Boshlang‘ich ta’limda milliy tarbiyaning ahamiyati

Milliy tarbiya har bir millatning ma’naviy qomusini shakllantiradigan, uning an’anaviy qadriyatlarini kelajak avlodga yetkazadigan muhim omillardan biridir. Bugungi kunda globallashuv jarayonlari kuchaygan bir paytda milliy o‘zlikni asrash, yosh avlodning ongiga vatanparvarlik, milliy g‘urur, urf-odat va an’analarni singdirish alohida ahamiyat kasb etmoqda. Ayniqsa, bu jarayonni boshlang‘ich ta’lim bosqichidanoq boshlash lozim.
Milliy tarbiya — bu farzandlarni o‘z milliy madaniyati, tili, urf-odatlari, tarixiy merosi va milliy qahramonlari ruhida tarbiyalashdir. Bu tarbiya bolalarda, Vatanga muhabbat, o‘z ona tilini ardoqlash, milliy qadriyatlarga hurmat, kattalarga hurmat, kichiklarga mehr, mustaqillik va davlat ramzlariga ehtirom kabi tuyg‘ularni shakllantiradi.
Boshlang‘ich maktab — bolaning shaxsiy kamolotga ilk qadam qo‘yadigan muhim bosqichdir. Shu sababli, o‘qituvchilar tomonidan milliy tarbiyani bolalar ongiga singdirishda quyidagi uslublar samarali hisoblanadi. Dars jarayonlarida milliy mavzularni qo‘llash, adabiyot, musiqa, tarix va atrof-muhit darslarida milliy qahramonlar, xalq ertaklari, maqol-matallardan keng foydalanish, milliy bayramlar va an’analarni o‘rgatish Navro‘z, Mustaqillik kuni, Ustoz va murabbiylar kuni kabi milliy bayramlar mazmunidagi tadbirlarni o‘tkazishdir.
Boshlang‘ich ta’limda milliy tarbiyani to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish — kelajakda milliy o‘zligini anglaydigan, ona yurtini ardoqlaydigan, ma’nan boy va mas’uliyatli shaxslarni voyaga yetkazishda asosiy poydevor bo‘ladi. Milliy tarbiyaning ta’siri nafaqat bolaning shaxsiy rivojiga, balki butun jamiyatning barqaror taraqqiyotiga xizmat qiladi. Shu boisdan, har bir o‘qituvchi va tarbiyachi ushbu masalaga jiddiy yondashishi zarur. Har qaysi millatning taraqqiyoti va barqarorligi uning ma’naviy va madaniy asoslariga bog‘liq. Milliy tarbiya — bu yosh avlodning ongi va qalbida vatanparvarlik, milliy o‘zlik, tarixiy xotira va ma’naviy merosga ehtirom ruhini shakllantiradigan uzviy jarayondir. Boshlang‘ich ta’lim — bu jarayonning ilk va eng muhim bosqichidir, chunki bola aynan shu davrda hayot va jamiyat haqidagi asosiy tasavvurlarga ega bo‘ladi.
Milliy tarbiya bu — bolani o‘z xalqining tarixi, madaniyati, tili, an’anasi, urf-odatlari va milliy qadriyatlari asosida tarbiyalashdir. Bu jarayonda bola nafaqat bilim oladi, balki o‘zini shu xalqning bir bo‘lagi ekanini his etadi, milliy iftixor, mas’uliyat va vatanga sadoqat tuyg‘ularini anglaydi. Boshlang‘ich ta’lim bolaning shaxsiy rivojlanishida asosiy bosqich hisoblanadi. Ushbu bosqichda berilgan milliy tarbiya bolaning axloqiy va ma’naviy kamolotiga asos soladi, unda milliy merosga hurmat uyg‘otadi, vatan, xalq va ona tilga bo‘lgan muhabbatni shakllantiradi, jamiyatda o‘z o‘rnini topishga yo‘naltiradi. Milliy tarbiyani amalga oshirish yo‘llari dars jarayoni orqali tarbiya, adabiyot, tabiatshunoslik, mehnat ta’limi kabi fanlar orqali milliy mavzularni qamrab olish. Masalan, xalq ertaklari, afsonalar va mashhur shaxslar hayotini o‘rgatish. Milliy bayramlar (Navro‘z, Istiqlol kuni), milliy kiyimlar kuni, xalq og‘zaki ijodi kechalari, milliy taomlar ko‘rgazmasi kabi tadbirlar orqali bolalarda milliy qadriyatlarga qiziqish uyg‘otish, milliy tarbiyaning asosi oilada qo‘yiladi. Maktab va ota-ona o‘rtasida hamjihatlik bo‘lsa, boladagi milliy tarbiya yanada mustahkamlanadi. Darslar va maktab hayotida o‘zbek tiliga bo‘lgan ehtiromni kuchaytirish, xalq orasidagi maqollar, kuy-qo‘shiqlar va she’riyatdan foydalanish orqali bolaning nutq madaniyatini rivojlantiradi. Boshlang‘ich ta’limda milliy tarbiyani samarali tashkil etish — kelajakda yuksak ma’naviyatli, vatanparvar, bilimli va mas’uliyatli avlodni tarbiyalashning poydevoridir. Milliy qadriyatlar asosida tarbiyalangan har bir yosh o‘z xalqi, ona yurti va tili bilan faxrlanadi, jamiyatga manfaat keltiradigan insonga aylanadi. Shu boisdan, har bir ustoz, ota-ona va ta’lim muassasasi milliy tarbiya masalasiga jiddiy yondashishi, uni zamonaviy vositalar bilan boyitishga harakat qilishi darkor.

Gulchehra Mo‘minova,
Sho‘rchi tumanidagi 14-umumta’lim maktabining boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi.

Previous post Tarbiyaning yetishmovchiligi yoki umumiy e’tiborsizlik
Next post Normurod Norqobilovning “Tog’dagi yolg’iz odam“ qissasida sodda gaplarning qo’llanishi