Bugungi globallashuv davrida til bilish oddiy ko‘nikma emas, balki hayotiy zaruratga aylanib bormoqda. Ayniqsa, yoshlar orasida chet tillarini o‘rganishga bo‘lgan qiziqish kundan-kunga ortib borayotgani bejiz emas. Xo‘sh, bu qiziqishning sabablari nimada deb o‘ylaysiz?
Avvalo, chet tilini bilish — keng imkoniyatlar eshigini ochadi. Bugungi kunga kelib yoshlar nafaqat o‘z yurtida, balki xorijda ham ta’lim olish, ishlash yoki tajriba orttirishni maqsad qilmoqda. Chet tilini bilgan inson uchun dunyo tor emas — u istalgan mamlakatda o‘z o‘rnini topa oladi. Yana bir muhim omil bu internet va ijtimoiy tarmoqlarning ta’siri. Hozirgi yoshlar ko‘proq xorijiy kontentni tomosha qiladi, blogerlar, filmlar, qo‘shiqlar orqali boshqa tillarga qiziqib qoladi. Bu esa til o‘rganishga bo‘lgan ichki motivatsiyani oshiradi va o’rganishlariga yana bir turtki bo‘ladi. Shuningdek, zamonaviy kasblarning aksariyati chet tilini talab etadi. Dasturchilik, marketing, turizm, tarjimonlik kabi sohalarda muvaffaqiyat qozonish uchun ingliz tili, ba’zan esa boshqa tillarni bilish katta ustunlik beradi. Shu sababli yoshlar kelajakda raqobatbardosh bo‘lish uchun til o‘rganishga jiddiy yondashmoqda. Biroq bu jarayonda muhim jihatni unutmaslik lozim: chet tilini o‘rganish bilan birga ona tilimizni ham mukammal bilish zarur. Chunki til – bu millatning ruhi, uning o‘zligini aks ettiruvchi asosiy omildir. Ona tilini chuqur bilgan inson boshqa tillarni ham osonroq o‘zlashtiradi.
Xulosa qilib aytganda, bugungi yoshlarning chet tillariga qiziqishi — zamon talabi. Bu nafaqat shaxsiy rivojlanish, balki kelajak sari tashlangan muhim qadamdir. Eng muhimi, bu yo‘lda muvozanatni saqlab, o‘z ildizlarimizni unutmasligimiz kerak.
Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti
“Xorijiy til va adabiyoti” quyi kurslar kafedrasi
o’qituvchilari G.E.Mirzayeva , N.N.Xo‘shqaqova