Jinoyatga jazo muqarrar

Ma’naviyati nuqsonli bo‘lgan kishi borki, xatti-harakati oqibatini o‘ylamay  ish qilib, jinoyatchi, degan tamg‘ani orttirib oladi. Bugun e’tiboringizga havola etilayotgan jinoyat tafsiloti ishtirokchi ham bir umidvor mushtipar oilaning boshlig‘i, uch nafar voyaga yetmagan farzandning otasi.  

Afsuski, jinoyat yo‘lini tanlagan yigit jismonan sog‘lom, tog‘ni ursa talqon qiladigan yoshda. Biroq, u og‘irning ustidan, yengilning ostidan o‘tishni afzal ko‘rgan shaxs. 

Sudning hukmiga ko‘ra, sudlanuvchi Alimov Ilxom Turabovich (ismi sharifi o‘zgartirilgan) 2024 yilning fevral oyida dastlabki tergovda aniqlashning imkoni bo‘lmagan vaqtda marhum bobosi Djalilov Axmad Jalilovichdan qolgan “Gashish” giyohvandlik vositasini egallab olib, o‘zida yashirin ravishda saqlab yurganligi sababli 2024 yil 01 noyabr kuni soat 16:00 larda shubha tug‘dirganligi uchun Denov tumani IIB xodimlari tomonidan Denov tumani, “S.Olloyor” mahallasi hududida ushlanib, uning yonlari ko‘zdan kechirilganida, shimining old o‘ng cho‘ntagida selofon paketga o‘ralgan holda turgan “Gashish” giyohvandlik vositasini iste’mol qilish maqsadida yonida saqlab yurganligi aniqlanib, ushbu “Gashish” giyohvandlik vositasi ashyoviy dalil tariqasida xolislar ishtirokida hujjatlashtirib olingan.

Viloyat IIB EKMning 07.11.2024 yildagi 393-sonli xulosasiga ko‘ra, fuqaro I.Alimovdan olingan selafon bo‘lagi ichida bo‘lgan №-1 paketdagi to‘q malla rangli, o‘ziga xos hidli qo‘l bilan ushlab ko‘rilganda yopishqoq plastilinsimon moddalar tarkibida faol giyohvand modda “tetragidrokannabinol” mavjud bo‘lib, giyoxvand vositalar turiga kiradi va “Gashish” giyohvandlik vositasi deb nomlanishi va uning sof og‘irligi 1,81 gramm ekanligi ko‘rsatilgan.

         Sudda Alimov Ilxom Turabovich aybiga to‘liq iqror va pushaymonlik bildirib suddan qonuniy yengillik berishni so‘ragan.

         Ushbu jinoyat ishi jinoyat ishlari bo‘yicha Denov tuman sudi tomonidan ko‘rib chiqilib, ish hujjatlari atroflicha o‘rganilib, sudning 2025 yil                       3 mart kunidagi hukmiga ko‘ra, Alimov Ilxom Turabovichga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JK 276-moddasi 2-qismining “b” bandi bilan                  3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanib, unga JKning 60-moddasi tartibida, jinoyat ishlari bo‘yicha Denov tuman sudining 18.11.2022 yildagi hukmi bilan tayinlanib, o‘talmay qolgan 1 yil 8 oy                    7 kun jazosini, mazkur hukm bo‘yicha tayinlangan jazoga qisman qo‘shish yo‘li bilan hukmlar majmui tariqasida  uzil-kesil 3 yil 2 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 20-moddasi 4-qismida, davlat organlari tomonidan insonga nisbatan qo‘llaniladigan huquqiy ta’sir choralari mutanosiblik prinsipiga asoslanishi va qonunlarda nazarda tutilgan maqsadlarga erishish uchun yetarli bo‘lishi kerakligi;

         O‘zbekiston Respublikasi JKning 8-moddasida, jinoyat sodir etgan shaxsga nisbatan qo‘llaniladigan jazo yoki boshqa huquqiy ta’sir chorasi odilona bo‘lishi, ya’ni jinoyatning og‘ir-yengilligiga, aybning va shaxsning ijtimoiy xavflilik darajasiga muvofiq bo‘lishi kerakligi;

           JKning 42-moddasida jazo mahkumni axloqan tuzatish, uning jinoiy faoliyatini davom ettirishga to‘sqinlik qilish hamda mahkum, shuningdek boshqa shaxslar yangi jinoyat sodir etilishining oldini olish maqsadida qo‘llanilishi;

          ushbu Kodeksning 54-moddasi 2-qismida, sud jazo tayinlashda sodir etilgan jinoyatning xususiyati va ijtimoiy xavflilik darajasini, qilmishning sababini, yetkazilgan zararning xususiyati va miqdorini, aybdorning shaxsni hamda jazoni yengillashtiruvchi va og‘irlashtiruvchi holatlarni hisobga olishi lozimligi qayd qilingan.    

Jinoyat ishi Surxondaryo viloyat sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati kassatsiya instansiyasida sudlangan I.Alimovning advokati tomonidan bildirilgan kassatsiya tartibidagi shikoyatiga asosan 2025 yil mart oyining 3 kuni ko‘rib chiqilib, birinchi bosqich sudi sudlanuvchi I.Alimovning jinoiy harakatini to‘g‘ri kvalifikatsiya qilib, unga nisbatan jazo turi va miqdorini belgilashda, yuqoridagi qonun talablari va  O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2006 yil 3 fevraldagi “Sudlar tomonidan jinoyat uchun jazo tayinlash amaliyoti to‘g‘risida”gi 1-sonli qarorining 3-bandidagi, “Jinoyat kodeksining 8,54-moddalari mazmuniga ko‘ra, jazo adolatli bo‘lishi, har bir holatda individual tayinlanishi, jinoyatning xususiyati va ijtimoiy xavflilik darajasiga, aybdorning shaxsiga, shuningdek jazoni yengillashtiruvchi va og‘irlashtiruvchi holatlariga muvofiq bo‘lishi kerak”ligi haqidagi tushuntirishlariga rioya etgan holda, jazoni yengillashtiruvchi va og‘irlashtiruvchi holatlarni, aybiga iqrorligini, jabrlanuvchilarning da’vosi yo‘qligini, yoshligini inobatga olib, ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlab, qonuniy va adolatli to‘xtamga kelganligi sababli, jinoyat ishlari bo‘yicha Denov tuman sudining 2025 yil 14 yanvar kunidagi hukmi o‘zgarishsiz, shikoyat qanoatlantirilmasdan qoldirilgan.

            Halqimizda “Sayoq yursang tayoq yeysan” degan dono bir hikmat bor. 

Mana ko‘za kunda emas, kunida sinadigan kun keldi. Qonunning qo‘li uzun, nigohlari o‘tkir. Uning nazaridan, qat’iy talabidan, qolaversa, jazodan qochib qutilib bo‘lmaydi.  

J.Xudoyberdiyev,
Surxondaryo viloyat sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati sudyasi.                      

Previous post Korrupsiyaga qarshi kurashish
Next post O‘zbekiston Prezidenti Jahon triatlon ittifoqi bilan hamkorlikni kengaytirish rejalarini olqishladi

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *