Denov tumanida yashovchi fuqaro A.G. 2025-yilda o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida o‘zining yashash xonadonida 5,79 gramm marixuana giyohvandlik vositasi hamda 179 dona ko‘knor o‘simligi boshoqlarini saqlab kelayotgani aniqlanib, O‘zbekiston Respublikasi JPKning 224-moddasiga asosan protsessual tartibda ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan fuqaro A.G.ning otasi A.D. o‘g‘li A.G.ni belgilangan tartibda jinoiy javobgarlikka tortmaslik, unga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishida ayblovni yengillashtirish hamda jinoyat ishini o‘g‘lining foydasiga hal etish evaziga Denov tumani IIB binosida joylashgan Denov tumani IIB TQXT va CHTG katta tezkor vakili S.A.ning xizmat xonasida jami 150 AQSH dollari hamda 16 million 210 ming so‘m miqdoridagi pul mablag‘larini pora tariqasida bergan vaqtida huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tomonidan jinoyat ustida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.
Mazkur holat yuzasidan A.D.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JKning 211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari o‘tkazilib, mazmunan ko‘rib chiqish uchun jinoyat ishlari bo‘yicha Denov tuman sudiga yuborilgan.
Sudning hukmi bilan A.D. O‘zbekiston Respublikasi JKning 211-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etgan deb topilib, unga nisbatan 2 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.
Surxondaryo viloyati prokurorining katta yordamchisi
A.A. Almardanov
Denov tuman prokurorining o‘rinbosari
F. Oripov