Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning “Xalq va armiya – bir tanu bir jondir” degan so‘zlari milliy armiyamizga berilgan yuksak bahodir.
Yangi Konstitutsiyamizning 64-moddasiga binoan:
“O‘zbekiston Respublikasini himoya qilish O‘zbekiston Respublikasi har bir fuqarosining burchidir. Fuqarolar qonunda belgilangan tartibda harbiy yoki muqobil xizmatni o‘tashga majburdirlar.”
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 15 noyabrdagi
**PQ–393-sonli “O‘quvchi-yoshlarni chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorlash tizimini yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”**gi qarori yuqori sinf o‘quvchilari uchun muhim yangilik bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Hozirgi kunda maktabimizda 11-sinf o‘quvchisi A. Matirov sardorligida 20 nafar a’zodan iborat “Vatan tayanchi” otryadi tashkil etilgan bo‘lib, chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik fanidan nazariy va amaliy mashg‘ulotlar yangicha uslubda tashkil etilmoqda.
O‘quvchi-yoshlar orasida saf tayyorgarligi, to‘siqlardan tezkorlik bilan o‘tish, favqulodda va ekstremal vaziyatlarda, jumladan zilzila hamda transport vositalarida avariya holatlari sodir bo‘lganda to‘g‘ri va aniq yordam ko‘rsatish, jabrlanganlarni evakuatsiya qilish va ularga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha mashg‘ulotlar izchil ravishda o‘tkazib borilmoqda.
Ayni paytda maktabimizning 3 nafar 11-sinf o‘quvchisi oliy harbiy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun tayyorgarlik ko‘rmoqda. Ular o‘z hayotlarini Vatan himoyasiga bag‘ishlashga qaror qilgan holda jismoniy tayyorgarlik va aniq fanlardan nazariy bilimlarini oshirish ustida ish olib bormoqda.
Bugungi kunda Yangi O‘zbekiston Qurolli Kuchlari to‘liq jangovar shay holatda. Armiyaning harbiy-texnik tayyorgarligi yildan-yilga izchil ravishda takomillashtirib borilmoqda.
“O‘zbekiston – 2030” strategiyasida ham Qurolli Kuchlarning qudrati, mamlakatning mudofaa qobiliyati va harbiy salohiyatini yanada oshirishga qaratilgan muhim vazifalar belgilab berilgan. Xususan, Qurolli Kuchlarning raqamli salohiyatini oshirish, harbiy xizmatchilarning zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirish, yuqori malakali harbiy kadrlarni tayyorlash tizimini muntazam takomillashtirish ustuvor maqsadlar qatoriga kiradi.
Denov tumani 30-son umumiy o‘rta ta’lim maktabi
“Vatan tayanchi” otryadi a’zolari:
Sarvinoz To’rayeva ,
Adiba Turdaliyeva .