Tarbiyaning yetishmovchiligi yoki umumiy e’tiborsizlik

         Inson kamoloti va jamiyat taraqqiyoti, avvalo, oilada va atrof-muhitda beriladigan tarbiyaga chambarchas bog‘liq. Tarbiya – bu faqat odob-axloq qoidalarini o‘rgatish emas, balki shaxsning dunyoqarashi, mas’uliyat hissi va ijtimoiy burchini shakllantiruvchi muhim omildir. Afsuski, bugungi kunda bu masalaga yetarlicha e’tibor berilmagani bois, yoshlar orasida beparvolik, hurmatsizlik, va hatto zo‘ravonlik kabi salbiy holatlar ko‘payib bormoqda

         Yaqinda guvohi bo‘lgan bir noxush holat meni chuqur o‘ylantirib qo‘ydi. Bir yigit bir qizni ko‘chada sudrab, uni mashinaga majburlab mindirishga urinar edi. Qiz esa ochiqchasiga qarshilik qilayotgan edi. Atrofda odamlar ko‘p, yoshi katta amakilar, akalar ham bor edi. Biroq hech kim aralashmadi, bir og‘iz so‘z aytmadi. Ba’zi odamlar buni “qarindoshlar bo‘lsa kerak” deb o‘ylagandir, lekin agar haqiqatan yaqin insoni bo‘lsa, qiz bu darajada qarshilik ko‘rsatmasdi, deb o‘ylayman. Ular hali 16–17 yoshlarda edi. O‘zim borib so‘z aytmoqchi bo‘ldim, lekin yigitning vajohatini ko‘rib cho‘chib, yaqinlasha olmadim.

         O‘ylaymanki, agar yoshi kattalar bunday holatlarda sukut saqlab, chetda kuzatuvchi bo‘lib qolaversalar, ertaga bu holatlarni ko‘rib ulg‘aygan bolalar uchun bu kabi zo‘ravonliklar odatiy va hatto oqlanadigan holga aylanadi. Natijada, o‘z harakatlarining ijtimoiy xavfini anglamaydigan, insoniy fazilatlardan yiroq shaxslar yetishib chiqadi. Bu esa jamiyatda salbiy kayfiyatli, befarq qatlamning shakllanishiga olib keladi.

         Savol tug‘iladi: bu holat — noto‘g‘ri tarbiyaning natijasimi yoki jamiyatdagi umumiy e’tiborsizlikning achchiq mevasi? Har qanday holatda ham bu kabi masalalar har birimizni chuqur o‘ylantirishi, befarq bo‘lmaslikka chorlashi lozim.

         Yana bir holat meni chuqur o‘yga toldirdi. Ko‘chada bir ona kichkina bolasiga yegulik olib berarkan, «Bugun sen ye, ertaga meni boqasan», deb aytdi. Bu oddiy, kulgili eshitiladigan jumla emas. Balki, bu yosh bolaning hali shakllanmagan ongiga mas’uliyatdan ko‘ra, majburiyatni, mehrdan ko‘ra qarzni singdiruvchi og‘ir yukdir. Axir tarbiya bolaga mehr, e’tibor va ishonch berish orqali uni insoniylik sari yetaklashdir. Farzandga kichikligidan boshlab «menga qarzsan», «meni boqasan», degan ma’nodagi fikrlarni singdirish, uni tabiiy mehrdan emas, majburiyat hissidan kelib chiqib harakat qiluvchi, ehtimol, sovuqqon yoki yuzaki inson qilib tarbiyalaydi.

         Bu yerda ham savol tug‘iladi: ona buni mehr ila aytdimi, yo unga shu yo‘sindagi tarbiya berilgani sababli shunday deb o‘ylaydimi? Har ikkala holatda ham bu — ijtimoiy ongda chuqur ildiz otgan noto‘g‘ri tushunchaning natijasidir. Bolaning ongi hali oppoq sahifa — unga qanday so‘z yozilsa, keyinchalik hayotga ham shunday qaraydi. Mehrga asoslangan tarbiya o‘rniga, majburiyat va qarzdorlik bilan yo‘g‘rilgan so‘zlar uning tabiiy mehr-muhabbat tuyg‘ularini bosib qo‘yishi mumkin.

         Shunday qilib, bu vaziyat ham bizni yana o‘sha savolga olib boradi: bu — tarbiya deb o‘ylangan, ammo aslida e’tiborsizlik, bexabarlik va noto‘g‘ri qadriyatlar natijasi emasmi?

         Xulosa o‘rnida shuni aytishimiz mumkinki, Jamiyatda yuz berayotgan salbiy holatlarni ko‘rib, ularni faqat «noto‘g‘ri tarbiya» yoki «odamlarning befarqligi» bilan izohlash oson. Ammo masalaning ildiziga nazar tashlasak, bu ikki omil bir-biriga chambarchas bog‘langanini ko‘ramiz. E’tiborsizlik — noto‘g‘ri tarbiyaning natijasi bo‘lishi mumkin, noto‘g‘ri tarbiya esa e’tiborsizlikni davom ettiradi. Bu — bir-birini to‘ldirib, kuchaytiradigan, oxir-oqibat esa jamiyatni yemiradigan jarayondir.

         Farzandni tarbiyalash — bu faqat tanani boqish emas, bu ruh va qalbni oziqlantirish, unga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatish, mehr berish, nima to‘g‘ri va nima noto‘g‘ri ekanini tushuntirishdir. Tarbiya ko‘p hollarda og‘zaki emas, amaliy ifodada, ya’ni kattalarning o‘rnak bo‘lishi orqali shakllanadi. Kattalar befarq bo‘lsa, yoshlar ham befarqlikni o‘rganadi. Kattalar zo‘ravonlikni ko‘rib jim tursa, yoshlar buni normal hol deb qabul qiladi. Kattalar bolaga «meni boqasan» deb o‘zini qarzdor qilib qo‘ysa, u mehr emas, majburiyat bilan ulg‘ayadi.

         Shu bois, har birimiz avvalo o‘zimizdan boshlashimiz, jamiyatdagi kichik ko‘rinadigan har bir holatga loqayd bo‘lmasligimiz, so‘zimiz va harakatimiz bilan farzandlarimizga nurli yo‘l ko‘rsatishimiz lozim. Chunki bugungi befarqlik — ertangi jamiyatning yuzini belgilaydi.

DTPI Filologiya: O’zbek tili yo’nalishi 3-bosqich talabalari
Fotima Rustamova va Nargiza Muhammadiyeva

Ilmiy rahbar: O’zbek tili va adabiyoti kafedrasi o’qituvchisi Nilufar Saitova .

Previous post Axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish
Next post Boshlang‘ich ta’limda milliy tarbiyaning ahamiyati