Suvda baxtsiz hodisalarni oldini olish bizning maqsadimiz!

Hurmatli Qiziriq tumani aholisi va mehmonlari!

Har yili suvda cho‘kish bilan bog‘liq baxtsiz hodisalar tahlil qilinganda, ularning asosiy sabablari taqiqlangan suv havzalarida cho‘milish, xavfsizlik qoidalariga amal qilmaslik hamda ehtiyotsizlik ekanligi aniqlanmoqda. Afsuski, buning oqibatida fuqarolarning cho‘kishi va halok bo‘lishi bilan bog‘liq ko‘ngilsiz hodisalar sodir bo‘lmoqda.

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, suvda cho‘kish oqibatida halok bo‘lganlar orasida spirtli ichimlik iste’mol qilgan fuqarolar hamda voyaga yetmagan yoshlarning salmog‘i yuqoriligicha qolmoqda.

Shu bois, suvda cho‘kish bilan bog‘liq baxtsiz hodisalar tez-tez sodir bo‘ladigan hududlar muntazam ravishda o‘rganilib, tahlil qilinmoqda. Mahallalarda aholi va dam oluvchilar o‘rtasida tushuntirish ishlari hamda profilaktik tadbirlar olib borilmoqda.

Shuni unutmaslik kerakki, suzishni bilmaslik yoki cho‘milish qoidalariga rioya qilmaslik inson hayoti uchun jiddiy xavf tug‘diradi. Suzishni o‘rganish uchun maxsus tashkil etilgan mashg‘ulotlarda qatnashish va tajribali murabbiylar tavsiyalariga amal qilish tavsiya etiladi.

Ariqlar, soylar, kanallar, daryolar, suv omborlari hamda qirg‘oqlarida «Cho‘milish qat’iyan taqiqlanadi!» degan ogohlantiruvchi belgilar o‘rnatilgan joylarda cho‘milish qat’iyan man etiladi.

Shuningdek, qo‘riqlanmaydigan suv havzalarida fuqarolarning cho‘milishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida mutasaddi tashkilotlar tomonidan muntazam reyd tadbirlari o‘tkazilmoqda. Reydlar davomida aholi bilan profilaktik suhbatlar tashkil etilib, suvdagi baxtsiz hodisalarning oldini olish bo‘yicha zarur tavsiyalar berilmoqda.

Cho‘kish xavfi yuqori bo‘lgan hududlarda cho‘milish mavsumi oldidan kuzatuv postlari tashkil etilib, jamoatchilik nazorati kuchaytiriladi.

Hurmatli ota-onalar! Voyaga yetmagan farzandlaringizni qarovsiz qoldirmang. Bolalar faqat maxsus belgilangan va xavfsiz joylarda, albatta, katta yoshdagi shaxslar nazorati ostida cho‘milishlari lozim.

Unutmang! Suvdagi baxtsiz hodisalarning oldini olish — har birimizning mas’uliyatimiz. O‘zingiz va yaqinlaringiz hayotini asrang!

B. Amanov
Qiziriq tuman FVB boshlig‘i o‘rinbosari FVPB boshlig‘i,  kapitan

Previous post Korrupsiyaga qarshi kurash – ustuvor vazifa
Next post G‘allasi o‘rilgan dalalarda yong‘in xavfsizligi qoidalariga amal qiling!

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *