Badiiy nutqda konstruktiv bo‘laklar ishtiroki

Annotatsiya
Mazkur maqolada badiiy nutqda konstruktiv bo‘laklar, xususan, kesimning grammatik va semantik-funksional ko‘rinishlari tahlil qilingan. Xurshid Do‘stmuhammadning “Hijronim mingdur mening” asaridan olingan misollar asosida kesimlik kategoriyasi grammatik va semantik-funksional shakllangan gaplar orqali o‘rganiladi. Kesim orqali badiiy nutqda muallif pozitsiyasi, hissiy-emotsional fon va voqeaga munosabat ifodalanishi yoritilgan.

Kalit so‘zlar: kesim, grammatik shakl, semantik-funksional gap, so‘z-gap, konstruktiv bo‘lak, badiiy nutq.


Kirish
Badiiy nutq – san’atkorona ifoda vositalari orqali hayotiy voqelikni obrazli tasvirlaydigan murakkab til tizimidir. Bu tizimning tuzilishida gapning asosiy konstruktiv bo‘laklari muhim o‘rin tutadi. Ayniqsa, kesim gapning sintaktik markazi sifatida, fikrning asosi va voqelikka munosabatni bildiruvchi birlik sifatida ajralib turadi. Badiiy nutqda kesim orqali nafaqat harakat, holat yoki voqelik bayon etiladi, balki muallifning dunyoqarashi, hissiy holati va bahosi ham namoyon bo‘ladi. Shuning uchun badiiy asarlarda kesimlik kategoriyasining grammatik va semantik-funksional imkoniyatlarini tahlil qilish muhim ahamiyatga ega.


Asosiy qism

Kesimning grammatik va semantik-funksional imkoniyatlari

Kesimning nutqiy imkoniyatlari uning gapda tutgan sintaktik va semantik o‘rniga bog‘liq. Bu imkoniyatlar ikki asosiy holatda ko‘zga tashlanadi:

  1. Grammatik-morfologik shakllarda voqealanishi – bunday hollarda kesim odatda fe’l asosida zamon, shaxs-son, nisbat, inkor, modal birliklar orqali ifodalanadi. Bular asosan an’anaviy xabarlovchi gaplarda uchraydi.
  2. Semantik-funksional ifodalanishi – bu holatda esa kesim grammatik jihatdan to‘liq shakllanmagan bo‘lib, u gapning mazmuni, konteksti yoki muallifning emotsional ifodasi orqali anglashiladi.

Grammatik shakllangan gaplar

Grammatik shakllangan gaplarda kesim sintaktik jihatdan to‘la va aniq bo‘lib, u orqali voqea haqida xolis, aniq axborot beriladi. Quyidagi misollar buni tasdiqlaydi:

  1. Sizga esa yurak yutib o‘g’iz ocholmadim. – Bu yerda “ocholmadim” kesimi inkor va imkon modalityasini bildiradi.
  2. Har kishida umrining oxirigacha go‘daklik tuyg‘usi saqlanadi. – Harakat zamon kategoriyasida ifodalangan.
  3. Bu qadar ta’sirchanligimdan hayron qoldim. – Kesim hissiy reaksiyani bildiradi.
  4. Xatingizni takror-takror o‘qidim. – Harakat davomiyligiga urg‘u berilgan.
  5. Yodingizda bo‘lsa, o‘shanda ham asl javohir haqida so‘ragansiz. – Xotira va taxmin aralashgan kesim shakli.

Bu kabi misollar grammatik jihatdan to‘liq, an’anaviy gap qurilmasi asosida tuzilgan bo‘lib, ular orqali voqelikning aniqligi ta’minlanadi.

Semantik-funksional shakllangan gaplar

Bu turdagi gaplarda esa kesim grammatik jihatdan butunlay ifodalanmagan bo‘lishi mumkin. Ammo gap konteksti, ohang, emotsional fon, undov va taqlid so‘zlar, modal birliklar orqali ma’no to‘liq anglashiladi. Bu holat badiiy asarlarda ko‘proq kuzatiladi, chunki muallif obrazli ifodaga intiladi.

  1. Ayol-qizlar uchun esa, eh-he-e! – Bu yerda kesim yo‘q, lekin hissiyot kuchli ifodalangan.
  2. Axir, siz begonasiz… – Modal-sarlavhali gap bo‘lib, shaxsiy munosabat ifoda etilgan.
  3. Niyatim bitta, xolos – Sizga begona emasligimni bildirish! – Maqsadga qaratilgan ifoda.
  4. Oh, qandayin bokira sevgi malaklari… – Hayrat va zavq hissi kuchli, lekin grammatik kesim mavjud emas.
  5. Xo‘p deng, Xudodan so‘rang. – Undov va topshiriq ifodasi birlashtirilgan.

Bu kabi gaplar muallifning emotsional munosabatini, ichki kechinmalarini ifodalashda muhim vosita sifatida xizmat qiladi. Semantik-funksional gaplar o‘quvchiga ta’sir ko‘rsatish quvvatiga ega bo‘lib, badiiy nutqqa obrazlilik, hissiylik bag‘ishlaydi.


Badiiy asarlarda kesimning estetik-funksional yuki

Xurshid Do‘stmuhammadning “Hijronim mingdur mening” asarida har bir gap – bu muallifning ichki olami, his-tuyg‘ulari, hayot falsafasi ifodasi. Asarda kesim orqali nafaqat voqea bayon etiladi, balki ichki kurash, iztirob, armon, muhabbat kabi murakkab psixologik holatlar ham tasvirlanadi. Jumladan, quyidagi misolda:

“O‘shanda jim-jit yurak hovuzida nimalardir g‘uvillab o‘tdi…”

Bu yerda “g‘uvillab o‘tdi” fe’l-kesim emas, balki badiiylik vositasi sifatida ichki kechinmaning tasviri. Aslida, bu kabi jumlalar badiiy tafakkur mahsuli bo‘lib, sintaktik tahlilga emas, estetik bahoga loyiq.


Xulosa

Xulosa qilib aytganda, badiiy nutqda konstruktiv bo‘lak sifatida kesim ikki yo‘nalishda ishlatiladi: grammatik shaklda – axborot berish uchun, semantik-funksional shaklda esa – emotsional, obrazli, estetik ifoda uchun. Xurshid Do‘stmuhammad ijodi bunga yaqqol misoldir. Uning asarlarida kesim badiiy tafakkurning markaziy elementi sifatida, fikrni estetik tarzda yetkazishda asosiy vosita bo‘lib xizmat qiladi.

Bunday tahlillar kelgusida badiiy matn sintaksisi, badiiy tilning funksional-stilistik tahlili kabi yo‘nalishlarda tadqiqot olib borishga asos bo‘la oladi.

Nilufar Saitova,
Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti Filolgiya fakulteti oʻzbek tili va adabiyoti kafedrasi oʻqituvchisi.

Mahliyo Qarshiyeva, Malika Xursanova,
Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti talabalari.

Previous post Normurod Norqobilovning “Tog’dagi yolg’iz odam“ qissasida sodda gaplarning qo’llanishi
Next post Turizm rivoji va ekologik muammolar: so‘lim go‘shalarni asrab qolish barchamizning vazifamiz