XALQARO HAMKORLIK DOIRASIDA TURKIYADA KASBIY SALOHIYATNI OSHIRISH

Bugungi kunda oliy ta’lim tizimini modernizatsiya qilish, professor-o‘qituvchilarning kasbiy kompetensiyalarini oshirish va xalqaro ta’lim makoniga integratsiyalashuv jarayonlarida xalqaro akademik hamkorlik muhim o‘rin tutadi. Shu nuqtayi nazardan, Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti  tomonidan xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan yo‘lga qo‘yilayotgan hamkorlik aloqalari izchil ravishda rivojlantirib borilmoqda.

Ana shunday hamkorlik tashabbuslaridan biri sifatida institutimizning 15 nafar professor-o‘qituvchilari Turkiya Respublikasining nufuzli oliy ta’lim muassasalaridan biri Fırat universitetida (Elazığ shahri) malaka oshirish va tajriba almashish maqsadida xizmat safarida bo‘lib turibdi.

Mazkur tashrif professor-o‘qituvchilarning kasbiy salohiyatini oshirish, zamonaviy pedagogik yondashuvlarni o‘rganish, xalqaro ta’lim tajribalarini tahlil qilish hamda ikki tomonlama akademik hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan.

Xalqaro akademik hamkorlik doirasidagi uchrashuvlar

Safar dasturining dastlabki kunlarida delegatsiya a’zolari Fırat universitetining Ta’lim fakulteti (Eğitim Fakültesi) dekani hamda fakultetning yetakchi professor-o‘qituvchilari bilan rasmiy uchrashuvlar o‘tkazdilar.

Uchrashuvlar davomida tomonlar o‘zaro tajriba almashish, ta’lim jarayonini takomillashtirish va kelgusida hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish masalalarini muhokama qildilar. Xususan, quyidagi yo‘nalishlarga alohida e’tibor qaratildi:

Qo‘shma ilmiy tadqiqotlar va loyihalarni amalga oshirish;

Professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvi dasturlarini kengaytirish;

Xalqaro grantlar va ilmiy dasturlar doirasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish;

Qo‘shma seminar, konferensiya va master-klasslarni tashkil etish.

Mazkur uchrashuvlar ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

O‘quv mashg‘ulotlari va mahorat darslari

Malaka oshirish doirasida ishlab chiqilgan dastur asosida professor-o‘qituvchilarimiz uchun dars mashg‘ulotlari, seminarlar va master-klasslar tashkil etildi. Mashg‘ulotlar nazariy bilimlarni amaliy tajriba bilan uyg‘unlashtirish tamoyiliga asoslangan holda olib borildi:

O‘quv mashg‘ulotlari davomida quyidagi asosiy yo‘nalishlar qamrab olindi:

Zamonaviy pedagogik texnologiyalar va innovatsion o‘qitish metodlari;

Raqamli ta’lim va ta’lim jarayonida axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan samarali foydalanish;

Ilmiy va amaliy loyiha yozish ko‘nikmalari;

Til o‘qitishda kommunikativ yondashuv va kompetensiyaviy model;

Og‘zaki va yozma nutqni rivojlantirish metodlari va boshqalar.

Mahorat darslari davomida ishtirokchilar interaktiv metodlar, amaliy mashqlar va muhokamalar orqali xalqaro tajribani chuqur o‘rganish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Shuningdek, Web of science, Scopus kabi nufuzli ilmiy jurnallarga maqola berish bo’yicha fikrlar hamda tajribalar almashinildi.

Seminar-treninglar va tajriba almashish

Jarayon davomida o‘tkazilgan seminar-treninglar professor-o‘qituvchilarning kasbiy rivojlanishiga xizmat qildi. Mashg‘ulotlarda xalqaro ta’lim tizimidagi ilg‘or tajribalar, innovatsion yondashuvlar va ta’lim sifati monitoringi masalalari muhokama qilindi.

Seminarlar jarayonida professor-o‘qituvchilarimiz:

Zamonaviy ta’lim modelining afzalliklarini tahlil qildilar;

Milliy ta’lim tizimiga moslashtirish imkoniyatlarini muhokama etdilar;

O‘zaro fikr almashib, metodik tajribalar bilan o‘rtoqlashdilar.

Bu jarayon professional muloqot va akademik hamkorlik muhitini yanada mustahkamladi.

Talabalar bilan uchrashuv va akademik monitoring

Fırat universitetida talabalar almashinuvi dasturi asosida tahsil olayotgan 4 nafar talabamiz bilan ham alohida uchrashuv tashkil etildi.

Uchrashuv davomida:

Talabalarining o‘qish jarayoni;

Yashash sharoitlari;

Ta’lim muhiti va moslashuv darajasi bilan yaqindan tanishildi.

Shuningdek, talabalar fikr va takliflari tinglanib, ularning muammolari va ehtiyojlari yuzasidan tegishli tavsiyalar berildi. Bu uchrashuv talabalar almashinuvi dasturining samaradorligini oshirishga xizmat qildi.

Xulosa o’rnida shuni aytish mumkinki, Fırat universitetida tashkil etilgan mazkur malaka oshirish tashrifi professor-o‘qituvchilarimizning kasbiy rivojlanishi, zamonaviy ta’lim metodikalarini o‘rganishi va xalqaro tajribani milliy ta’lim tizimiga tatbiq etishida muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Mazkur hamkorlik ikki tomonlama akademik aloqalarni mustahkamlash, kelgusida qo‘shma ilmiy loyihalar va ta’lim dasturlarini amalga oshirish uchun mustahkam poydevor yaratmoqda. Malaka oshirish jarayonlari davom etmoqda.

Tayyorladi: Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti

Filologiya fakulteti Xorijiy til va adabiyoti yuqori kurslar kafedrasi

v.b dotsent, filologiya fanlari bo’yicha falsafa doktori(PhD)

Sodiqova Baxtigul Ibodullayevna

Previous post Murojaatnoma — oliy ta’lim tizimi uchun yangi davrning boshlanishi
Next post ISSIQXONADA SO‘RUVCHI ZARARKUNANDA HASHOROTLARNING TUR TARKIBI, ZARARI VA ULARGA QARSHI HIMOYA QILISH USULLARI

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *