Hayotimizda pulning qanchalik muhim ahamiyatga ega ekanligini barchamiz yaxshi bilamiz va hech kim pulning ahamiyatini rad etmaydi. Shu bois, hozir pulning taʼrifi yoki uning nima ekanligi haqida emas, balki nima uchun pul bu darajada muhim ahamiyat kasb etishi haqida fikr yuritmoqchiman. Hech tasavvur qilib ko‘rganmisiz, agar pul bo‘lmaganida moliyaviy munosabatlar qanday bo‘lar edi? Pul qanday xususiyatlarga egaki, bu darajada qadrlanadi? Pulsiz ham moliyaviy munosabatlarga kirishish mumkinmi? Buni pulning asosiy uchta funksiyasi – to‘lov vositasi, qiymat o‘lchovi va jamg‘arish vositasi – orqali tushunishga harakat qilamiz.
Moddiy ehtiyojlarni qondirish maqsadida puldan foydalanamiz. Agar pul bo‘lmaganida, biz barter — ya’ni tovarni tovarga ayirboshlash tizimidan foydalangan bo‘lardik. Masalan, men ingliz tili o‘qituvchisiman va kechki ovqatga osh qilmoqchiman. Pul bo‘lmaganda do‘konlar ham bo‘lmas edi va mahsulotlarni fermer xo‘jaliklaridan olishimga to‘g‘ri kelardi. Osh uchun kerakli uchta mahsulot – guruch, sabzi va go‘shtni olaylik. Men bu mahsulotlar uchun uch xil fermer bilan alohida ayirboshlash munosabatiga kirishishim kerak bo‘ladi. Eng asosiy muammo shundaki, men chorvachilik fermasi bilan savdo qilishim uchun nafaqat chorvachilik bilan shug‘ullanuvchi fermerni, balki ingliz tilini o‘rganmoqchi bo‘lgan chorvadorni topishim kerak bo‘ladi. Chunki bir tomonlama savdo bo‘lmaydi (tekin pishloq faqat qopqonda bo‘ladi). Faqat bitta ovqatni tayyorlash uchun qancha vaqt va harakat kerak bo‘lishini tasavvur qilsangiz, pulning qadrini anglab yetasiz.
Har qanday tovar va xizmatning qiymatini pul bilan o‘lchaymiz. Masalan, 1 kilogramm kartoshka 5 ming so‘m, 1 dona tuxum 1 ming so‘m, 1 qop un esa 100 ming so‘m turadi. Barter tizimida bu qanday bo‘lardi? Yuqoridagi uchta mahsulot misolida ko‘rib chiqamiz. Men fermerman va kartoshka yetishtiraman. Tuxum olishim uchun tovuq fermasi bilan shartlashishim, ya’ni 1 dona tuxum uchun qancha kartoshka berishimni aniqlashim kerak. Un olishim uchun esa, 1 qop unning kartoshkaga nisbatan qiymatini belgilashimiz zarur. Bu uchta tovar uchun quyidagi juftliklar bo‘yicha qiymat o‘lchovi kerak:
- kartoshka-tuxum
- kartoshka-un
- tuxum-un
Uchta tovar uchun uch xil nisbat kerak. Agar besh xil tovar bo‘lsa, 10 xil, 10 xil tovar bo‘lsa – 45 xil qiymat nisbatini hisoblashga to‘g‘ri keladi. Dunyoda minglab tovarlar mavjudligini inobatga olsak, buni hisoblash amri mahol yoki juda ko‘p vaqt va kuch talab etiladi.
Hayotimizda birlamchi ehtiyojlardan ortgan daromadimizni kelajakni o‘ylagan holda yig‘ib qo‘yishga odatlanganmiz. Pul bo‘lmaganida esa ortib qolgan mahsulotlarimizni jamg‘arishimizga to‘g‘ri kelardi. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, ayniqsa go‘sht va sut mahsulotlarini uzoq vaqt saqlash qiyin. Ularning yaroqlilik muddati bor. Shu bois nafaqat jamg‘arish mushkul bo‘ladi, balki ba’zi mahsulotlar uchun bu umuman imkonsiz bo‘lib qoladi. Bu esa pulning hayotimizdagi ahamiyatini yanada ochiqroq anglashimizga imkon beradi.
Pulning mavjudligi insoniyat uchun ko‘plab qulayliklar yaratadi. Birinchidan, pul sababli biz vaqtdan yutamiz. Aks holda, oddiy kunlik uch mahal ovqat tayyorlash uchun qancha joylarga borib, qancha odam bilan ayirboshlash munosabatiga kirishishimiz kerak bo‘lardi. Ikkinchidan, pul mavjudligi jamiyatda turli kasblarning shakllanishiga sabab bo‘ladi. Ehtimol, pul bo‘lmaganida men ingliz tili o‘qituvchisi emas, balki chorvador bo‘lgan bo‘lardim. Insonlarning turli kasblarni tanlashiga asosiy omil sifatida pul sabab bo‘ladi. Uchinchidan, pul jamiyatning rivojlanishida asosiy omillardan biridir. Pul sababli odamlar ko‘proq mehnat qilishga harakat qiladi, yaxshiroq daromad olish istagi esa raqobatni kuchaytiradi. Turli xizmatlar shakllanadi, kasblar xilma-xillashadi. Demak, pul biz o‘ylagandan ko‘ra ancha ko‘p ishimizni osonlashtirar ekan.
Orzigul Uralova,
Muxlisa Mengnorova,
Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti talabalari.