Milliy liboslarimiz – o‘zligimiz ko‘zgusi

Gulchehra Xabibullayeva,
Shahnoza Turdaliyeva,
Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti
Xorijiy til va adabiyoti quyi kurslar kafedrasi o‘qituvchilari.

Milliy liboslarimizga bo‘lgan e’tibor so‘nggi yillarda sezilarli darajada ijobiy tomonga o‘zgarib bormoqda. Ayniqsa, ta’lim muassasalarida “Milliy liboslar kuni”ning joriy etilishi yoshlarimizda milliy kiyimlarga bo‘lgan mehr va qiziqishni oshirishga xizmat qilmoqda.

Milliy liboslarimiz qadim zamonlardan buyon ajdodlarimizning turmush tarzi, iqlim sharoiti hamda estetik qarashlarini o‘zida aks ettirib kelgan. Masalan, keng choponlar, issiq do‘ppilar nafaqat xalqimizning ma’naviy va madaniy qadriyatlarini yaqqol ifoda etadi, balki turli iqlim sharoitlarida ham qulay va amaliy kiyim sifatida xizmat qiladi.

Liboslarimizdagi naqsh va ranglar ham o‘ziga xos bo‘lib, ular yosh avlodga ajdodlarimizning boy ma’naviy va madaniy merosi haqida ma’lumot beradi. Har bir gul, geometrik shakl yoki islomiy naqsh o‘zida muayyan ma’no, ezgu tilak yoki himoya ramzini mujassam etadi. Masalan, anor – baraka timsoli bo‘lib, farovonlik va to‘kin-sochinlikni ifodalaydi. Bodom esa – hayot va jo‘shqinlik timsolidir.

Atlas, adras, beqasam, shoyi kabi milliy matolar o‘ziga xos tuzilishi va bezaklari bilan ajralib turadi. Ushbu matolardan tayyorlangan kiyimlarni kiyish yoshlar uchun ko‘p jihatdan foydalidir. Chunki adras va atlas kiygan yoshlar o‘z madaniyati, tarixi va merosiga daxldorlik hissini tuyadi. Bu esa ularda o‘zbekligidan faxrlanish tuyg‘usini kuchaytiradi.

O‘z tarixini bilgan, o‘ziga ishongan, milliy qadriyatlariga hurmat bilan qaraydigan yoshlar ilm-fan sari intilishda ham faol, fidoyi bo‘lishadi. Shunday ekan, milliyligimizni asragan holda, talaba-yoshlarni o‘z madaniyatimiz va tariximiz bilan uyg‘unlikda tarbiyalash – eng ulug‘ maqsadlarimizdan biri bo‘lmog‘i zarur.

Previous post Ta’lim – yorqin kelajak poydevori
Next post Oilaviy qadriyatlar – barqaror jamiyat poydevori