Sog‘liq – tuman boylik!

Sog‘liq — inson uchun bebaho ne’mat, eng katta boylikdir. Uni boshqa hech qanday boylik yoki moddiy ne’mat bilan qiyoslab bo‘lmaydi. Inson faqat sog‘lom bo‘lgandagina baxt, hayot zavqini to‘liq his eta oladi. Shu bois bugungi kunda dunyo bo‘yicha sog‘liqni saqlash masalasi har bir davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylangan.

O‘zbekiston ham bu borada faol harakat qilmoqda. Ayniqsa, murakkab operatsiyalarni amalga oshirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va chet ellarda davolanayotgan yurtdoshlarimizga mamlakat ichida shifo topish imkonini yaratish borasida katta qadamlar qo‘yilmoqda.

Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazida kardioxirurgiya, transplantologiya va neyro-qon tomir xirurgiyasi bo‘limlari uchun zamonaviy yangi bino qurilayotgani e’lon qilindi. Bu loyihaning asosiy maqsadi — og‘ir xastalikdan aziyat chekayotgan yurtdoshlarimizga yuqori texnologik shifobaxsh xizmatlar ko‘rsatish, ularning xorijga chiqmasdan, shu yerning o‘zida kerakli davoni olishiga sharoit yaratishdir.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ushbu tibbiyot inshooti qurilishi bilan bevosita tanishgani ham mazkur soha rivojiga qaratilayotgan e’tiborning yorqin ifodasidir.

Xabar.uz nashri muxbirining xabar berishicha, yangi qurilayotgan bo‘limlar eng zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlanadi. Yil davomida bu yerda 3 000 nafar bemorga yuqori texnologiyalarga asoslangan tibbiy xizmat ko‘rsatish imkoniyati yaratiladi. Ayniqsa, yurak-qon tomir kasalliklaridan aziyat chekuvchi bemorlar uchun bu katta imkoniyatdir. Chunki mazkur kasalliklar dunyo bo‘yicha eng ko‘p o‘lim holatlarining sababchisi hisoblanadi.

Bugun sog‘liqni saqlash sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, zamonaviy tibbiyot markazlarining bunyod etilishi, xorijiy tajriba va texnologiyalarning joriy qilinishi bir maqsadga — inson salomatligini asrashga xizmat qiladi. “Sog‘liq – tuman boylik” degan iboraning hayotiy haqiqat ekanini har birimiz kundalik hayotda tobora chuqurroq anglamoqdamiz. Bu yo‘nalishda qilinayotgan har bir tashabbus esa xalqimizga sog‘lom turmush tarzini ta’minlash, yurtimizda uzoq va baxtli hayot kechirish uchun keng imkoniyatlar yaratmoqda.

Ulug’oy Hamrayeva,
Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti Rus tili va adabiyoti kafedrasi o‘qituvchisi
.

Previous post Tabiat va inson
Next post