Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti
Turdiyev Nabijon Islomiddin o‘g‘li
Surxondaryo viloyati — qadimiy obidalari, muqaddas ziyoratgohlari, boy tarixi va xushmanzara tabiati bilan azaldan xorijiy hamda mahalliy sayyohlarni o‘ziga ohangrabodek jalb etib kelgan betakror makon. Boysunning jozibali tog‘lari, Sangardak sharsharasi, qadimiy Dalvarzintepa va Fayoztepa yodgorliklari… Bularning barchasi ulkan sayyohlik salohiyatidan darak beradi. Biroq, zamonaviy turizm faqatgina chiroyli manzaralar va tarixiy obidalarning o‘zi bilan rivojlanmaydi. Uni harakatlantiruvchi asosiy kuch — bu yuqori darajadagi xizmat ko‘rsatish va sohani to‘g‘ri tashkil etuvchi malakali boshqaruvchi kadrlardir.
Ayni shu hayotiy ehtiyojni teran anglagan holda, Denov tadbirkorlik va pedagogika institutining Tadbirkorlik va boshqaruv fakulteti qoshida tashkil etilgan “Turizm” yo‘nalishi bugungi kunda mintaqaning eng talabgir va istiqbolli mutaxassisliklaridan biriga aylanib ulgurdi. Turizm – bu faqat sayohat emas, u ulkan iqtisodiyotdir. Ko‘pchilik turizm deganda faqatgina sayohat qilishni tushunadi. Aslida esa turizm yirik iqtisodiy soha, yuzlab yondosh kasblarni ish bilan ta’minlovchi ulkan zanjirdir. Institutning “Turizm” yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalar xalqaro va ichki turizm iqtisodiyoti, mehmonxona biznesini boshqarish , logistika, marketing, yangi turistik yo‘nalishlar ishlab chiqish va sayyohlarga xizmat ko‘rsatish texnologiyalarini chuqur o‘rganadilar.
Talabalar faqatgina auditoriya devorlari orasida qolib ketmay, viloyatdagi turistik obyektlar, mehmonxonalar va dam olish maskanlarida bevosita amaliyot o‘taydilar. Ular yosh bo‘lishiga qaramay, Surxondaryoning ekoturizm, ziyorat turizmi, agroturizm va etnoturizm imkoniyatlarini dunyo yuziga olib chiqish bo‘yicha o‘z biznes-loyihalarini yaratmoqdalar. Xo‘sh, kelajakda ushbu mutaxassislar qayerda faoliyat yuritadi, degan savol tug‘ilishi tabiiy.
Bu eng ko‘p beriladigan va eng haqli savol. Ushbu yo‘nalish bitiruvchilari oldida mehnat bozorining juda keng eshiklari ochiq: Nufuzli mehmonxonalar va dam olish maskanlarida boshqaruvchi menejer; Sayyohlik firmalari va agentliklari rahbarlari va mutaxassislari; Turizm va madaniy meros boshqarmalari hamda davlat idoralarida yetakchi xodim; Yirik sayyohlik tadbirlari, festivallar tashkilotchisi;
O‘z shaxsiy turizm biznesini yaratuvchi erkin tadbirkor bo‘lib yetishishlari mumkin.
Eng asosiysi, “Turizm” yo‘nalishi bitiruvchilari chekka hududlarda mavjud bo‘lgan kadrlar yetishmovchiligi muammosini hal qilib, viloyat turizmini xalqaro maydonga olib chiqadigan chinakam professionallar armiyasini tashkil etadi.
Ayni kunlarda Denov tadbirkorlik va pedagogika institutida 2025-2026-o‘quv yili uchun qabul jarayonlariga har tomonlama, qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Dars xonalari zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlanib, sohaning eng yetuk mutaxassislari ta’lim jarayoniga jalb etilmoqda.
Aziz abituriyent! Siz harakatchanmisiz? Yangiliklarni kashf etishni, dunyo bo‘ylab sayohatlar tashkil qilishni va yirik loyihalarni boshqarishni yoqtirasizmi? O‘zbekiston, xususan, go‘zal Surxondaryo turizmini rivojlantirish orqali mamlakat iqtisodiyotiga hissa qo‘shishni orzu qilasizmi?
Unda ikkilanmang, kelajak kasbini biz bilan tanlang. Denov tadbirkorlik va pedagogika institutining “Turizm” yo‘nalishi Sizni kutmoqda. Qiziqarli va porloq kelajak sari ilk qadamni bugun tashlang!