Denov Tadbirkorlik va Pedagogika instituti Pedagogika fakulteti tyutori Akbar Xudoykulov hamda talabalar turar joyi tarbiyachi-pedagogi Nuriddin Shukurov tashabbusi bilan talabalar uchun ma’naviy va madaniy sayohat tashkil etildi. Ushbu sayohatning asosiy maqsadi – yoshlarda Vatanimizning go‘zal maskanlarini o‘rganish, tarixiy qadamjolar bilan tanishish, shuningdek, talabalar orasida sog‘lom dam olish va jamoaviylik ruhini kuchaytirishdan iborat bo‘ldi.
Sayohat davomida talabalar Sangardak sharsharasi va Tuya izi ziyoratgohiga tashrif buyurishdi.
Tuya izi ziyoratgohiga tashrif
Sayohatning dastlabki manzili – Tuya izi ziyoratgohi bo‘ldi. Bu maskan qadimiy tarixiy joylardan biri bo‘lib, ko‘plab rivoyatlar bilan bog‘langan. Talabalar ziyoratgoh tarixini tinglab, qadimiy an’ana va urf-odatlarimiz bilan yaqindan tanishdilar. Ushbu tashrif ularning ma’naviy dunyosini boyitdi va milliy qadriyatlarni chuqurroq anglashlariga yordam berdi.
Sangardak sharsharasiga tashrif
Sangardak sharsharasi – Surxondaryo viloyatining eng go‘zal tabiiy maskanlaridan biri bo‘lib, u o‘zining betakror manzarasi va toza havosi bilan mashhur. Talabalar bu yerda tabiat qo‘ynida sayr qilib, chiroyli suratlar olishdi, sharsharaning kelib chiqish tarixi va uning ekologik ahamiyati haqida qiziqarli ma’lumotlarga ega bo‘lishdi.
Sharshara atrofi yoshlarda ona tabiatni asrash va ekologik madaniyatni yuksaltirish bo‘yicha chuqur taassurot qoldirdi.
Tadbirni tashkil etgan tyutor Akbar Xudoykulov hamda tarbiyachi-pedagog Nuriddin Shukurov yoshlarga yanada ko‘proq shunday imkoniyatlar yaratishga harakat qilishlarini bildirdilar.
Xulosa qilib aytganda, bu sayohat talabalarning jamoaviylik ruhini mustahkamlab, ularning ma’naviy-ma’rifiy saviyasini oshirishga xizmat qildi va kelgusida ham bunday tadbirlar muntazam ravishda o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda.
Nuriddin Shukurov,
Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti o’qituvchisi.