchi Renessans poydevori” shiori ostida “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlari ko‘tarinki ruhda tashkil etildi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning mamlakatimiz yoshlariga yo‘llagan bayram tabrigi Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov tomonidan o‘qib eshittirildi. Mazkur tadbirlarda bitiruvchi yoshlar, ota-onalar, faxriy ustozlar, nuroniylar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Jumladan, tumandagi 82-maktabda bo‘lib o‘tgan tadbirda Denov tumani hokimi o‘rinbosari Farhad Rasulov hamda tuman Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi boshlig‘i Umid Xojiyev ishtirok etib, bitiruvchi yoshlarga samimiy tilaklarini bildirdilar.

Ta’kidlanganidek, “So‘nggi qo‘ng‘iroq” — bu shunchaki o‘quv yili yakuni emas, balki minglab yoshlar hayotida yangi orzular, ulkan maqsadlar va mustaqil hayot sari qo‘yilayotgan muhim qadamdir.

Bugun Denov tumanidagi 112 ta umumta’lim maktablarida tahsil olgan 5114 nafar bitiruvchi o‘quvchilar maktab bilan xayrlashib, katta hayot sari yo‘l oldilar. Ularning har biri ortida ustozlar mehnati, ota-onalar ishonchi va yurt ravnaqi uchun xizmat qilishdek ulkan mas’uliyat mujassam.

Ayniqsa, tuman yoshlari orasida xalqaro va milliy sertifikatlarga ega iqtidorli o‘quvchilar sonining ortib borayotgani, ayrim bitiruvchilarning muddatidan oldin oliy ta’lim muassasalari talabasi bo‘lgani ta’lim sohasidagi islohotlarning amaliy natijasidir.

Albatta, “So‘nggi qo‘ng‘iroq” — xayrlashuv oni. Ammo bu xayrlashuv ortida katta umid, ezgu orzu va yangi marralar mujassam. Bugun maktab bilan xayrlashayotgan yoshlar ertangi Yangi O‘zbekistonning tayanchi, ilm-fan, texnologiya va taraqqiyot drayverlariga aylanishi shubhasiz.

Denov tumani hokimligi tomonidan yosh avlodning sifatli ta’lim olishi, zamonaviy kasb-hunar egallashi hamda o‘z salohiyatini to‘liq namoyon etishi uchun keng imkoniyatlar yaratish ishlari izchil davom ettirilmoqda.

Tadbir yakunida bitiruvchi yoshlarga oq yo‘l tilanib, ularning kelgusidagi o‘qish va mehnat faoliyatida ulkan muvaffaqiyatlar yor bo‘lishi tilandi.

Previous post Fuqarolarni eshitish — bizning burchimiz
Next post Jarayon

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *