Bugungi kunda dunyo miqyosida so‘ruvchi zararkunandalar deyarli barcha ekin turlarining hosildorligiga jiddiy zarar yetkazmoqda. Ko‘plab ekinlarda ushbu zararkunandalarning tarqalishi, bioekologiyasi, fenologiyasi hamda ularga qarshi uyg‘unlashgan kurash choralari ma’lum darajada o‘rganilgan.
Mahalliy va zamonaviy issiqxona sharoitida yetishtirilayotgan bodring ekinlarida turli sistematik oilalarga mansub zararkunandalar uchrab, hosil miqdorining kamayishiga va sifatining yomonlashishiga olib kelmoqda. Tadqiqotchilar fikriga ko‘ra, sabzavot ekinlarida issiqxona oqqanoti (Trialeurodes vaporariorum West.), o‘simlik shiralari (Aphididae), tamaki tripsi (Thrips tabaci Lind.), o‘rgimchakkana (Tetranychus urticae Koch.), kuzgi tunlam (Agrotis segetum Den. et Schiff.), simqurt (Agriotes meticulosus Cond.), g‘ovak hosil qiluvchi pashshalar (Agromyzidae), nematodalar va boshqa zararkunandalar bilan kuchli zararlangan o‘simliklarda hosildorlik 40–50 foizgacha, ayrim issiqxonalarda esa 50–60 foizgacha kamayishi mumkinligi qayd etilgan.
Keyingi yillarda issiqxonalar sonining ko‘payishi natijasida zararkunandalar zararlilik darajasi oshib, hosildorlikning pasayishi va mahsulot sifatining buzilishiga sabab bo‘lmoqda. Shu bois issiqxonalarda bodring yetishtirishda uchraydigan so‘ruvchi zararkunandalarning biologik xususiyatlari, rivojlanishi, populyatsiyasining shakllanishi hamda entomofag turlarini chuqur o‘rganish, ularga qarshi zamonaviy va tejamkor kurash usullaridan foydalanishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
O‘zbekistonda sabzavot ekinlariga turli xil zararkunandalar va kasalliklar zarar yetkazadi. Ulardan qariyb 10 turi pomidor, 5 turi esa bodring ekinlariga jiddiy zarar keltiradi. Kemiruvchi zararkunandalardan ildiz kemiruvchi tunlamlar va simqurtlar, so‘ruvchilardan esa o‘simlik shiralari, kanalar, oqqanot va tripslar keng tarqalgan bo‘lib, katta iqtisodiy zarar yetkazishi ilmiy jihatdan asoslangan.
Respublikamizning turli tuproq-iqlim sharoitlarida sabzavot ekinlari issiqxona va ochiq maydonlarda yetishtirilganda, so‘ruvchi va kemiruvchi zararkunandalarning bir necha turlari hosil miqdori hamda uning tashqi va ichki sifat ko‘rsatkichlariga sezilarli zarar yetkazadi. Zararkunandalarning keltiradigan zarari hududlarga qarab turlicha bo‘lishi mutaxassislar tomonidan aniqlangan.
Ayrim hududlardagi issiqxonalarda zang kanasi (Aculops lycopersici Massee) keng tarqalgan bo‘lsa, boshqa joylarda oqqanot (Aleyrodidae), shira (Aphididae), trips (Thripidae), o‘rgimchakkana (Tetranychus) va boshqa zararkunandalar ustunlik qiladi. Ushbu zararkunandalarning ekinlarga zarar yetkazishini oldini olish uchun ularning tur tarkibini aniqlab, ilmiy asoslangan kurash choralarini qo‘llash yuqori biologik samaradorlik berishi ta’kidlanadi.
Issiqxona oqqanoti
Xorijiy tadqiqotchilar ma’lumotlariga ko‘ra, issiqxona oqqanoti polifag hasharot bo‘lib, Homoptera turkumining Aleyrodidae oilasiga mansubdir. Ushbu zararkunanda dunyo bo‘ylab keng tarqalgan bo‘lib, asosan sabzavot ekinlariga kuchli zarar yetkazadi.
Issiqxona oqqanoti issiqsevar hasharot bo‘lib, erta bahordan kech kuzgacha issiqxonalarda uzluksiz rivojlanadi. U yil davomida 9–10 ta avlod berib, uning hayotiy sikli, tuxum qo‘yishi va yashovchanligi havo harorati, nisbiy namlik hamda o‘simlik turiga bog‘liq. Rivojlanishi uchun +22…+25 °C harorat va 60 % nisbiy namlik qulay hisoblanadi. Sovuqqa chidamsiz bo‘lib, sovuq davrda issiqxonalar va xonadonlarda saqlanib qoladi.
Issiqxona oqqanoti boshqa oqqanot turlaridan yuqori pushtdorligi va o‘simlik turlarini kam tanlashi bilan farqlanadi.
Bunday sharoitda issiqxonalarga ekin ekishdan oldin issiqxona maydonini kimyoviy vositalar bilan fumigatsiya qilish zarur. Bu zararli hasharotlarning tuxumlari, lichinkalari va yetuk shakllarini yo‘q qilishda, shuningdek ayrim kasalliklarga qarshi kurashishda samarali hisoblanadi. Ekiladigan maydonlardan tuproq namunalari olinib, laboratoriya sharoitida tahlil qilinishi, o‘g‘itlar me’yor asosida qo‘llanishi lozim.
Issiqxona sharoitidan kelib chiqib, kasalliklarga chidamli va yuqori hosildor navlar tanlab ekilishi tavsiya etiladi. Jumladan, “Dantino F1”, “Kommado”, “Mamstom F1”, “Torri”, “Dafnis” kabi navlar iqlim sharoitimizga mos keladi.
Doston ASHUROV,
O‘simliklar karantini va himoyasi Denov tumani bo‘limi fitosanitar davlat inspektori.