Turizm rivoji va ekologik muammolar: so‘lim go‘shalarni asrab qolish barchamizning vazifamiz

Umida Jumayeva,
Marjona Qudratova,
Shodiyona Alimardonova,
Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti talabalari.

                                                                 Annotatsiya:

Mazkur maqolada O‘zbekistonda, xususan, Surxondaryo viloyatining Sangardak qishlog‘i misolida ichki turizm rivoji va unga bog‘liq ekologik muammolar yoritilgan. So‘nggi yillarda go‘zal tabiiy hududlar turistik zonalarga aylantirilayotgani quvonarli bo‘lsa-da, u yerda chiqindi muammosi kuchayib borayotgani xavotir uyg‘otmoqda. Muallif maqolada turizm va tabiat o‘rtasidagi muvozanatni saqlash zarurligiga urg‘u berib, chiqindilarni kamaytirish va atrof-muhitni muhofaza qilishga oid amaliy takliflarni ilgari suradi.

Kalit so‘zlar: turizm, ekologiya, chiqindi muammosi, tabiatni asrash, Sangardak qishlog‘i, Sangardak sharsharasi, Surxondaryo, ekoturizm, atrof-muhit, sayyohlik madaniyati, chiqindilar, tabiat muhofazasi, ichki turizm, tabiiy go‘shalar, barqaror rivojlanish.

So‘nggi yillarda mamlakatimizda turizm sohasining jadal rivojlanayotgani quvonarli hol. Go‘zal tabiati, betakror manzaralari, toza havosi va madaniy boyliklari bilan ajralib turuvchi hududlar turistik zonalarga aylantirilmoqda. Bu, albatta, iqtisodiy daromad, infratuzilma rivoji, yangi ish o‘rinlari va xalqaro e’tibor deganidir. Ammo turizm rivojining soyasida paydo bo‘layotgan muammo bor: bu — atrof-muhitning ifloslanishi, chiqindilarning nazoratsiz ko‘payishi va tabiiy muvozanatning buzilishi.

Avvalo shuni aytish kerakki, insoniyatning tabiiy resurslarga nisbatan munosabati har doim ikki qirrali bo‘lgan: bir tomonda ulardan foydalanish, ikkinchi tomonda esa ularni saqlab qolish. Afsuski, turistik hududlarda ko‘pincha faqat birinchi tomon — foydalanish ustun kelmoqda.

Qashqadaryo, Farg‘ona, Surxondaryo, Jizzax va boshqa hududlardagi tabiiy go‘shalar — tog‘lar, soylar, oromgohlar, maskanlar, o‘zining betakror manzaralari bilan sayyohlarni o‘ziga tortmoqda. Ammo bu hududlarda chiroyli manzara ortida ko‘plab plastik butilkalar, selofan qoplar, yong‘in izlari, yo‘q qilinayotgan daraxtlar ko‘zga tashlanmoqda. Sayyohlar oqimi ortib borar ekan, chiqindilarni yig‘ish va qayta ishlash tizimi yetarli darajada yo‘lga qo‘yilmagani bu muammoni yanada kuchaytirmoqda.

Sangardak qishlog‘i va turizm

Surxondaryo viloyatining Sariosiyo tumanida joylashgan Sangardak qishlog‘i o‘zining tabiiy go‘zalligi bilan sayyohlarni jalb qilmoqda. Eng mashhuri — Sangardak sharsharasi, O‘zbekistonning eng baland sharsharalaridan biri, tabiat muxlislariga katta zavq bag‘ishlaydi. Sharshara atrofida qulay dam olish maskanlari, temir panjaralar va ayvonchalar barpo etilgan. Shu bilan birga, yaqinida joylashgan zamonaviy “Sangardak” sanatoriyasi sog‘lomlashtirish uchun xizmat ko‘rsatadi.

Ammo, sayyohlar sonining ortishi bilan birga, chiqindi muammosi ham kuchaymoqda. Sayyohlar tashlab ketgan plastik butilkalar, oziq-ovqat qadoqlari, plastik paketlar va boshqa chiqindilar tabiatning sof qiyofasini buzmoqda. Bu chiqindilar nafaqat yer yuzasini, balki sharshara va yaqin atrofdagi o‘simlik hamda hayvonot dunyosini ham zarar yetkazmoqda. Nazoratsiz qoldirilgan chiqindilar sabab, tabiiy go‘zal joylar ifloslanib, sayyohlar soni kamayishi va tabiiy muvozanat buzilishi xavfi paydo bo‘lmoqda.

Shuningdek, ko‘plab yangi qurilishlar, yo‘llar, dam olish maskanlari tabiiy muhitga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Ba’zan qonuniy hujjatlarsiz daraxtlar kesilmoqda, hayvonot dunyosiga zarar yetmoqda, suv manbalari ifloslanmoqda. Bu esa uzoq muddatda ekologik muvozanatni izdan chiqarib, inson salomatligiga ham xavf tug‘diradi.

Yechim va takliflar

Muammoning yechimi bor, faqat bu borada barqaror, ongli va mas’uliyatli yondashuv talab etiladi:

1. Ekoturizm konsepsiyasi joriy qilinishi – sayyohlik infratuzilmasi qurilar ekan, u atrof-muhitga zarar yetkazmaydigan shaklda bo‘lishi lozim.

2. Chiqindi tashlash va qayta ishlash tizimi — har bir turistik hududda maxsus konteynerlar, chiqindi ajratish punktlari bo‘lishi shart.

3. Axborot va targ‘ibot ishlari — mehmonlarga ekologik madaniyatni tushuntiradigan belgilar, bannerlar, video lavhalar joylashtirilishi kerak.

4. Mahalliy aholi ishtirokini ta’minlash — aholiga turizm bilan birga tabiatni asrash mas’uliyati ham yuklanishi kerak.

5. Qonunchilikni kuchaytirish — noqonuniy daraxt kesish, chiqindi tashlash kabi harakatlar uchun qat’iy javobgarlik belgilanishi zarur.

Xulosa qilib aytganda, turizm — mamlakat ravnaqi uchun muhim vosita. Ammo bu rivoj barobarida tabiatga e’tibor berilmasa, bugungi foyda ertangi katta yo‘qotishlarga olib kelishi mumkin. Har birimiz — sayyoh bo‘lamizmi, tadbirkor, mahalliy aholi yoki amaldor — tabiatga nisbatan mehr bilan qarashimiz kerak. Axir biz asray olmagan go‘zalliklarni keyingi avlodlar hech qachon ko‘rmasligi mumkin.

Previous post Badiiy nutqda konstruktiv bo‘laklar ishtiroki
Next post Zamonaviy ta’limda adabiyot o‘qitishning innovatsion metodlari