
Aholi sonining ortib borishi, fan va texnika taraqqiyoti, inson ehtiyojlarining keskin ko‘payishi natijasida yer yuzida qator ekologik muammolar yuzaga keldi. Shu sababli bugungi kunda sof va buzilmagan tabiat haqida so‘z yuritish tobora mushkul bo‘lib bormoqda.
Yer yuzidagi o‘rmonlar ko‘payish o‘rniga, aksincha, qisqarib bormoqda. Katta-katta tabiiy hududlar dehqonchilik qilish maqsadida o‘zlashtirilmoqda. Atmosfera turli chiqindilar va zararli gazlar hisobiga tobora ifloslanmoqda. Bundan tashqari, tabiatda toshqinlar, o‘rmon yong‘inlari, chang bo‘ronlari kabi xavfli tabiiy hodisalar yuzaga kelmoqda. Bu holatlar, albatta, tabiat muvozanatiga jiddiy putur yetkazmoqda.
Aynan shuning uchun davlatimiz rahbari Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida jahon hamjamiyati e’tiborini zamonamizning eng dolzarb muammolaridan biri — Orolbo‘yi hududidagi ekologik ahvolga qaratdi. U o‘z nutqida quyidagilarni ta’kidladi: “Bugungi kunda har bir mamlakat bu jarayonning salbiy ta’sirini his etmoqda. Ming afsuski, bunday o‘zgarishlar Markaziy Osiyo taraqqiyotiga ham katta xavf tug‘dirmoqda.”
Tabiat bilan inson o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar xarakteri ekologik muvozanatni ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Ekologik xavf bugungi kunda tobora keng tus olib, butun insoniyatni bu borada jiddiy choralar ko‘rishga, atrof-muhitni asrash va muhofaza qilish haqida chuqurroq o‘ylashga majbur qilmoqda.
Ulug’oy Hamrayeva,
Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti Rus tili va adabiyoti kafedrasi o‘qituvchisi.