Muxlisa Sobirjonova,
Mohinur Qayumova,
Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti o’qituvchilari.
Bugungi zamon insonidan ko‘p narsa talab qilinmoqda: bilim, tafakkur, odob, ma’naviyat. Bu talablarga javob bera oladigan yagona qudratli vosita — bu kitobdir. Kitob insonni o‘zini anglashga, dunyoni tanishga, yaxshi-yomonni ajratishga, haqiqatni topishga o‘rgatadi. Aynan shu sababli kitobni qalb tarbiyachisi deyishadi.

Har qanday rivojlangan jamiyatning tayanchi — ma’naviyatli avloddir. Ma’naviyat esa kitob bilan yuksaladi. Kitob o‘qish — bu shunchaki so‘zlarni mutolaa qilish emas, balki har bir jumladan saboq olish, muallif tafakkuri bilan hamnafas bo‘lish, qahramonlar hayoti orqali hayotiy saboqlarni o‘zlashtirishdir.
Yosh avlod ongiga kitobning kuchini singdirish, mutolaa madaniyatini shakllantirish — biz, ustozlarning, oldidagi eng muhim vazifalardan biridir. Shu maqsadda muntazam tarzda o‘quvchilarimiz bilan kitobxonlik suhbatlari, adabiy uchrashuvlar, sevimli asarlar tahlili kabi ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar tashkil qilinmoqda. Ushbu jarayonlarda talabalarning kitobga bo‘lgan qiziqishi ortib borayotganini ko‘rish quvonarli hol, zero mutolaa — fikrni charxlaydi, nutqni boyitadi, ma’naviyatni yuksaltiradi.
Aksar hollarda talabalar hayot yo‘lini tanlashda, o‘z yo‘nalishiga sadoqatli bo‘lishda aynan o‘qigan kitoblari orqali ilhom olganini aytadi. Bu esa kitobning hayotdagi hal qiluvchi rolini yana bir bor isbotlaydi. Har bir yosh ongida “Men kitob bilan ulg‘ayaman, u meni tarbiyalaydi” degan fikr joy olishi lozim.
Yaxshi kitob — bu sadoqatli do‘st, xolis ustoz, bag‘rikeng hamroh. U sizni hech qachon yolg‘izlatmaydi, ko‘nglingizga nur sochadi, savollaringizga javob beradi. Bugun yoshlarni ko‘proq o‘qishga jalb qilsak, ertangi kunimiz porloq bo‘ladi.
Shu sababli har bir ustoz, har bir ota-ona, har bir mas’ul shaxs o‘z zimmasidagi burchni unutmasligi kerak.