O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasi xalqimiz va ko‘p millatli aholi tomonidan ko‘tarinki ruhda kutib olindi.
Zero, mamlakatimizda keyingi yillarda olib borilayotgan izchil ichki va tashqi siyosat yurtimizning xalqaro maydondagi o‘rnini mustahkamlash bilan bir qatorda, aholi turmush tarzini yaxshilashda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Prezidentimiz Sh.M. Mirziyoyevning Murojaatnomasida biron-bir soha yo‘qki, davlat rahbarining e’tiboridan chetda qolgan bo‘lsa.
Xususan, ta’lim sohasiga qaratilgan e’tibor biz, o‘qituvchi-pedagoglar va maktab rahbariyatini yanada ruhlantirdi. Amalga oshirilayotgan islohotlarni aniq va samarali natijalarga aylantirish maqsadida shahar va qishloqlarimizda zamonaviy maktablar hamda bog‘chalar qurilayotgani ayni haqiqat bo‘lib, xalqimiz buni o‘z ko‘zi bilan ko‘rib turibdi.
Ayniqsa, davlatimiz rahbari o‘z Murojaatnomasida 2026-yilda yurtimizda ilk bor maktab o‘quvchilari o‘rtasida nufuzli xalqaro kimyo va informatika olimpiadalari, Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar talabalari o‘rtasida muhandislik yo‘nalishlari bo‘yicha, shuningdek, Turkiy davlatlar texnikumlari o‘quvchilari o‘rtasida kasbiy yo‘nalishlarda xalqaro olimpiadalar o‘tkazilishi alohida ta’kidlab o‘tildi.
Shuningdek, Murojaatnomada mahallalardagi maktablarning shart-sharoitlariga qarab aholining islohotlarga baho berishi, mahalla tizimini rivojlantirish esa davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib kelgani va bundan buyon ham shunday bo‘lib qolishi qayd etildi.
Bundan tashqari, yangi yilda mahallalarda aholining, xususan, xotin-qizlarning sport bilan muntazam shug‘ullanishini ta’minlash, buning uchun zarur infratuzilmani yaratish maqsadida uch yillik dastur qabul qilinib, unga 1 trillion so‘m yo‘naltirilishi, mahalla yoshlarining kitobxonlikka bo‘lgan qiziqishini oshirish uchun maktab kutubxonalarini har yili 10 million dona badiiy adabiyotlar bilan ta’minlash rejalashtirilgani mamlakatimiz hayotida alohida o‘rin tutadi.
Murojaatnomani o‘qir ekanman, xalqimizning asrlar davomida qilgan orzu-umidlari bosqichma-bosqich ro‘yobga chiqayotganiga to‘la ishonch hosil qildim. Shuningdek, O‘zbekistondek ulkan imkoniyatlarga ega mamlakat fuqarosi ekanligimdan faxr va iftixor tuyg‘ulariga to‘ldim.
Gulchehra Jo‘rayeva,
Denov tumanidagi 76-umumiy o‘rta ta’lim maktabining, ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari.
