Jaloliddin Manguberdi — mohir sarkarda

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 15-noyabrdagi PQ–393-son “O‘quvchi-yoshlarni chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorlash tizimini yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori hamda Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 8-noyabrdagi 591-son qaroriga 1-ilova bilan tasdiqlangan “Ta’lim muassasalarida chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlikni tashkil etish tartibi to‘g‘risida”gi nizom asosida umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va boshlang‘ich professional ta’lim muassasalarida chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlikni tashkil etish ta’lim sifatini yana bir pog‘ona yuqoriga ko‘tarish, o‘quvchi-yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda muhim bosqich hisoblanadi.

Ma’lumki, chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik — chaqiriluvchilarni harbiy xizmatga tayyorlash tizimining tarkibiy qismi hisoblanadi. Ushbu tayyorgarlik umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining 10–11-sinf o‘quvchilari, o‘rta maxsus hamda boshlang‘ich professional ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan o‘quvchi-yoshlar bilan o‘tkaziladi.

Chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik darsligidan ma’lum bo‘lishicha, harbiy san’at deb harbiy harakatlarni tayyorlash nazariyasi va uni quruqlikda, dengizda hamda havoda olib borish amaliyotiga aytiladi.

Jaloliddin Manguberdi (to‘liq ismi — Jaloliddin ibn Alovuddin Muhammad, 1198–1231) — Xorazmshohlar davlatining so‘nggi hukmdori Alovuddin Muhammad Xorazmshohning to‘ng‘ich o‘g‘li. Jaloliddin 33 yillik umrining 11 yilini turli janglar ichida o‘tkazgan.

Uning sarkardalik qobiliyati, jasurligi va vatanparvarligi hatto dushmani — mo‘g‘ul xoqoni Chingizxonning ham e’tirofiga sazovor bo‘lgan.

Parvon dashtidagi jang (1221-yil)

Sulton Jaloliddin Manguberdining mo‘g‘ul bosqinchilariga qarshi kurashdagi eng yirik janglaridan biridir. Hudud tog‘li va toshloq bo‘lgani uchun otliqlar harakatini olib borish qiyin bo‘lgan. Shu bois sultonning otliq askarlari ot jilovini bellariga bog‘lab, yayov holda kamondan dushmanni o‘qqa tutganlar. Bu usul jang taqdirini hal qilgan.

Sind daryosi bo‘yidagi jang

Chingizxon katta qo‘shin to‘plab, Jaloliddin Manguberdiga qarshi shaxsan o‘zi otlangan. 1221-yilning noyabrida bo‘lgan jangda mag‘lubiyatga uchragan Jaloliddin 4000 jangchisi bilan Sind daryosining o‘ng sohiliga suzib o‘tib, cho‘l ichkarisiga kirib ketadi. Bu joy hozirda ham Cho‘li Jaloliy deb ataladi.

Jaloliddinning harbiy tamoyillari

Jaloliddin Manguberdi janglarda quyidagi tamoyillarga katta e’tibor qaratgan:

  1. G‘alabaga erishish uchun barcha kuchlarni shiddat bilan harakatlantirish.
  2. Ikkinchi darajali hududlarni kuchsizlantirsa ham, yirik kuchlarni asosiy zarba berish yo‘nalishida jamlash.
  3. To‘satdan zarba berish.
  4. Hujumkor urushda tez va to‘xtalishsiz pirovard natijaga erishish.
  5. Erishilgan muvaffaqiyatdan tez va unumli foydalanish.

Jaloliddin siymosi va xotirasi

Jaloliddin siymosi afsonaga aylangan. Unga yozuvchi Vasiliy Yanning “Mardlik qanotlarida” ertak-qissasi va boshqa asarlar bag‘ishlangan. Jaloliddin Manguberdi O‘zbekistonning “milliy qahramon”laridan biridir.

1999-yili mamlakatimizda Jaloliddinning tavalludining 800 yilligi keng nishonlandi. O‘zbekistonda unga atab bir nechta haykallar o‘rnatilgan, Xorazm viloyatida Jaloliddin Manguberdiga bag‘ishlangan memorial majmua barpo etilgan.

1999-yil Jaloliddinning 800-yillik yubileyiga bag‘ishlab 25 so‘mlik yubiley tangalar muomalaga kiritilgan.
2000-yil 30-avgust kuni “Jaloliddin Manguberdi” ordeni ta’sis etilgan. Ushbu orden bilan mamlakat mustaqilligini, Vatan sarhadlarini va ona yurt tuprog‘ini himoya qilishda yuksak harbiy mahorat, qahramonlik va jasorat ko‘rsatgan, davlat mudofaa qudratini mustahkamlashga ulkan hissa qo‘shgan qo‘mondonlik tarkibiga kiruvchi harbiy xizmatchilar mukofotlanadilar.

2003-yil 22-avgust kuni ushbu orden bilan Xorazm viloyati mukofotlangan. Jaloliddin, shuningdek, Turkmanistonda ham hurmatga sazovor bo‘lib, uning mo‘g‘ullarga qarshi jasorati bugungi kunda ham tarannum etiladi.


Denov tumanidagi 30-umumiy o‘rta ta’lim maktabi
10-“A” sinf o‘quvchisi,
“Maktab Vatan tayanchi” otryadi a’zosi:
S. F. To‘raeva

Previous post Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti “Open byudjet” loyihasida yuksak natijalarga erishmoqda
Next post Ustoz – insoniyatning eng ulugʻ siymosi

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *