Yo’nalishsiz taksilar haydovchilariga qo’yiladigan talablar haqida bilasizmi?

Yo’lovchilar tashish uchun mo’ljallangan yo’nalishsiz taksilarni boshqarishga haydovchilik guvohnomasida «V» toifasi bo’lgan, 21 yoshga to’lgan, tibbiy ko’rikdan o’tgan va kamida uch yillik haydovchilik stajiga ega hamda O’zbekiston Respublikasi fuqarosi bo’lgan shaxslar qo’yiladi. 

Haydovchi faoliyatini mehnat va dam olish rejimiga rioya etgan holda amalga oshiradi. 

Amalga oshirilishi uchun litsenziya berilgan faoliyat turi bilan faqat shu litsenziyani olgan jismoniy yoki yuridik shaxs shug’ullanishi mumkin. Litsenziyalarni yoki ularga doir huquqlarni boshqa shaxslarga berish taqiqlanadi. 

Yuridik shaxslarga tegishli yo’nalishsiz taksilarning haydovchilari ishlayotganda tegishli litsenziya varaqasiga hamda yo’lga chiqishdan oldin avtotransport vositasining belgilangan tartibda texnik ko’rikdan va haydovchilarning tibbiy ko’rikdan o’tkazilganligi to’g’risida yo’l varaqasiga ega bo’lishi shart. 

O’zini o’zi band qilgan shaxslar: 

— o’z avtotransport vositasini bir yilda bir marotaba texnik ko’rikdan o’tkazishi; 

— bir yilda bir marotaba tibbiy ko’rikdan o’tishi va tibbiy ko’rikdan o’tganligi to’g’risidagi ma’lumotnomaga ega bo’lishi shart. 

Haydovchi faoliyatini litsenziya varaqasida ko’rsatilgan hududda va unga tutash hududda amalga oshirishi mumkin. 

Bunda litsenziya varaqasida ko’rsatilgan hudud avtotransport vositasiga berilgan davlat raqami belgilarining hududiy kodlaridan kelib chiqib aniqlanadi. 

Yo’nalishsiz taksida muntazam yo’nalishlarda faoliyat yurituvchi jamoat transportining yo’nalish sxemalariga muvofiq (muntazam yo’nalishlarda) yoki trafaret qo’ygan holda yo’lovchi tashishi taqiqlanadi. 

Yo’nalishsiz taksi haydovchisining belgilangan talablarga nomuvofiqligi aniqlangan hollarda haydovchiga nisbatan qonunchilikda nazarda tutilgan choralar qo’llaniladi. 

Denov tuman adliya bo’limi yuridik xizmat ko’rsatish markazi bosh yuristkonsulti 2-darajali yurist  Ismoilov Baxtiyor Choriyevich. 

Previous post Xarid cheki – oddiy qog’oz parchasi emas 
Next post Hashar — xalqimizning ezgu qadriyati