Hurmatli Qiziriq tumani aholisi va mehmonlari!
Yoz mavsumida g‘alla hosili yig‘ib olingandan so‘ng dalalarda qoladigan somon, poya va boshqa quruq o‘simlik qoldiqlari yong‘in xavfini keskin oshiradi. Havo haroratining yuqori bo‘lishi, quruq shamollar hamda inson omili tufayli hatto kichik bir uchqun ham katta yong‘inga sabab bo‘lishi mumkin. Shu bois g‘allasi o‘rilgan dalalarda yong‘in xavfsizligi qoidalariga qat’iy rioya etish har bir fuqaroning muhim vazifasidir.
Bo‘sh dalalarda yong‘inlarning kelib chiqishiga quyidagi omillar sabab bo‘lishi mumkin:
- quruq o‘t, somon va boshqa o‘simlik qoldiqlarini yoqish;
- chekilgan tamaki qoldiqlarini dala hududiga tashlash;
- qishloq xo‘jaligi texnikalari va transport vositalarining nosozligi;
- ochiq olovdan ehtiyotsiz foydalanish;
- elektr uzatish tarmoqlaridagi nosozliklar;
- kuchli issiq va shamol ta’siri.
Dalalarda ochiq olovdan foydalanish, gulxan yoqish, chiqindilar yoki somon qoldiqlarini kuydirish qat’iyan taqiqlanadi. Bunday harakatlar yong‘inning tez tarqalishiga, hosildan bo‘shagan yer maydonlari hamda atrof-muhitga katta zarar yetkazishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Yong‘in xavfsizligini ta’minlash maqsadida dala hududlari yaqinida suv zaxiralari, yong‘in o‘chirgichlar va boshqa zarur vositalarni doimo shay holatda saqlash tavsiya etiladi.
G‘allasi o‘rilgan dalalarda yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya etish hosildan bo‘shagan yer maydonlarini, tabiatni, moddiy boyliklarni hamda insonlar hayotini asrashning muhim omilidir. Har bir fuqaro va mas’ul shaxs belgilangan yong‘in xavfsizligi talablariga qat’iy amal qilishi orqali yirik yong‘inlar va ularning og‘ir oqibatlarining oldini olish mumkin.
Unutmang! Yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya qilish — barchamizning umumiy mas’uliyatimiz. Ehtiyotkorlik hayot va mol-mulkni asraydi!
F. Bozorboyev,
Qiziriq tumani FVB FVPB katta inspektori katta leytenant.