Oʻzganing mulkini yashirin ravishda talon-toroj qilish yoki oʻgʻrilik iqtisodiyot sohasidagi eng keng tarqalgan jinoyatlardan biridir. Talon-toroj qilishning barcha shakllari ichida oʻgʻrilik jinoyati sodir etilish usuli jihatidan eng xavfi kamrogʻi deb topilishi mumkin: unda jismoniy yoki ruhiy taʼsir etish qoʻllanilmaydi; aybdor uni sodir etishda oʻzidagi vakolatlardan va mol-mulkni egallashda aldashdan foydalanmaydi. Aybdor huquqqa xilof va yashirin ravishda, yaʼni boshqa shaxslardan yashirin holda mulkdorning xohish-irodasiga qarshi oʻzganing mulkini oʻzlashtiradi va uni oʻzining mulki sifatida tasarruf eta boshlaydi. Biroq oʻgʻrilik, statistika koʻrsatishicha, oʻzganing mulkini talon-toroj qilishning eng keng tarqalgan usulidir va bu uning ijtimoiy xavfliligini oshiradi.
Oʻgʻrilik jinoyatining obyekti oʻzganing mulkidir. Mulk sifatida faqatgina ixtiyoriy holatdagi va shakldagi, iqtisodiy qiymatga ega boʻlgan tovar-moddiy boyliklar, shuningdek, narxning umumiy ekvivalenti sifatida, maxsus tovar sifatida, boshqa turdagi mulk narxini aks ettiruvchi pul hisoblanishi lozim.
Shuni taʼkidlash joizki, oʻgʻrilik uchun oʻzganing egaligida boʻlgan mulkni olib qoʻyish xosdir. Biroq oʻgʻrilik aybdorning mulkka nisbatan tasarruf etish va foydalanish huquqidan tashqari boshqa muayyan huquqi boʻlgan mulkni oʻgʻirlash va egallashga ham qaratilishi mumkin. Bu yerda ishlab chiqarishda ishchi tomonidan xom ashyoni yoki tayyor mahsulotni, jabrlanuvchi tomonidan vaqtincha qarab turishga tashlab ketilgan mulkni, doʻkonda kiyib koʻrish uchun olingan mulkni, aravakashga yetkazib berish uchun topshirilgan mulkni oʻgʻrilash nazarda tutilmoqda.
Shu kabi holat JIB Denov tuman sudining 2025-yil fevral oyining 21-kunida oʻz binosida oʻtkazilgan ochiq sud majlisida koʻrib chiqildi. Sudlanuvchi G.A.Bobojonova oʻta xavfli retsidivist boʻlgan holda, ilgari sodir qilgan jinoyiy qilmishlaridan tegishli xulosa chiqarmasdan, qayta jinoyat sodir etish yoʻliga kirib, gʻayriqonuniy ravishda moʻmaygina daromad olish maqsadida 2024-yil 2-dekabr kuni jinoyiy harakatlarini amalga oshirish maqsadida soat 10:20 larda Denov tumani “Bahoriston” mahallasida joylashgan Chorzu savdo markazidagi 38-sonli savdo doʻkoniga kelib, fuqaro A.M.Alimardonovaning yashil rangli ayollar hamyonini doʻkonga kirish joyida qarovsiz qoldirgan vaqtida, atrofda hech kim yoʻqligidan foydalanib, yashirin ravishda fuqaro A.M.Alimardonovaning ichida jami 6.000.000 soʻm pul, 100 AQSh dollari va 1 AQSh dollari boʻlgan hamyonini yashirin ravishda olib ketib, oʻzining jinoyiy harakatlari bilan oʻgʻrilik jinoyatini sodir qilganligi aniqlandi.
Sudlanuvchi G.A.Bobojonova Oʻzbekiston Respublikasi JK 169-moddasi 4-qismi “b” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilganlikda aybli deb topildi.
Sudlanuvchi Bobojonova Gulnoz Abdulhaevnaga Oʻzbekiston Respublikasi JK 169-moddasi 4-qismining “b” bandi bilan JKning 57-moddasini qoʻllab, 5 (besh) yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Shunday qilib, barcha holatlarda oʻgʻrilikni yashirin deb topishning hal qiluvchi ahamiyati bu holatni aybdorning oʻzi tomonidan baholanishi hisoblanadi. Shuningdek, agar aybdor yashirin harakat qildim deb hisoblasa, lekin oʻgʻrilik fakti kim tomondandir anglangan boʻlsa ham, aybdor harakatlari oʻgʻrilik sifatida kvalifikatsiya qilinadi. Masalan, transport vositasidagi kissavurlik, agar uni kimdir uzoqdan kuzatib turgan boʻlsa ham, shundayligicha qolaveradi. Biroq, agar oʻgʻri qilayotgan ishni kimningdir jinoyiy harakat ekanligini anglab yetganini bilib qolsa, u oʻz harakatlarini toʻxtatib, oʻgʻrilik sodir etilgan joydan yashirinsa, bunda qilmish JK 169-moddasi tegishli qismi va 25-moddasi 2-qismi bilan kvalifikatsiya qilinadigan oʻgʻrilikka suiqasd qilish hisoblanadi. Agar aybdor huddi shunday obyektiv va subyektiv holatlarda, mulkka daxli borligini uchinchi shaxslar bilib qolganini sezib qolsa, biroq jinoyatning muayyan holatlaridan foydalanib uni oxirigacha yetkazsa va oʻgʻirlangan buyumlar bilan yashirinishga harakat qilsa, u oʻzganing mulkini oshkora talon-toroj qilganlik uchun javobgarlikka tortiladi.
S.B.Butaev,
JIB Denov tuman sudi raisi.