Sudlanuvchi A.A. o‘zining g‘araz va boshqa past niyatlari bilan, firibgarlik qilib, tekinidan jinoiy yo‘l bilan mulkiy daromad orttirish maqsadida, o‘ziga tegishli “Samsung A32” rusumli telefon apparatiga o‘rnatilgan internet tarmog‘idagi “Telegram” messenjerida “Akam bo‘lasiz” nomli akkaunt ochib, ushbu akkaunt orqali Denov tumanida yashovchi fuqaro B.B. va uning otasi B.A.ning “Telegram” profiliga “Cobalt” rusumli avtomashina yutib olganini aytib, aldab ishonchiga kirib, 2025-yilning mart oyida dastlabki tergovda aniqlashning imkoni bo‘lmagan vaqtda va kunda 4 750 000 so‘m miqdoridagi pullarni opasi A.B. nomiga rasmiylashtirilgan plastik kartasiga tashlatib olib, o‘zining ehtiyojlariga ishlatib yuborgan.
Bundan tashqari, A.A. o‘zining yuqorida sodir etgan jinoiy harakatlari uchun jinoiy javobgarlikka tortilmasdan qolganidan foydalanib, firibgarlikda ifodalangan jinoiy harakatlarini takroran davom ettirib, o‘ziga tegishli “Samsung A32” rusumli telefon apparatiga o‘rnatilgan internet tarmog‘idagi “Telegram” messenjerida “Akam bo‘lasiz” nomli akkaunt ochib, ushbu akkaunt orqali Sho‘rchi tumanida yashovchi fuqaro X.B.ning “Telegram” profiliga “Cobalt” rusumli avtomashina yutib olganini aytib, aldab ishonchiga kirib, 2025-yilda 10 800 000 so‘m miqdoridagi pullarni 3400 0600 0027 raqamli plastik kartasiga tashlatib olib, o‘zining ehtiyojlariga ishlatib yuborgan.
Mazkur holat yuzasidan A.A.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JKning 168-moddasi 3-qismining “b” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari o‘tkazilib, mazmunan ko‘rib chiqish uchun jinoyat ishlari bo‘yicha Denov tuman sudiga yuborilgan.
Sudning hukmi bilan mazkur firibgarlik jinoyatini sodir etgan A.A.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JKning 168-moddasi 3-qismining “b” bandi bilan JKning 57-moddasi qo‘llanilib, JKning 84¹-moddasi tartibida 1 yil 6 oy muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.
M. Boqiyev,
Surxondaryo viloyati prokuraturasi
Jinoiy sud ishlarini yuritishda
prokuror vakolatini ta’minlash bo‘limi katta prokurori.
D. Ibragimov,
Denov tumani prokurorining
o‘rinbosari.