Turkiya – O‘zbekiston o‘rtasida bilim va tajriba ko‘prigi amalda

Men, Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti Filologiya fakulteti Xorijiy til va adabiyoti yo‘nalishi 2-bosqich talabasi sifatida, yurtimizda yaratilayotgan keng imkoniyatlardan, ayniqsa ta’lim sohasidagi sharoitlardan samarali foydalanib kelmoqdaman.

Xususan, o‘tgan yilning oktabr hamda joriy yilning yanvar oylarida Turkiyaning Elazig‘ shahrida joylashgan Fırat universitetida akademik mobillik dasturi asosida tahsil olish imkoniga ega bo‘ldim.

Elazig‘ shahri Turkiyaning sharqiy hududida joylashgan bo‘lib, boy tarixi, betakror madaniy merosi va mehmondo‘st aholisi bilan meni chuqur taassurotga soldi. Shahar nafaqat tarixiy obidalari, balki rivojlangan ta’lim muassasalari bilan ham e’tiborga loyiq. Bu yerda talabalar uchun zamonaviy va qulay ta’lim muhiti yaratilgan.

Akademik mobillik dasturi doirasida Fırat universitetida bilim oldim. 1975-yilda tashkil etilgan ushbu oliy ta’lim muassasasi Turkiyaning Sharqiy Anadoludagi yirik va nufuzli universitetlaridan biri hisoblanadi. Universitetda turli fakultetlar va ilmiy markazlar faoliyat yuritadi. Zamonaviy ta’lim tizimi, malakali professor-o‘qituvchilar hamda xalqaro hamkorlik dasturlari orqali talabalarga keng imkoniyatlar yaratilgan. Turli mamlakatlardan kelgan talabalar bilan birga o‘qish esa o‘zaro tajriba almashish va dunyoqarashni kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etdi.

Elazig‘ shahrida bo‘lgan davrimda Harput tarixiy hududiga tashrif buyurib, qadimiy qal’a, masjidlar hamda asrlar davomida saqlanib kelayotgan madaniy meros bilan yaqindan tanishdim. Shuningdek, Kent muzeyiga borib, shahar tarixi, an’analari va kundalik hayotini aks ettiruvchi eksponatlar, milliy liboslar va tarixiy buyumlarni ko‘rish imkoniga ega bo‘ldim. Bu esa menga Turkiyaning boy tarixi va madaniyatini yanada chuqurroq anglash imkonini berdi.

Mazkur akademik mobillik dasturi men uchun nafaqat yangi bilim va ko‘nikmalarni egallash, balki boshqa davlatning ta’lim tizimi, madaniyati va talabalik hayoti bilan yaqindan tanishish imkonini berdi.

Ishonchim komilki, bu kabi imkoniyatlar O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi ilmiy hamda madaniy aloqalarning yanada mustahkamlanishiga xizmat qiladi.

Habibulloyeva Sohiba Komiljon qizi
Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti talabasi

Previous post Sayyor qabul
Next post МУРОЖААТ

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *