Nilufar Saitova, ona tili va adabiyot kafedrasi o‘qituvchisi,
Pardayeva Gulshan, 303-guruh talabasi.
Annotatsiya:
Ilmiy manbalarda berilgan nazariy ma’lumotlarni qiyosiy o‘rganish va ulardagi ma’lumotlarni umumlashtirish, mavzuni matn asosida tahlil qilish ko‘nikmasini shakllantirish. Mavzuni o‘qitish bo‘yicha nazariy va amaliy jarayonlarni muvofiqlashtirish hamda metodik tavsiyalar ishlab chiqish.
Kalit so‘zlar: qo‘shma gap, nisbiy so‘zlar, metod, tadqiqot, olimlar, til siyosati, bog‘lovchi, sodda gap, olmoshlar.
Qo‘shma gap — tuzilishiga ko‘ra sodda gapga o‘xshash, ikki yoki undan ortiq predikativ birlikning intonatsiya va mazmun jihatidan bir butunlik hosil etishi orqali yuzaga keladigan gap; gapning strukturaviy jihatdan alohida bir turi hisoblanadi. Qo‘shma gap tuzilishi va qurilish materiali jihatidan sodda gapdan farqlanadi. Sodda gapning qurilish materiali so‘z yoki so‘z birikmalari bo‘lsa, qo‘shma gapning qurilish materiali sodda gaplardir. Sodda gap bitta predikativ asosdan, qo‘shma gap esa ikki va undan ortiq predikativ asosdan tashkil topadi.
Bir qancha turkiy tillarda, jumladan o‘zbek tilida ham qo‘shma gaplar mazmun munosabatlari, grammatik belgilar, tuzilish va intonatsiyasiga ko‘ra quyidagi uch asosiy turga bo‘linadi:
- Bog‘lovchisiz qo‘shma gap
- Bog‘langan qo‘shma gap
- Ergashgan qo‘shma gap
Bog‘langan qo‘shma gaplar esa quyidagi turlarga ajratiladi:
- Biriktiruv bog‘lovchilari yordamida tuzilgan bog‘langan qo‘shma gap
– va, hamda (ba’zan ham yuklamasi) orqali bog‘langan bo‘lib, tarkibidagi qismlar bir vaqtda yoki ketma-ket sodir bo‘ladigan voqea-hodisalarni anglatadi.
– Masalan: Keng bog‘dagi har bir nihol qonib-qonib suv ichdi va uning yaproqlari nurga intilib o‘sa boshladi. (O. Hoshimov) - Zidlov bog‘lovchilari yordamida tuzilgan bog‘langan qo‘shma gap
– lekin, ammo, biroq, balki kabi bog‘lovchilar yordamida tuziladi va tarkibiy qismlar mazmun jihatidan bir-biriga zid bo‘ladi.
– Masalan: Har qanday narsada isrofgarchilik bor, ammo yaxshilikda isrof bo‘lmaydi. (“Ajoyib nasihatlar”) - Ayiruv bog‘lovchilari yordamida tuzilgan bog‘langan qo‘shma gap
– yo, yoki, yohud, goh…, goh, dam…, dam, ba’zan…, ba’zan… kabi bog‘lovchilar vositasida tuzilib, birini tanlash yoki galma-gal sodir bo‘ladigan voqealarni ifodalaydi.
– Masalan: Yo ko‘k unga o‘z sirlarini ochishni istamas, yo uning aql ko‘zgusi xiralashib qolgan. (O. Yoqubov)
Xulosa:
Qo‘shma gaplar haqida umumiy xulosa qilganda, shuni aytish mumkin: tarkibidagi predikativ birliklar o‘zaro teng bog‘lovchilar yordamida birikkan (teng aloqali) qo‘shma gaplar bog‘langan qo‘shma gap deb yuritiladi. Ularning tarkibiy qismlari shaklan mustaqil bo‘lib ko‘rinsa-da, mazmunan va tuzilish jihatidan bir butunlikni tashkil etadi.
Masalan: “Bahor keldi va gullar ochildi.”
Yoki: “Dilafruz chindan ham o‘zgargan, ammo o‘ktam kulgusi, quralai ko‘zlarining kibrona boqishi o‘sha-o‘sha edi.”
Qo‘shma gap va uning turlari, shuningdek, ularning tabiati masalalari rus va yevropa tilshunosligi qatori o‘zbek tilshunosligida ham keng va atroflicha o‘rganilgan.