“Dolzarb 90 kunlik” — Denov yoshlari faoliyatda, ijodda va ilmdagi o‘z o‘rnini topmoqda

Denov tumanidagi 2-umumiy o‘rta ta’lim maktabida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan e’lon qilingan “Dolzarb 90 kun” loyihasi doirasida navbatdagi tadbir bo‘lib o‘tdi. Tadbirda tuman Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi boshlig‘ining o‘rinbosari Abdulla Toirov, 2-umumiy o‘rta ta’lim maktab direktori Feruza Esanova, Mahalla yettiligi a’zolari, to‘garak rahbarlari, ota-onalar va yoshlar ishtirok etdi.

Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, joriy yil 15-may kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida ta’lim tizimidagi islohotlar muhokama qilingan edi. Unda yoshlar tarbiyasi, ularning salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarish hamda bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish borasida “Dolzarb 90 kunlik” loyihasi ishlab chiqilib, uni 1-iyundan 30-avgustgacha amalga oshirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Mazkur tashabbus doirasida yoshlarda ijtimoiy faollikni oshirish, ularni sport, san’at, fan, texnologiya va kasb-hunar to‘garaklariga jalb qilish, shuningdek, zamonaviy kasbiy ko‘nikmalarni rivojlantirish kabi bir qator ustuvor yo‘nalishlar belgilab olingan. Ayniqsa, yozgi ta’til davomida maktab sport maydonchalari, laboratoriyalar, san’at va adabiyot kechalari, intellektual o‘yinlar, ijod markazlari hamda IT kurslari orqali yoshlar bandligini ta’minlash rejalashtirilgan.

Denov tumanidagi 2-maktabda o‘tkazilgan ochilish tadbirida Abdulla Toirov “Dolzarb 90 kunlik” dasturining ahamiyati, yoshlar tarbiyasidagi o‘rni va tuman miqyosida olib borilayotgan tayyorgarlik ishlari haqida so‘z yuritdi.

Tadbir davomida maktab to‘garaklarida faol ishtirok etayotgan o‘quvchilar tomonidan tayyorlangan ijodiy ishlardan iborat ko‘rgazmalar tashkil etildi. Qo‘l mehnati mahsulotlari, musiqiy chiqishlar, raqslar namoyish etildi. Ayniqsa, “Turon maktab teatri” jamoasi a’zolari tomonidan yozuvchi Xudoyberdi To‘xtaboyevning “Sariq devni minib” asari asosida sahnalashtirilgan tomosha tomoshabinlar e’tiborini tortdi.

Xulosa o‘rnida, “Dolzarb 90 kunlik” loyihasi nafaqat yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish, balki ularni ijodkorlik, texnologik savodxonlik va ijtimoiy faollikka yo‘naltirishga xizmat qilmoqda. Bu kabi tadbirlar yoshlar orasida milliy qadriyatlarni qadrlash, vatanga sadoqat va ma’naviy yuksalishga bo‘lgan intilishni kuchaytirishga xizmat qiladi.

Roziya Jalilova,
Denov tumanidagi 2-maktab o‘qituvchisi.

Previous post Adabiyot darslarini tashkil etishda interfoal usullar
Next post Axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish