
Joriy yilning 16-dekabr kuni Denov tumanlararo iqtisodiy sudi raisi Z.X. Tojiyev, sudyalar T.Sh. Alimardonov va M. Mamayusupov tomonidan “Hamkorbank” aksiyadorlik tijorat bankining Denov tuman filiali binosida mamlakatimizda korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, shuningdek, “Sud tizimini raqamlashtirish, inson omilini kamaytirish orqali shaffoflikni ta’minlash” masalalari yuzasidan davra suhbati o‘tkazildi.

Tadbirda “Hamkorbank” aksiyadorlik tijorat banki Denov tuman filiali xodimlari, O‘zbekiston Respublikasi Xalq banki, “O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki” aksiyadorlik jamiyati hamda “Davr Bank” xususiy aksiyadorlik tijorat banki vakillari ishtirok etdilar.
Sud raisi Z.X. Tojiyev o‘z chiqishida O‘zbekistonda sud jarayonlarini raqamlashtirish, ishlarning natijasini bashorat qilishda sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish, shuningdek, iqtisodiy sudlar tuzilmasini isloh qilish rejalashtirilayotganini ta’kidladi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tomonidan yaratilgan my.sud.uz interaktiv elektron sud xizmatlari portali fuqarolar va tashkilotlarga sud tizimi bilan bog‘liq xizmatlardan onlayn rejimda foydalanish imkonini berishi qayd etildi. Mazkur portal sud jarayonlarini soddalashtirish, sudlarga murojaat qilishni raqamli formatga o‘tkazish hamda sud xizmatlariga qulay va ishonchli onlayn kirishni ta’minlashga xizmat qiladi.

Ma’lum qilinishicha, 2026-yil 1-yanvardan tumanlararo, tuman va shahar iqtisodiy sudlari tugatiladi. Ularning o‘rniga Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar markazlari va Toshkent shahrida tumanlararo iqtisodiy sudlar tashkil etiladi. Ushbu o‘zgarishlar sud tizimi samaradorligini oshirish va tadbirkorlarning odil sudlovdan foydalanishini soddalashtirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Farmonga muvofiq, mamlakatda “Raqamli sud” konsepsiyasi bosqichma-bosqich joriy etilmoqda. 2025-yil oxirigacha Toshkent shahrida tajriba tariqasida raqamli texnologiyalar bilan jihozlangan zamonaviy sud zallari tashkil etilishi, tajriba natijalariga ko‘ra esa 2026–2027-yillarda ushbu konsepsiyaning respublikaning barcha sudlarida joriy etilishi rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, protsess ishtirokchilari sudyaning ruxsatisiz sud binosiga kelmasdan, sud majlislarida masofadan turib ishtirok etishlari, sud xarajatlari onlayn tarzda hisoblab chiqilishi va to‘lanishi, bu esa korrupsiya xavfini kamaytirishi ta’kidlandi.
Fuqarolar da’vo arizasi berishdan avval sun’iy intellekt yordamida sud jarayonining ehtimoliy natijalari va u bilan bog‘liq xarajatlarni bashorat qilish imkoniyatiga ega bo‘lishlari, shuningdek, ish materiallari bilan elektron shaklda tanishish hamda sud majlislari bayonnomalari real vaqt rejimida avtomatik tarzda shakllantirilishi haqida ma’lumot berildi.
Sudya T.Sh. Alimardonov o‘z nutqida korrupsiya tushunchasiga to‘xtalib, korrupsiya (lotincha corrumpere — buzmoq) mansabdor shaxslar tomonidan ularga berilgan vakolat va huquqlardan shaxsiy manfaatlarini ko‘zlab, qonunchilik va axloq normalariga zid ravishda foydalanilishi ekanini ta’kidladi.
U korrupsiya jamiyat rivojiga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan, demokratiya va huquq ustuvorligiga putur yetkazadigan, inson huquqlarining buzilishiga olib keladigan xavfli illat ekanini, shuningdek, uyushgan jinoyatchilik va boshqa salbiy holatlar rivojlanishiga zamin yaratishini qayd etdi.
Ta’kidlanishicha, korrupsiya barcha mamlakatlarda uchraydi va unga qarshi kurashish borasida xalqaro miqyosda keng ko‘lamli ishlar olib borilayotgan bo‘lsa-da, mazkur illat hanuzgacha to‘liq bartaraf etilmagan.
Shuningdek, korrupsiyaning tarixiy ildizlari qadim zamonlarga borib taqalishi, dastlab qabila sardorlariga sovg‘a berish odatlari bilan bog‘liq bo‘lgani va o‘sha davrlarda bu holat odatiy hol sifatida qabul qilinganligi haqida so‘z yuritildi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar tomonidan berilgan savollarga atroflicha javoblar berildi hamda davra suhbati yakunlanganligi e’lon qilindi.
Denov tumanlararo iqtisodiy sudi raisi Z.X.Tojiyev, sudyalar T.Sh.Alimardonov va M.Mamayusupov.