So‘nggi yillarda o‘zbek tili va adabiyotini rivojlantirish, tilimizning davlat tili sifatidagi nufuzini oshirishga qaratilgan bir qancha samarali ishlar amalga oshirilmoqda. Til siyosatini takomillashtirish bo‘yicha yaratilgan huquqiy asoslar davlat tili nufuzining oshishiga xizmat qilmoqda. Bugun milliy yetakchimiz boshchiligida tilimizni asrab-avaylash maqsadida bir nechta qonun va farmonlar qabul qilindi. Jumladan, “O‘zbek tili bayrami kuni” qonun bilan belgilandi. Tilga bo‘lgan e’tibor amaliyotga joriy qilinib, u mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho ma’naviy boylik va buyuk qadriyat sifatida e’tirof etilmoqda.
Yoshlarimizni vatanparvarlik, milliy an’ana va qadriyatlarga sadoqat, ajdodlarimizning boy ma’naviy merosiga hurmat ruhida tarbiyalashda tilimizning o‘rni beqiyos.
Qo‘shma gap — bu bog‘lovchi yoki intonatsiya yordamida tuzilgan, mazmunan o‘zaro bog‘liq bo‘lgan ikki va undan ortiq sodda gaplarning birikmasidir. Qo‘shma gaplar turli vosita va usullar bilan hosil qilinadi. Ayniqsa, nisbiy so‘zlar ishtirokidagi qo‘shma gaplar o‘quvchilar uchun murakkabroq mavzu hisoblanadi.
Nisbiy so‘zlar bilan tuzilgan qo‘shma gaplar – olmoshlar yordamida bog‘langan gaplardir. Bunda bosh gap ko‘rsatish olmoshi bilan, ergash gap esa so‘roq olmoshi bilan ifodalanadi. Bu olmoshlarning vazifasi faqatgina so‘roq berish yoki ishora qilish emas, balki gaplar orasida mantiqiy bog‘liqlikni ta’minlashdan iboratdir.
Mazkur mavzuni tushuntirishda quyidagi interfaol usullardan foydalanish maqsadga muvofiqdir:
1-usul: “Kim chaqqon, kim zukko?” o‘yini
O‘quvchilar ikki guruhga bo‘linadi. Guruhlarga qizil va sariq kartochkalar beriladi. O‘qituvchi tomonidan o‘qilgan qo‘shma gaplar tahlil qilinadi:
- Agar gap nisbiy so‘zlar yordamida bog‘langan bo‘lsa – qizil kartochka,
- Agar boshqa vosita bilan bog‘langan bo‘lsa – sariq kartochka ko‘tariladi.
Misollar:
- Kim chaqqon bo‘lsa, o‘sha g‘olib bo‘ladi. ✅ (nisbiy so‘zli)
- U jilmayib turdi-da, sekin chiqib ketdi. ❌
- Qayerda tartib bo‘lsa, o‘sha yerda taraqqiyot bo‘ladi. ✅
- Men nimani so‘rasam, o‘shani olib keladi. ✅
- Doim harakatda bo‘l, negaki harakatdagi kishi baxtli bo‘ladi. ❌
- Qachon kelsang, o‘shanda boraman. ✅
- Uni sog‘inmasligi mumkin, ammo ora-sira eslab turadi. ❌
- Kimki samimiy va pokdil bo‘lsa, uning ishlari o‘ngidan keladi. ✅
2-usul: “Bulutcha va tomchilar” metodi
O‘quvchilar beshta guruhga bo‘linadi. Har bir guruhga gap bo‘lagi (ega, kesim, hol, aniqlovchi, to‘ldiruvchi) nomidagi chelakchalar beriladi. O‘qituvchi tomonidan o‘qilgan nisbiy so‘zli qo‘shma gaplarni o‘quvchilar mazmuniga ko‘ra kerakli chelakchaga joylashtiradilar. Shu orqali ular ergash gap qanday sintaktik vazifada kelayotganini aniqlaydilar.
3-usul: “O‘zing tuz” metodi
O‘qituvchi tomonidan oddiy sodda gaplar aytiladi. O‘quvchilar bu gaplarni nisbiy so‘zlar yordamida bog‘langan qo‘shma gap shaklida qayta tuzadilar.
Masalan:
- Harakat qilgan baraka topadi → Kim harakat qilsa, o‘sha baraka topadi.
Qo‘shma gaplar mavzusi maktab darsliklarida ko‘p hollarda mujmal tarzda yoritilgan. Xususan, nisbiy so‘zlar yordamida tuzilgan qo‘shma gaplar haqida darsliklarda to‘laqonli tushuncha berilmagan. Shuningdek, ergash va bosh gapni ajratishdagi “ma’nosi izohlanayotgan gap – bosh gap” tarzidagi qoidalar o‘quvchilar uchun murakkablik tug‘diradi. Bunday mavzularni oson tushunarli qilib yetkazish uchun:
- qisqa va aniq tushunchalar,
- amaliy mashg‘ulotlar,
- o‘yinli metodlar,
- jamoaviy ishlash imkoniyatlari keng qo‘llanilishi lozim.
Shuningdek, darsliklardagi mashqlar bir xillikdan holi bo‘lishi, turli xil jadval va topshiriqlar bilan boyitilishi, o‘quvchining mustaqil fikrlash qobiliyatini oshiruvchi tarzda tuzilishi kerak.
Zero, o‘yinli mashqlar orqali o‘quvchilarda qiziqish ortadi, ustoz esa darsni ko‘proq amaliyotga asoslangan holda olib borishga intiladi. Bu esa o‘z navbatida sifatli ta’limga xizmat qiladi.
Sayyora Jumanazarova, Dilbar Nazarova , Sevara Fotihova,
Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti 3-bosqich talabalari.