Prezident Murojaatnomasi — xalq orzu-intilishlarining amaliy ifodasi

Men 30 yillik pedagogik ish stajiga egaman va 10 yildan buyon ma’naviyat va ma’rifat sohasida xizmat qilib kelaman. Davlatimiz rahbari tomonidan Oliy Majlis va xalqimizga yo‘llangan Murojaatnoma xalqimizning ayni ko‘nglidagi gaplardan iborat bo‘ldi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2025-yil 26-dekabrda Oliy Majlis va xalqimizga yo‘llagan Murojaatnomasi ham ana shunday kompleks siyosiy hujjat sifatida namoyon bo‘ldi, deyish mumkin.

Davlatimiz rahbarining murojaati: “Bugun Oliy Majlisga va ko‘p millatli xalqimizga kelgusi yil uchun Murojaatnomani taqdim etar ekanman” degan so‘zlar bilan boshlanishi uning asosiy yo‘nalishi — kelgusi taraqqiyot strategiyasini belgilash ekanini ko‘rsatadi.

Prezidentimiz bu fikrni Murojaatnomada: “Biz islohotlarni aniq amaliy natijaga aylantirishni o‘rgandik”, deya aniq va ochiq ifodalaydi. Bu esa davlat boshqaruvida pragmatik yondashuv, institutsional samaradorlik va natijadorlikka asoslangan siyosat tamoyillari ustuvor bo‘lib borayotganini anglatadi.

Ya’ni, islohotlar endilikda faqat g‘oya sifatida emas, balki har bir mahalla, har bir xonadon va har bir inson hayotida seziladigan o‘zgarish sifatida baholanmoqda. Bu natijalar shahar va qishloqlar qiyofasining o‘zgarishi, infratuzilmaning modernizatsiya qilinishi, raqamli xizmatlar rivoji, yangi ish o‘rinlari yaratilishi hamda ijtimoiy himoya tizimida yaqqol namoyon bo‘lmoqda.

Mazkur Murojaatnomaning muhim konseptual jihatlaridan biri — Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining global kontekstda tahlil qilinganidir. Prezidentimiz o‘z nutqida jahonda kechayotgan murakkab jarayonlarga alohida to‘xtalib o‘tadi: “Dunyoda sodir bo‘layotgan va yaqin-yaqingacha hech kim tasavvur qila olmagan o‘zgarishlar sharoitida o‘ta murakkab yilni yakunlayapmiz”.

Bu yerda gap geosiyosiy qarama-qarshiliklar, global savdo zanjirlarining uzilishi, xavfsizlik tahdidlari, inflyatsion bosim va moliyaviy noaniqliklar haqida bormoqda. Shunday murakkab sharoitda milliy iqtisodiyotning barqaror o‘sishi davlat siyosati samaradorligining asosiy indikatorlaridan biri hisoblanadi.

Prezidentimiz ta’kidlaganidek, barcha qiyinchiliklarga qaramasdan, O‘zbekiston iqtisodiyoti ishonchli va barqaror o‘sishda davom etdi. Bu holat mamlakatimizda olib borilayotgan makroiqtisodiy barqarorlik siyosati, diversifikatsiyalangan iqtisodiy model hamda ochiq tashqi iqtisodiy aloqalarga asoslangan strategiyaning to‘g‘ri yo‘nalishda ekanini ko‘rsatadi.

Qayd etish joizki, Murojaatnomada keltirilgan iqtisodiy raqamlar yurtimiz taraqqiyotida sifat jihatidan yangi bosqich boshlanganidan dalolat beradi. Xususan, Prezidentimiz: “Bu yil tariximizda birinchi marta yalpi ichki mahsulotimiz 145 milliard dollardan oshdi”, deya ta’kidlaydi. Bu ko‘rsatkich nafaqat iqtisodiy o‘sishni, balki davlatning strategik rejalashtirish salohiyati oshganini ham anglatadi.

Shuningdek, eksport hajmi 33,4 milliard dollarga yetdi, oltin-valyuta zaxiralari 60 milliard dollardan oshdi hamda xorijiy investitsiyalar hajmi 43,1 milliard dollarni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkichlar iqtisodiyotda ichki va tashqi ishonch mustahkamlanganini bildiradi.

Prezidentimiz Murojaatnomada iqtisodiy o‘sishni mustaqil maqsad sifatida emas, balki inson farovonligiga xizmat qiluvchi vosita sifatida talqin qiladi. Bu yondashuv zamonaviy ijtimoiy davlat nazariyasiga to‘liq mos keladi. “Islohotlarimiz samarasini har bir mahalla, har bir xonadon va har bir inson kundalik hayotida his qilmoqda”, degan fikr davlat siyosatida inson markaziy o‘rinda ekanini yaqqol ko‘rsatadi.

Zamonaviy siyosiy nazariyada “ijtimoiy davlat” tushunchasi faqatgina qayta taqsimlash yoki ijtimoiy yordam mexanizmlari bilan cheklanmaydi. U, avvalo, insonni iqtisodiy o‘sish markaziga qo‘yuvchi, uning munosib hayot kechirishini kafolatlaydigan institutsional tizimni anglatadi. 2025-yilgi Murojaatnomada aynan shu yondashuv davlat siyosatining yetakchi g‘oyasi sifatida ilgari surilganini ko‘ramiz.

Prezidentimiz nutqida kambag‘allik masalasi alohida strategik ahamiyatga ega muammo sifatida ko‘rib chiqiladi. “Biz kambag‘allikni qisqartirish masalasini umummilliy harakatga aylantirdik”, degan fikr bu boradagi sa’y-harakatlar davlat bilan birga jamiyatning barcha qatlamlari — mahalla, tadbirkorlik subyektlari, nodavlat sektor va fuqarolar hamkorligida olib borilayotganini anglatadi.

Murojaatnomada keltirilgan raqamlar ijtimoiy siyosatda tizimli burilish yuz berganini ko‘rsatadi. Jumladan, so‘nggi yillarda 8,5 milliondan ortiq aholi kambag‘allikdan chiqarildi, kambag‘allik darajasi 8,9 foizdan 5,8 foizga tushirildi hamda 1 435 ta mahalla “kambag‘allikdan xoli” hududga aylantirildi.

Kambag‘allikni qisqartirishning eng samarali yo‘li — aholining bandligini ta’minlashdir. Shu bois Murojaatnomada bandlik siyosatiga alohida e’tibor qaratilgan. Prezidentimizning ma’lumotiga ko‘ra, 2025-yilda 5 million aholi daromadli bo‘lib, ishsizlik darajasi 5,5 foizdan 4,9 foizga pasaydi.

Bu ko‘rsatkichlar mehnat bozorida muhim institutsional o‘zgarishlar amalga oshirilganidan dalolat beradi. Xususan, “mahallada sanoat va xizmat” loyihalari, mikroloyihalarni qo‘llab-quvvatlash, tadbirkorlik uchun imtiyozli kreditlar ajratilishi natijasida aholi o‘z yashash hududida ish topish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda. Bu jarayonni desentralizatsiyalashgan bandlik siyosati, deb atash mumkin.

Murojaatnomaning eng muhim va o‘ziga xos jihatlaridan biri — mahalla institutiga berilgan strategik ahamiyatdir. Prezidentimiz mahallani nafaqat ijtimoiy tuzilma, balki milliy davlatchilik an’analariga asoslangan o‘zini o‘zi boshqarish instituti sifatida ta’riflaydi: “Mahalla tinch va ahil bo‘lsa, jamiyatimiz tinch va hamjihat bo‘ladi”. Bu fikr mahallaning ijtimoiy kapitalni shakllantirishdagi o‘rni naqadar muhim ekanini ko‘rsatadi.

Maktabimiz jamoasi tomonidan Prezidentimizning Murojaatnomasi to‘liq o‘rganib chiqildi va unda belgilangan vazifalar kelgusida zimmamizga katta mas’uliyat yuklashini chuqur anglagan holda, ushbu Murojaatnoma xalqimizning ayni ko‘nglidagi fikrlar bilan to‘lib-toshganiga yana bir bor amin bo‘ldik.

Oygul Bazarova,
Denov tuman 30-umumiy o‘rta ta’lim maktabining, ma’naviyat va ma’rifat ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari.


Previous post Denov tumanlararo iqtisodiy sudi tomonidan odil sudlovni ta’minlash   borasida amalga oshirilgan ishlar sarhisobi
Next post Murojaatnoma — oliy ta’lim tizimi uchun yangi davrning boshlanishi

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *