KORRUPSIYATARAQQIYOT KUSHANDASI

Jamiyatda shunday illatlar borki, ular ma’lum bir sohagina emas, balki butun jamiyat taraqqiyotiga to‘siq bo‘ladi. Davlatni ich-ichidan yemiradigan ana shunday illat — korrupsiya va poraxo‘rlikdir.
Aynan shu illat sababli ko‘plab davlatlar inqirozga uchragani tarixdan ma’lum. Taraqqiyotning yangi bosqichiga qadam qo‘yayotgan O‘zbekiston uchun esa korrupsiyaning har qanday ko‘rinishi islohotlar shiddatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi bilan xavflidir.
Shu boisdan ham davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev o‘z vakolatiga kirishishi bilan Prezident sifatida imzo chekkan ilk hujjat — “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni bo‘ldi. Ushbu qonun normalarining samarali ijrosini ta’minlash, jamiyat va davlat hayotining barcha sohalarida korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish maqsadida, Prezidentning 2017 yil 2 fevraldagi qarori bilan “2017–2018 yillarga mo‘ljallangan korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha davlat dasturi” qabul qilindi.
Dastur doirasida qator qonun loyihalari ishlab chiqildi, mavjudlari inventarizatsiyadan o‘tkazildi. Umuman olganda, so‘nggi yillarda amalga oshirilgan chora-tadbirlar aholining huquqiy ongi va madaniyatini oshirish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishga qaratilganini ko‘rishimiz mumkin.
Islohotlar doirasida fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligini ta’minlash, jamoat va parlament nazoratini kuchaytirish mexanizmlari takomillashtirildi. Shuningdek, huquqni muhofaza qiluvchi va sud organlari faoliyatining huquqiy asoslari isloh qilindi.
Albatta, amalga oshirilgan ishlar salmoqli. Ammo kechagi natijalarga mahliyo bo‘lib qolsak, ertangi maqsadlarimizga erishish mushkul bo‘ladi.
Shu nuqtai nazardan iqtisodiyotni rivojlantirish, xalq farovonligini oshirish, mamlakatda investisiya muhitini yaxshilash borasidagi strategik vazifalarni amalga oshirish muhim ahamiyatga ega. Bu esa korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha davlat siyosatini yanada samarali tashkil etishni talab qiladi.
Prezidentimizning yaqinda imzolagan “O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni aynan shu maqsadni ko‘zlagani bilan ahamiyatlidir.
Korrupsiya — shunday illatki, uni bir yoki ikki idoraning sa’y-harakatlari bilan bartaraf etib bo‘lmaydi. Qachonki, butun jamiyat, barcha fuqarolar uning ildizlariga qarshi murosasiz kurashga kirishsagina, ijobiy natijaga erishish mumkin.
Farmonning mohiyatidan kelib chiqib, korrupsiyaga qarshi faqat huquqni muhofaza qiluvchi organlar emas, balki jamoatchilik nazorati instituti ham faol jalb etilishi belgilanganini ko‘rishimiz mumkin:
Birinchidan, farmonda jamoatchilik nazoratida muhim o‘rin tutadigan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari va siyosiy partiyalarning rolini yanada kuchaytirish belgilangan.
Ikkinchidan, joylarda korrupsiyaga qarshi kurash ishlarini kompleks o‘rganish va muammolarni bartaraf etish bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyat, shahar va tuman Kengashlari tarkibida korrupsiyaga qarshi kurashish komissiyalari tashkil etish tavsiya etilmoqda.
Uchinchidan, aholining huquqiy ongi va madaniyatini oshirish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni kuchaytirish, shuningdek, korrupsiya haqida xabar bergan fuqarolarni himoya qilish mexanizmlari joriy etilishi ta’kidlangan.
To‘rtinchidan, fuqarolik jamiyati institutlari va ommaviy axborot vositalarini korrupsiyaga qarshi chora-tadbirlarni tayyorlash, amalga oshirish va monitoring qilish jarayoniga keng jalb etish belgilangan.
Bundan tashqari, davlat xizmatchilari huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish, ularda korrupsiya va boshqa huquqbuzarliklarga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish vazifasi ham belgilab berilgan.
Bu esa har bir mansabdor shaxsdan xulosa chiqarishni talab etadi. Chunki bugun har bir davlat xizmatchisi va huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimining fe’l-atvorida qonunlarga bo‘ysinish va hurmat qilish odobi mujassam bo‘lishi lozim.
Farmonda nazarda tutilganidek, jamiyatimizda korrupsiyaga qarshi murosasiz kurash olib borilayotgan bugungi sharoitda mansabdor shaxslar uchun alohida huquqiy talablar belgilanmoqda. Qonunlarga hurmatsizlik qilgan mansabdor shaxslarning xatti-harakatlari haqida maqolalar, ko‘rsatuv va eshittirishlar orqali jamoatchilikka yetkazish, ularning xatolarini ommaga ta’sirli tarzda ko‘rsatish muhim vosita hisoblanadi.
Xulosa qilib aytganda, mazkur farmon jamiyatda adolat, qonun ustuvorligi va fuqarolarning huquq-erkinliklarini ta’minlashga qaratilgan muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qiladi. Adolat ustuvor bo‘lgan davlatda esa taraqqiyot, xalq farovonligi va islohotlar samarasi ta’minlanadi.
J.BOBOYEV,
Surxondaryo viloyat ma’muriy sudi
bosh konsultanti.

Previous post Kuydirgi
Next post

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *