Jahon adabiyoti tarixida insonning iroda kuchi, sabr-toqati va hayot uchun kurashini yoritgan asarlar alohida o‘rin egallaydi. Ana shunday nodir asarlardan biri ingliz adibi Daniyel Defoning “Robinzon Kruzo” romanidir. Ushbu asar 1719-yilda nashr etilgan bo‘lib, jahon adabiyotidagi ilk mumtoz romanlardan biri sifatida e’tirof etiladi. Asarda oddiy insonning og‘ir sinovlar qarshisidagi jasorati, aql-zakovati va yashashga bo‘lgan intilishi badiiy aks ettirilgan.
Roman bosh qahramoni Robinzon Kruzo yoshligidan dengiz sayohatlariga qiziqadi. Otasi unga tinch va farovon hayotni tanlashni maslahat beradi, ammo Robinzon o‘z orzusi ortidan boradi. Natijada uning kemasi halokatga uchrab, u kimsasiz orolda yolg‘iz qoladi. Ana shu vaziyatdan boshlab qahramonning haqiqiy xarakteri namoyon bo‘ladi.
Robinzon obrazining asosiy xususiyati — uning matonati va mehnatsevarligidadir. U yolg‘izlik va tabiatning og‘ir sharoitlariga qaramasdan, hayot uchun zarur bo‘lgan barcha imkoniyatlarni o‘z mehnati bilan yaratadi. Uy-joy quradi, qurol-asboblar yasaydi, dehqonchilik bilan shug‘ullanadi, hayvonlarni qo‘lga o‘rgatadi. Bu orqali yozuvchi inson aql-zakovati va mehnati har qanday qiyinchilikni yengishga qodir ekanini ko‘rsatadi.
Asarda tabiat inson uchun sinov maydoni sifatida tasvirlanadi. Robinzon katta daraxtlardan foydalanib qayiq yasashga harakat qiladi, turli mehnatlar bilan o‘z hayotini yaxshilashga intiladi. Ba’zan mag‘lub bo‘lsa ham, u hech qachon taslim bo‘lmaydi. Uning har bir harakati insonning umid bilan yashashi kerakligini ifodalaydi.
Robinzon obrazida faqat jismoniy kuch emas, balki tafakkur va iroda ham mujassam. U orolda yashab qolish uchun doimo yangicha yo‘llar izlaydi. Masalan, charx yasashi, mehnat qurollarini takomillashtirishi uning aql bilan ish tutadigan, hayotga moslasha oladigan inson ekanini ko‘rsatadi.
Asarda Jumavoy obrazi ham muhim ahamiyatga ega. Robinzon unga insoniy munosabatda bo‘ladi, uni tarbiyalaydi va o‘ziga yaqin do‘stga aylantiradi. Bu holat asarning insonparvarlik g‘oyasini yanada kuchaytiradi.
Robinzonning hayot yo‘li o‘quvchiga katta saboq beradi. U ota-onasining maslahatiga quloq solmay, o‘z xohishi bilan yo‘lga chiqadi va ko‘plab qiyinchiliklarga duch keladi. Bu orqali asarda ota-ona roziligi, hayot tajribasi va insonning tanlovlari haqida ham falsafiy fikrlar ilgari suriladi.
Xulosa qilib aytganda, Daniyel Defoning “Robinzon Kruzo” asari shunchaki sarguzasht romani emas, balki insonning ichki kuchi, sabri va hayotga bo‘lgan ishonchini tarannum etuvchi asardir. Robinzon obrazi orqali muallif inson har qanday og‘ir vaziyatda ham harakat qilsa, bilim va mehnat bilan o‘z yo‘lini topishi mumkinligini ko‘rsatadi. Shu sababli mazkur asar bugungi kunda ham o‘zining tarbiyaviy va badiiy ahamiyatini saqlab kelmoqda.
Mamatqulova Lola
Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti Filologiya fakulteti
O‘zbek tili yo‘nalishi 2-bosqich 210-guruh talabasi