Qarz shartnomasi yuridik hujjat 

Bozor iqtisodiyoti sharoitida mablag‘larning shaxslar o‘rtasida aylanishi tabiiy holat hisoblanadi. Munosabatlarning ayrimlari aynan pul mablag‘lari bilan bog‘liq bo‘ladi. Harakatlarning predmetini ma’lum mablag‘lar tashkil etadi. Bu harakatlarning eng keng tarqalgan ko‘rinishi bu qarz munosabtalaridir. Boshqa bir shaxsga pul berarkansiz, ayniqsa pulning miqdori ko‘p bo‘lsa, kimga va qanday maqsadlar uchun qarz berayotganingizni o‘ylab olishingiz kerak. Qarz berayotgan tanishingiz ishonchli odam bo‘lsa ham, ehtiyotkorlik ortiqchalik qilmaydi. Buning uchun siz — qarz majburiyatini yuridik rasmiylashtirishingiz kerak, buning uchun qarz shartnomasi tuziladi. 

“Yaqin kishisidan tilxat olish? Bu qanday gap!?”— qarindoshingiz yoki do‘stingiz shunday fikrga borishi tabiiy. Biroq, agar u inson haqiqatan qarzni qaytarishni istayotgan bo‘lsa, tilxat yozib berish unga bu harakatning mutlaqo og‘irligi tushmaydi. Bu hujjat qarzdorga u zimmasiga yuridik majburiyatlar olganligini eslatib turadi. 

Qarz shartnomasi munosabatlari huquqiy jihatdan tartibga solingan bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 732-moddasida qarz shartnomasiga ta’rif berilar ekan unga ko‘ra, qarz shartnomasi bo‘yicha bir taraf (qarz beruvchi) ikkinchi tarafga (qarz oluvchiga) pul yoki turga xos alomatlari bilan belgilangan boshqa ashyolarni mulk qilib beradi. Qarz oluvchi esa qarz beruvchiga bir yo‘la yoki bo‘lib-bo‘lib, o‘shancha summadagi pulni yoki qarzga olingan ashyolarning xili, sifati va miqdoriga barovar ashyolarni qaytarib berish majburiyatini oladi. 

Qarz shartnomasining bir nechta belgilari mavjud. Ular quyidagilar: 

birinchidan, qarz shartnomasi real shartnoma bo‘lib hisoblanadi, chunki taraflar o‘rtasida huquq va burchlar shartnoma predmeti bo‘lgan pul yoki ashyoning topshirilishi vaqtidan e’tiboran vujudga keladi va shartnoma ham pul topshirilgan vaqtdan kuchga kiradi; 

ikkinchidan, qarz bir tomonlama shartnomalar sirasiga kiradi, shartnoma yuzasidan qarz beruvchi huquqlar olsa, qarz oluvchida burchlar vujudga keladi; 

uchinchidan, qarz shartnomasi fuqarolar o‘rtasida agar bu qarzning summasi eng kam ish haqining o‘n barovaridan ortiq bo‘lsa, oddiy yozma shaklida tuzilishi, shartnomadagi taraflardan biri yuridik shaxs bo‘lganida esa, qarz summasidan qat’i nazar, yozma shaklda tuzilishi shart; 

to‘rtinchidan, qarz mulkga nisbatan bo‘lgan egalik huquqini yoki mulkni operativ boshqaruv huquqini o‘tkazishga qaratilgan shartnomalardan hisoblanadi. Qarzdor qarzga olingan narsaning aynan o‘zini qaytarmasdan, balki olgan pulni yoki o‘sha qarzga olingan narsaning xili, sifati va miqdori baravarida boshqa narsani qaytarishga majbur bo‘ladi; 

beshinchidan, agarda qonunda yoki qarz shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, qarz beruvchi (yuridik shaxs yoki fuqaro) qarz oluvchidan qarz summasiga shartnomada belgilangan miqdorda va tartibda foizlar olish huquqiga ega bo‘ladi; 

oltinchidan, agarda qarz shartnomasi bo‘yicha qarz oluvchiga turga xos alomatlari bilan belgilangan ashyolar topshirilsa, ularning miqdori va shakli (pul yoki natura holidagi) shartnomada ko‘zda tutilgan hollarda foizlar to‘lanishi kerak. 

Qarz shartnomasining yozma shakliga amal qilmaslik shartnomaning haqiqiy emasligiga olib keladi. Ya’ni, qarzga oluvchi shartnoma shartlarini bajarmay, qarz summasini qaytarishdan bosh tortgan taqdirda, tegishli sud idoralariga da’vo ariza bilan murojaat qilish huquqidan mahrum etilishiga olib kelishi mumkin. 

Ismoilov Baxtiyor,
Denov tuman adliya bo’limi yuridik hizmat ko’rsatish markazi bosh yuristkonsulti

Previous post Gazeta — bu hujjatlashtirilgan tarix.
Next post Суд органларида коррупциянинг олдини олиш ва унга қарши курашиш

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *