MASOFAVIY TA’LIMNING AFZALLIKLARI

Ta’lim barcha xalqlar uchun eng muhim sohalardan biri hisoblanadi. Chunki barcha sohalarning rivojlanishi ta’lim tizimini takomillashtirish bilan chambarchas bog‘liq. Ta’lim tizimini isloh qilish orqali xalqning, jamiyatning fikrlash doirasi va savodxonligi ortadi.

Bugungi kunda ko‘pchilik internetdan faqat yangiliklar bilan tanishish, axborot izlash, elektron pochtadan foydalanish yoki muloqot qilish uchun foydalanmoqda. Internet imkoniyatlari esa kundan-kunga kengayib bormoqda. Masalan: masofadan o‘qitish, elektron kutubxonalar, telemeditsina, telemetrologiya, elektron tadbirkorlik, onlayn do‘konlar va masofaviy ta’lim kabi sohalarni ko‘rsatish mumkin.

Masofaviy ta’limning boshlanishi 1700-yillarga borib taqaladi. 1728-yilda Kaleb Fillips Boston gazetasiga e’lon berib, talabalarni maktub almashuvi orqali mamlakatning istalgan nuqtasida stenografiyadan o‘qitishni taklif qilgan. Bu esa masofaviy ta’limning ilk namunasi edi.

XIX asrning 60-yillariga kelib, masofaviy ta’lim xalqaro miqyosda tan olina boshladi va YUNESCOning yordami bilan faol rivojlandi. 1963-yilda Angliya Bosh vaziri G. Uilson barcha ta’lim muassasalarini masofaviy ta’lim orqali birlashtirishga qaratilgan “efir universiteti” g‘oyasini ilgari surdi. Natijada 1969-yilda Angliyada birinchi Ochiq universitet tashkil etildi.

A.A. Andreev, E.S. Po‘lat, I.M. Ibragimov, V.A. Kuklev, A.L. Safonova, M.I. Solodkova, V.P. Tixomirov singari olimlar masofaviy o‘qitishning shakllari va mazmunini ilmiy asosda ishlab chiqqanlar.

Masofaviy ta’lim — o‘qitishning zamonaviy va innovatsion shakli bo‘lib, u tinglovchi (yoki o‘quvchi)ning mustaqil fikrlash, holatni baholash va xulosa chiqarish qobiliyatlarini rivojlantiradi. Bu usul o‘quvchini izlanishga, o‘z ustida ishlashga va mustaqil bilim olishga o‘rgatadi.

Masofaviy ta’limning asosiy afzalligi shundaki, har bir inson o‘ziga qulay vaqtda, joyda va muhitda ta’lim olishi mumkin. Shu sababli bu tizim bugungi kunda jahon miqyosida keng ommalashmoqda.

Masofaviy ta’lim — o‘quv jarayonining maqsadi, mazmuni, metodlari, o‘qitish vositalari va internet texnologiyalari yordamida tinglovchi bilan o‘qituvchi o‘rtasida masofadan turib interfaol muloqot olib boriladigan jarayon hisoblanadi.

Bugungi kunda dunyodagi ko‘plab oliy ta’lim muassasalari va yirik korxonalar xodimlar malakasini oshirishda aynan shu usuldan foydalanib, katta miqdorda mablag‘ni tejamoqdalar.

Shuningdek, masofaviy ta’limning tashkiliy-iqtisodiy afzalliklari ham mavjud. Masalan, bu usulda o‘qitish uchun an’anaviy sinf xonalari, doskalar, stollar va boshqa vositalarga ehtiyoj yo‘q. Asosiy xarajatlar o‘quv-uslubiy materiallar tayyorlash va internet trafik uchun sarflanadi. Tabiiyki, bu xarajatlarning kamayishiga olib keladi. O‘quv materiallari qanchalik tushunarli va batafsil bo‘lsa, u o‘quvchi uchun shunchalik foydali bo‘ladi.

Masofaviy ta’limda darslar onlayn tarzda olib boriladi. Bunday darslar uchun kommunikatsiya vositalari, elektron va bosma darsliklar, audio-video materiallar, onlayn darslar, elektron kutubxonalar, testlar, multimedia darsliklari va, albatta, internetga ulangan kompyuter kerak bo‘ladi.

Bu tizimda o‘quvchi har kuni ta’lim muassasasiga qatnashi shart emas. Shu bilan birga, masofaviy ta’lim orqali salomatligida muammosi bo‘lganlar, olis hududlarda yashovchilar, hattoki jazoni o‘tayotgan fuqarolar ham ta’lim olish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.

Kattalar uchun esa masofaviy ta’lim mehnat faoliyatidan ajralmagan holda bilim olish va malaka oshirish imkoniyatini yaratadi.

Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, masofaviy ta’lim an’anaviy ta’limdan hech qolishmaydi, balki ba’zi hollarda undan ustun jihatlarga ham ega. Chunki o‘quv materialining katta qismini o‘quvchi mustaqil o‘rganadi. Bu esa bilimni chuqurroq egallash va mustahkamlashga xizmat qiladi. Yangi texnologiyalar yordamida darslarni o‘rganish jarayoni esa o‘quvchi uchun qiziqarli va mazmunli bo‘ladi.

Masofaviy ta’limda darsliklar yoki qo‘llanmalar yetishmovchiligi muammosi bo‘lmaydi. O‘quvchi kerakli materiallarni elektron pochta yoki ijtimoiy tarmoqlar orqali oladi. Shuningdek, ma’lumotlar bazalaridan foydalanib, zarur bilimlarni izlab topishi mumkin.

Masofaviy ta’limning yana bir afzalligi — uning arzonligidir. Ya’ni, o‘qishga qatnash uchun yo‘l kira, transport yoki xorijiy o‘qishlar uchun viza va pasport xarajatlari talab qilinmaydi.

Masofaviy ta’limda baholash jarayoni onlayn testlar orqali amalga oshiriladi. Bu esa o‘quvchilarda imtihon paytidagi hayajon va bosimni kamaytiradi.

Masofaviy ta’lim — vaqtni, mablag‘ni tejash, mustaqil ishlash va bilim olishda samarali vosita bo‘lib xizmat qilmoqda. Bu ta’lim uslubi bugungi zamon talablari bilan hamohangdir.

Sayyora Roziqova,
Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti o‘zbek tili va adabiyoti kafedrasi o‘qituvchisi.

Previous post Italiya Bosh vaziri Registon ansambli va «Boqiy shahar» majmuasi bilan tanishdi
Next post Qo‘shma gaplar mavzusini o‘rgatishda nisbiy so‘zlar bilan ishlash metodikasi