Ta’lim – yorqin kelajak poydevori

Har qanday jamiyatning taraqqiyoti va kelajagi, avvalo, ta’lim tizimining qay darajada rivojlanganligiga bevosita bog‘liq. Ta’lim – bu inson kapitaliga qilingan eng muhim sarmoya bo‘lib, u yurt taraqqiyoti, xalq farovonligi va davlat mustahkamligining asosiy omilidir. Shu sababli ham, bugungi kunda mamlakatimizda bu soha davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida alohida e’tiborga ega.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganlaridek, “Yangi O‘zbekiston maktab ostonasidan, ta’lim-tarbiya tizimidan boshlanadi”. Bu so‘zlar zamirida chuqur ma’no va ulkan mas’uliyat mujassam. Zero, kelajak egalarini – bugunning yoshlarini barkamol etib tarbiyalash, ularni zamonaviy bilim va kasb-hunarlar bilan qurollantirish orqali jamiyatda ijobiy o‘zgarishlar va taraqqiyotga erishish mumkin.

Ta’lim insonni nafaqat bilimli qiladi, balki uni ma’naviy boyitadi, dunyoqarashini kengaytiradi, hayotga mustaqil qarashga o‘rgatadi. Bilim dargohlarida – maktab, kollej, texnikum va oliy o‘quv yurtlarida yoshlar nafaqat ilm sir-asrorlarini egallaydilar, balki u yerda vatanparvarlik, fuqarolik mas’uliyati, odob-axloq, mehnatsevarlik kabi yuksak insoniy fazilatlar ruhida ham tarbiyalanadilar.

Bu jarayonda ustoz va murabbiylarning o‘rni beqiyosdir. Ular nafaqat bilim beradilar, balki yosh avlodning dunyoqarashi, tafakkuri va xarakterini shakllantiradilar. Ustoz qalbi – ezgulik va mehr manbai. Ularning sabr-toqat, mehr-muhabbat va fidoyilik bilan qilgan mehnatlari tufayli bugun o‘z kasbida muvaffaqiyatga erishgan minglab insonlar ulg‘ayib, jamiyatga xizmat qilmoqda.

Albatta, ta’lim tizimining muvaffaqiyatli faoliyat yuritishi faqat maktab va ustozlar zimmasida emas. Ota-onalar, keng jamoatchilik, mahalla faollari va davlat tashkilotlari ham bu sohada faol ishtirok etishi, ta’limni qo‘llab-quvvatlashi zarur. Farzandlarimizga o‘qish uchun qulay sharoit yaratish, ularning iste’dodini yuzaga chiqarish, orzulariga qanot bag‘ishlash – har bir ongli fuqaroning burchidir.

Bugungi kunda ta’lim sohasida olib borilayotgan islohotlar bu yo‘nalishdagi ijobiy o‘zgarishlarni yaqqol namoyon etmoqda. Respublikamiz bo‘ylab yuzlab yangi maktablar, litseylar, kollejlar va oliy o‘quv yurtlari bunyod etilmoqda. Ularning moddiy-texnik bazasi yangilanmoqda, ilg‘or xorijiy tajribalarga asoslangan o‘quv dasturlari joriy qilinmoqda. Yangi darsliklar, elektron platformalar, interaktiv o‘quv-uslubiy vositalar orqali ta’lim sifati tobora yaxshilanmoqda. O‘qituvchilarning malakasini oshirish, ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash choralari ko‘rilmoqda.

Shuningdek, bugungi yoshlarning raqamli texnologiyalar, innovatsiyalar, chet tillarini egallashga bo‘lgan intilishlari ham yurtimizda intellektual salohiyatli avlod kamol topayotganidan dalolat beradi. IT maktablar, STEAM markazlar, kasb-hunar markazlarining tashkil etilishi bu boradagi ijobiy siljishlarning amaliy ko‘rinishidir. Bu esa mamlakatimizning global raqobatga bardosh beradigan, zamonaviy bilimga ega yoshlar tayyorlayotganidan darak beradi.

Xulosa qilib aytganda, ta’lim – bu shunchaki bilim olish emas, balki inson hayotini mazmunli, jamiyatni esa taraqqiy etgan holatga olib boradigan asosiy kuchdir. Har birimiz ushbu muqaddas sohaga e’tibor bilan qarasak, uni rivojlantirishga o‘z hissamizni qo‘shsak, shubhasiz, kelajagimiz yorqin, mustahkam bo‘ladi.

Muattar TEMIROVA,
Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti o‘qituvchisi.

Previous post Taqdirlash marosimi
Next post Milliy liboslarimiz – o‘zligimiz ko‘zgusi