Denov Tadbirkorlik va Pedagogika instituti misolida
Bugun yurtimizning barcha hududlari qatori olis tumanlar ham taraqqiyot yo‘liga dadil kirib bormoqda. Ana shunday hududlardan biri bu — Surxondaryo viloyatining Denov tumani. Bu yerda so‘nggi yillarda amalga oshirilgan islohotlar, infratuzilmaning yaxshilanishi, eng muhimi esa — Denov tadbirkorlik va pedagogika institutining tashkil etilishi, nafaqat tumanning, balki butun mintaqaning ijtimoiy-ma’naviy hayotida tub burilish yasadi.
Avvallari talaba bo‘lishni orzu qilgan ko‘plab yoshlar ta’lim izlab yirik shaharlarga borishga majbur bo‘lishar edi. Bu esa nafaqat moliyaviy jihatdan qiyinchilik tug‘dirar, balki oiladan uzoqlashgan yoshlarning ijtimoiy qo‘llab-quvvatlovidan ham ajralishiga olib kelardi. Bugun esa Denovning o‘zida oliy ta’lim olish imkoniyati mavjud — bu o‘zgarishning qadriga aynan shu joyda yashovchi odamlar yaxshi yetadi.
Institut ochilgach, Denov va uning atrofidagi tumanlardan kelgan yuzlab yigit-qizlar o‘z uylariga yaqin joyda zamonaviy, sifatli ta’lim olish imkoniyatiga ega bo‘lishdi. Bu nafaqat ularning kelajagiga, balki butun hududning taraqqiyotiga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Sababi, oliy ta’lim beradigan maskanlar — faqat dars o‘qitadigan joy emas, balki ma’naviyat, madaniyat va tashabbus markazidir.
Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti nafaqat pedagog kadrlar tayyorlaydi, balki tadbirkorlik, axborot texnologiyalari, xorijiy tillar, turizm kabi ko‘plab dolzarb yo‘nalishlarda ham ta’lim beradi. Institut huzurida faoliyat olib borayotgan markazlar, to‘garaklar, ochiq darslar va seminarlar nafaqat talabalar, balki mahalla yoshlarining ham faol ishtirokini ta’minlayapti.
Bugun bu oliy o‘quv yurti Denov tumanida yangicha tafakkurdagi, tashabbuskor, bilimli va ma’suliyatli yosh avlodni tarbiyalashda muhim poydevorga aylangan. Ko‘plab bitiruvchilar aynan o‘z yurti uchun xizmat qilmoqda: maktablarda dars bermoqda, mahalliy tashkilotlarda ishlamoqda, yoki o‘z biznesini yo‘lga qo‘ygan.
Shunday qilib, oliy ta’limning olis hududga “kelishi” — bu ilm-fan, ma’rifat va taraqqiyotning o‘zagi. Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti esa bu haqiqatning yorqin isbotidir. Kelajakda bu kabi maskanlar soni ko‘payib borishi — mintaqaviy tenglik va intellektual rivojlanishning kafolatidir.
Abbos Qurbonov,
Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti filologiya fakulteti o’qituvchisi.