Raqamli texnologiyalar va zamonaviy ta’lim: islohotlar yuzasidan yondashuv

Hozirgi globallashuv davrida raqamli texnologiyalar barcha sohalarda, xususan, ta’lim tizimida tub o‘zgarishlarga sabab bo‘lmoqda. Ushbu o‘zgarishlar nafaqat ta’lim uslublarini, balki butun pedagogik yondashuvlarni ham yangilamoqda. Ayniqsa, O‘zbekistonda olib borilayotgan ta’lim islohotlari doirasida raqamli texnologiyalar ta’lim sifatini oshirish, o‘quvchilarning o‘zlashtirish darajasini yaxshilash va bilim olishga bo‘lgan motivatsiyasini kuchaytirish vositasi sifatida qaralmoqda.

Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti bugungi kunda ushbu zamonaviy tendensiyalarga faol tarzda moslashmoqda. Institutda olib borilayotgan islohotlar natijasida o‘quv jarayonlari zamonaviy texnologiyalar bilan uyg‘unlashtirilib, ta’lim interaktiv va ochiq shaklga keltirilmoqda. Jumladan, institut kutubxonalari raqamlashtirilgan, o‘qituvchilar uchun maxsus onlayn platformalar orqali dars materiallari almashinuvi yo‘lga qo‘yilgan. Bundan tashqari, masofaviy ta’lim tizimi bosqichma-bosqich joriy qilinmoqda. Talabalar uchun videodarslar, elektron darsliklar, onlayn test tizimlari mavjud bo‘lib, bu ularga istalgan vaqtda mustaqil ta’lim olish imkonini beradi.

Xususan, institutning “Xorijiy til va adabiyoti yuqori kurslar” kafedrasi bu borada yetakchi kafedralardan biri bo‘lib, o‘z faoliyatida raqamli metodlarni samarali qo‘llab kelmoqda. Kafedra professor-o‘qituvchilari tomonidan multimedia vositalari, virtual laboratoriyalar, til o‘rganish uchun mo‘ljallangan zamonaviy onlayn ilovalar (Duolingo, Quizlet, BBC Learning English va boshqalar) muntazam ravishda ta’lim jarayoniga joriy etilmoqda. Bundan tashqari, xorijiy tillarni o‘rgatishda “blended learning” (aralash o‘qitish) uslubi asosida darslar tashkil qilinib, talabalarning mustaqil ishlash ko‘nikmalari shakllantirilmoqda.

Shuni alohida ta’kidlash lozimki, kafedrada o‘qituvchilarning raqamli savodxonligini oshirish borasida ham qator ijobiy natijalar mavjud. Ilg‘or o‘qituvchilar xalqaro sertifikatli kurslarda ishtirok etib, zamonaviy axborot-kommunikatsiya vositalaridan foydalanish bo‘yicha malakasini oshirib kelmoqda. Shu bilan birga, yosh o‘qituvchilar va talabalar o‘rtasida o‘zaro tajriba almashish, birgalikda innovatsion loyihalar ustida ishlash imkoniyatlari yaratilgan.

Xulosa qilib aytganda, Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti va ayniqsa Xorijiy til va adabiyoti yuqori kurslar kafedrasida olib borilayotgan islohotlar ta’lim tizimining raqamli transformatsiyasiga samarali moslashayotganini ko‘rsatadi. Bu esa ta’lim sifatini yangi bosqichga olib chiqishga, raqobatbardosh va zamonaviy fikrlaydigan mutaxassislar tayyorlashga xizmat qilmoqda. Bugun ta’limning asosi texnologik yondashuv, kelajak esa raqamli bilimlarga ega avlod qo‘lida!

Ibrohimbek Soatov,
Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti Filologiya fakulteti, xorijiy til va adabiyoti yuqori kurslar kafedrasi o’qituvchisi.

Previous post Qo‘shma gap
Next post Sun’iy intellekt – zamonaviy ta’limning asosiy drayveri