Muhtaram ustoz va murabbiylar!
Avvalo, siz azizlarni, sizlarning timsolingizda hayotini yosh avlod ta’lim-tarbiyasiga bag‘ishlab kelayotgan barcha ustozlarni O‘qituvchi va murabbiylar kuni bilan samimiy muborakbod etaman.
Biz ustoz zotini azaldan otaday ulug‘ deb biladigan, e’zozlaydigan ma’rifatparvar xalq farzandlarimiz. Har bir inson hayotda erishgan yutuqlarida ustozlarining beqiyos hissasi borligini minnatdorlik bilan eslaydi. Biz, ota-onalar, eng katta boyligimiz — aziz farzandlarimiz kelajagini sizlarga ishonib topshirganmiz.
Bugun fidoyi ustoz va murabbiylarning mehnati tufayli yoshlarimiz fan va texnika, madaniyat, san’at hamda sport sohalarida yutuqlarga erishmoqda. O‘tgan o‘quv yilida o‘quvchilarimiz xalqaro va mintaqaviy olimpiadalarda oltin, kumush va bronza medallarini qo‘lga kiritgani barchamizga quvonch bag‘ishlaydi.
Mamlakatimizda pedagoglarning samarali ishlashi uchun sharoit yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, ularni majburiy mehnat va kasbiy faoliyatiga aloqador bo‘lmagan ishlarga jalb etishga chek qo‘yish, ortiqcha qog‘ozbozlikni kamaytirish, olis hududlardagi maktablarga jalb qilingan malakali o‘qituvchilarni rag‘batlantirish borasida ishlar olib borilmoqda.
Tumanimizda maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi tizimida 111 ta ta’lim muassasasi hamda bitta “Kelajak markazi” faoliyat yuritmoqda. Yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik doirasida bir qator maktablarda ta’mirlash ishlari yakunlanib, yangi binolar qurildi.
2026–2027-o‘quv yilida birinchi sinflarga 9 725 nafar bola qabul qilindi. Tumanimizdagi umumiy o‘rta ta’lim maktablarida 6 995 nafardan ortiq o‘qituvchi 82 581 nafar o‘quvchiga ta’lim-tarbiya bermoqda. Pedagoglarning 566 nafari oliy, 1 163 nafari birinchi malaka toifasiga ega. Shuningdek, 1 200 nafardan ortiq o‘qituvchida milliy yoki xalqaro sertifikat mavjud.
Tumanda 428 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti faoliyat yuritmoqda. Ularning 56 tasi davlat, 25 tasi davlat-xususiy sheriklik asosidagi, 346 tasi oilaviy nodavlat va bittasi xususiy maktabgacha ta’lim tashkilotidir. Hozirda 3–7 yoshdagi 44 758 nafar bolaning 26 214 nafari, ya’ni 58,6 foizi maktabgacha ta’lim bilan qamrab olingan. Bu maskanlarda ham fidoyi tarbiyachilarimiz bolajonlarga mehr bilan ta’lim-tarbiya bermoqda.
Ta’limga qaratilgan e’tibor — yurtimizning ertangi kuniga qaratilgan e’tibordir. Har bir sinfxonada berilayotgan bilim farzandlarimiz kelajagiga xizmat qiladi. Ustoz o‘quvchiga fan sirlarini o‘rgatish bilan birga, mustaqil fikrlash, o‘z oldiga maqsad qo‘yish va mas’uliyatni his etishni ham o‘rgatadi.
Bolaning iste’dodini o‘z vaqtida payqash va qo‘llab-quvvatlash katta mas’uliyat talab etadi. Bu yo‘lda tarbiyachi, o‘qituvchi, ota-ona va mahalla hamkorligi muhim o‘rin tutadi. Yoshlarimizning zamonaviy kasblarni egallashi, xorijiy tillar va axborot texnologiyalarini o‘rganishida sizlarning bilimingiz va ko‘magingiz beqiyosdir.
Aziz ustoz va murabbiylar!
Sizlar Vatanimiz kelajagini bunyod etadigan bilimli, tarbiyali va qat’iy hayotiy pozitsiyaga ega avlodni voyaga yetkazmoqdasiz. Bu sharafli va mas’uliyatli mehnatingiz uchun barchangizga samimiy minnatdorlik bildiraman.
Sizlarga faoliyatingizda yangi yutuqlar, oilalaringizga tinchlik-xotirjamlik, fayz-u baraka tilayman. Hamisha sog‘-omon bo‘ling, aziz ustoz va murabbiylar!