Bugungi kunda dunyo juda tez o‘zgarib bormoqda. Texnologiyalar rivojlanishi, sun’iy intellektning kirib kelishi, internet va raqamli xizmatlarning kengayishi natijasida mehnat bozori ham tubdan o‘zgarmoqda. Kecha mashhur bo‘lgan ayrim kasblar bugun o‘z ahamiyatini yo‘qotayotgan bo‘lsa, yangi va zamonaviy kasblarga ehtiyoj ortmoqda. Shu sababli yoshlar kasb tanlashda faqat bugungi kunni emas, balki yaqin kelajakni ham hisobga olishi zarur. Mutaxassislarning fikricha, kelajakda eng talab yuqori bo‘ladigan kasblar texnologiya, tibbiyot, ekologiya va xizmat ko‘rsatish sohalari bilan bog‘liq bo‘ladi. Ayniqsa, raqamli texnologiyalar bilan ishlay oladigan yoshlar har doim mehnat bozorida o‘z o‘rniga ega bo‘ladi.
Bugungi kunda dasturchi, grafik dizayner, veb-dasturchi, mobil ilova yaratuvchi, sun’iy intellekt mutaxassisi kabi kasblarga talab juda yuqori. Chunki deyarli barcha tashkilotlar va korxonalar o‘z faoliyatini internet va kompyuter texnologiyalari orqali yuritmoqda. Masalan, oddiy do‘konlar ham internet orqali savdo qilishni boshladi. Bank xizmatlari, davlat xizmatlari, ta’lim tizimi ham raqamlashtirilmoqda. Bu esa IT sohasi mutaxassislariga ehtiyojni yanada oshiradi. Yoshlar bugundan boshlab kompyuter savodxonligini oshirsa, dasturlash tillarini o‘rgansa va xorijiy tillarni bilsa, kelajakda yaxshi daromadli kasb egasi bo‘lishi mumkin. Eng muhimi, bu kasb dunyoning istalgan nuqtasida turib ishlash imkoniyatini beradi.
Inson salomatligi har doim eng katta boylik hisoblanadi. Shu sababli shifokor, farmatsevt, laboratoriya mutaxassisi, psixolog kabi kasblar kelajakda ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmaydi. Ayniqsa, pandemiyadan keyin dunyo tibbiyot sohasi qanchalik muhim ekanini yana bir bor angladi. Kelajakda zamonaviy texnologiyalarni biladigan, yangi usullar bilan ishlay oladigan malakali shifokorlarga talab yanada ortadi. Psixolog kasbi ham bugungi yoshlar orasida ommalashib bormoqda. Chunki insonlarning ruhiy salomatligi ham jismoniy sog‘liq kabi muhim hisoblanadi.
Kasb tanlashda nimalarga e’tibor berish kerak?
Ko‘pchilik yoshlar kasb tanlashda ota-onasi yoki atrofdagilar fikriga ko‘proq quloq tutadi. Albatta, maslahat muhim, ammo inson eng avvalo o‘z qiziqishi va qobiliyatini hisobga olishi kerak. Chunki sevimli kasb insonni muvaffaqiyatga olib boradi.
Kasb tanlashda quyidagi jihatlarga e’tibor berish muhim:
- Kasbning kelajakdagi talabi;
- O‘z qiziqishi va iste’dodi;
- Xorijiy tillarni o‘rganish;
- Zamonaviy texnologiyalarni bilish;
- Doimiy o‘qib-o‘rganishga tayyor bo‘lish.
Bugungi davrda bir diplom bilan butun umr ishlash qiyin. Inson doim yangi bilim va ko‘nikmalarni egallab borishi kerak.
Xulosa qilib shuni aytish mumkinki, yaqin kelajakda eng muvaffaqiyatli insonlar – yangi bilimlarni tez o‘zlashtira oladigan, zamonaviy texnologiyalar bilan ishlaydigan va o‘z ustida doimiy ishlaydigan yoshlar bo‘ladi. Kasb tanlashda faqat bugungi emas, ertangi kun talabi ham hisobga olinishi kerak.
Yoshlar qaysi sohani tanlashidan qat’i nazar, o‘z ishining ustasi bo‘lishga harakat qilishi zarur. Chunki mehnatsevar, bilimli va intiluvchan inson har qanday davrda ham o‘z o‘rnini topa oladi.
Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti
“Xorijiy til va adabiyoti quyi kurslar” kafedrasi o’qituvchilari
Tangriyev Valisher va Temirova Muattar