Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti.Oʻzbek tili va adabiyoti kafedrasi oʻqituvchisi:Sattorova Dilnavoz
Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti.Filologiya fakulteti 3- bosqich talabalari: Pardayeva Nozima, Maxammadiyeva Xulkar
Har bir xalqning milliy o‘zligi, ma’naviy boyligi va madaniy merosi uning tilida mujassam bo‘ladi. Til – millatning ruhi, tarixi va kelajagini o‘zida aks ettiruvchi bebaho ne’matdir. Shu bois davlat tili har qanday jamiyat taraqqiyotida muhim o‘rin tutadi. O‘zbekiston Respublikasining davlat tili – o‘zbek tilidir. Davlat tilining maqomi nafaqat huquqiy ahamiyatga ega, balki milliy birlikni mustahkamlash, fuqarolarning o‘zaro muloqotini ta’minlash va ma’naviy qadriyatlarni asrab-avaylashga xizmat qiladi. Tilga bo‘lgan hurmat xalqning o‘z tarixiga, madaniyatiga va milliy qadriyatlariga bo‘lgan hurmatini ifodalaydi.
Bugungi globallashuv davrida davlat tilining nufuzini oshirish yanada dolzarb masalaga aylanmoqda. Ilm-fan, ta’lim, texnologiya va ommaviy axborot vositalarida davlat tilidan keng foydalanish jamiyatning intellektual rivojlanishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Ayniqsa, yosh avlodning ona tilini puxta egallashi ularning ma’naviy kamoloti va vatanparvarlik tuyg‘ularini shakllantirishda muhim omildir. Davlat tilining rivojlanishi mamlakat taraqqiyoti bilan chambarchas bog‘liq. Til qanchalik boy va rivojlangan bo‘lsa, jamiyatning ilmiy, madaniy va iqtisodiy salohiyati ham shunchalik yuksaladi. Shu sababli davlat tilini asrash, rivojlantirish va uning mavqeini oshirish har bir fuqaroning muqaddas burchidir.
Xulosa qilib aytganda, davlat tili jamiyat taraqqiyotining muhim omillaridan biridir. Uni e’zozlash va rivojlantirish orqali biz milliy o‘zligimizni saqlab qolamiz, kelajak avlodlarga boy ma’naviy meros qoldiramiz hamda mamlakat ravnaqiga munosib hissa qo‘shamiz.