Vatan tuprog‘ining har bir qarichi muqaddas. Biroq shunday go‘shalar borki, ularning qadimiyligi va ma’naviy qatlamlari insonni beixtiyor o‘tmishning buyuk sahifalariga yetaklaydi. O‘zining betakror tabiati, boqiy tarixi, sirli obidalari va bag‘rikeng odamlari bilan nafaqat yurtimizda, balki jahon tamaddunida ham alohida o‘ringa ega bo‘lgan shunday qutlug‘ zamin — Surxondaryodir. Har bir tepaligi ostida ming yillik sirlarni yashirgan, har bir daryosi sivilizatsiyalar sadosini tashiydigan bu voha bugun Uchinchi Renessans poydevori qo‘yilayotgan yangi davrda tamoman yangicha chiroy ochmoqda.
Surxondaryo shunchaki geografik hudud emas, balki insoniyat madaniyati ilk bor kurtak yozgan qadimiy o‘choqlardan biridir. Olimlar va arxeologlarning e’tirofiga ko‘ra, vohadagi Dalvarzintepa, Xolchayon, Fayoztepa va Qoratepa kabi ko‘hna yodgorliklar bu yerda bir paytlar Buyuk Ipak yo‘lining eng muhim va gavjum chorrahalari mavjud bo‘lganidan dalolat beradi. Bu tuproqdan topilgan Kushon podsholigi davriga oid oltin xazinalar, noyob haykaltaroshlik namunalari hamda sopol buyumlar ajdodlarimizning yuksak hunarmandchilik, me’morchilik va san’at madaniyatiga ega bo‘lganini ko‘rsatadi.
Ayniqsa, Termiz shahri qadimdan turli dinlar, madaniyatlar va falsafiy oqimlar tinch-totuv yashagan bag‘rikenglik markazi sifatida tanilgan. Buddaviylik madaniyatining Markaziy Osiyodagi eng yirik markazlari aynan shu yerda gullab-yashnagani, keyinchalik esa Islom sivilizatsiyasining muhim markazlaridan biriga aylangani vohaning ma’naviy qudratidan dalolat beradi. Bugun voha bo‘ylab davlatimiz tomonidan olib borilayotgan keng ko‘lamli ilmiy tadqiqotlar va arxeologik qazishmalar ana shu boy merosni asrab-avaylash hamda uni dunyo jamoatchiligiga keng targ‘ib etishga xizmat qilmoqda.
Bugun Surxondaryo deganda ko‘z oldimizga nafaqat qadimiy yodgorliklar, balki butun islom olamida chuqur hurmatga sazovor bo‘lgan buyuk allomalar maskani ham keladi. Imom Termiziy, Hakim at-Termiziy, Sulton Saodat va Iso at-Termiziy kabi ulug‘ zotlarning maqbaralari nafaqat ziyoratgoh, balki yosh avlod qalbiga iymon, ilm va yuksak odob-axloq urug‘larini qadovchi ma’naviyat maskanlaridir. Ushbu muqaddas qadamjolarda amalga oshirilgan keng ko‘lamli obodonlashtirish ishlari vohaning ziyorat turizmi salohiyatini yanada oshirdi.
Buning yoniga Boysun tog‘larining betakror va maftunkor tabiati, Sangardak sharsharasining jozibali manzaralari hamda Teshiktosh g‘orining ibtidoiy davr sirlarini qo‘shsak, vohaning ekoturizm va etnografik turizm borasidagi imkoniyatlari naqadar ulkan ekanini anglash mumkin. Boysun madaniy muhitining YUNESKO tomonidan insoniyatning og‘zaki va nomoddiy madaniy merosi durdonasi sifatida e’tirof etilgani ham bejiz emas. Bu yerda qadimiy urf-odatlar, milliy liboslar va xalq dostonchiligi an’analari hamon asl holicha yashab kelmoqda.
Zamon o‘zgarishi bilan voha ham shaklan, ham mazmunan yangilanmoqda. Bugungi kunda Surxondaryoda zamonaviy infratuzilma loyihalari, yirik sanoat korxonalari va klaster tizimlari barpo etilmoqda. Biroq har qanday moddiy yuksalishning negizida intellektual salohiyat yotadi. Shu bois vohada oliy ta’lim tizimini rivojlantirishga, xususan, Termiz davlat universiteti kabi ilm maskanlarida yoshlarga xalqaro standartlar darajasida bilim berishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Bugungi yosh avlod, ayniqsa, bo‘lajak filologlar va jurnalistlar uchun ushbu ulkan tarixiy hamda madaniy merosni chuqur o‘rganish, uni zamonaviy axborot texnologiyalari orqali dunyoga targ‘ib etish ham qarz, ham sharafli burchdir. “Chag‘aniyon” gazetasi kabi nufuzli matbuot nashrlari sahifalarida vohamizning kechagi shonli tarixi va bugungi shiddatli taraqqiyotini qiyosiy yoritish, uning yashirin turistik salohiyatini keng jamoatchilikka tanitish ijodkor yoshlarning muhim vazifalaridan biridir.
Surxondaryo — o‘tmishi buyuk, buguni navqiron va kelajagi har qachongidan-da porloq zamin. Uni sevish, har bir qarich tuprog‘ini ardoqlash va uning ravnaqiga munosib hissa qo‘shish shu zaminda yashayotgan har bir yurtdoshimizning eng oliy vatanparvarlik burchidir.
Mahliyo Abdimurodova,
Termiz davlat universiteti talabasi.