Bugungi kunda mamlakatimizda oila institutini mustahkamlash, xotin-qizlarning huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, ularning jamiyatdagi faolligini oshirish hamda oilalarda sog‘lom ma’naviy muhitni qaror toptirish davlat siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biriga aylangan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 14-martdagi “Oila va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-103-son qarori bu boradagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilmoqda.
Mazkur qarorda xotin-qizlarning bandligini ta’minlash, ularni kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitish, oliy ta’lim bilan qamrab olish, ehtiyojmand xotin-qizlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash kabi qator ustuvor vazifalar belgilangan.
Bu vazifalarning zamirida, eng avvalo, oilaning mustahkamligi va farovonligini ta’minlash maqsadi mujassam. Chunki jamiyatning barqarorligi oiladagi muhit, o‘zaro hurmat, huquqiy madaniyat va mas’uliyat bilan chambarchas bog‘liq.
O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksida ham nikoh va oila munosabatlarining muhim huquqiy asoslari mustahkamlab qo‘yilgan. Xususan, nikohning ixtiyoriyligi, er va xotinning oilada teng huquqliligi, farzandlar tarbiyasidagi mas’uliyati, mulkiy hamda boshqa huquq va majburiyatlari qonunchilik bilan tartibga solingan.
Shu jihatdan Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlarining faoliyati alohida ahamiyatga ega. FHDY organi inson hayotidagi eng muhim voqealar — tug‘ilish, nikoh tuzish, nikohdan ajralish, o‘lim va boshqa fuqarolik holati dalolatnomalarini qonunchilik asosida qayd etib boradi.
Ayniqsa, nikohni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish shunchaki rasmiy jarayon emas. Bu ikki insonning oila qurish borasidagi qaroriga huquqiy maqom berilishi, ularning o‘zaro huquq va majburiyatlari vujudga kelishining muhim bosqichidir.
Shuning uchun nikoh qurayotgan yoshlarning oilaviy hayotga nafaqat ma’naviy, balki huquqiy jihatdan ham tayyor bo‘lishi muhim. Yoshlar nikohning mazmun-mohiyati, er-xotinning huquq va majburiyatlari, farzand tarbiyasidagi mas’uliyat hamda oilaviy munosabatlarda o‘zaro hurmatning ahamiyatini chuqur anglab yetishi lozim.
Huquqiy bilimga ega oila o‘z hayotida uchraydigan ko‘plab masalalarga qonuniy yechim topa oladi. Ayniqsa, oilaviy nizolarning oldini olishda tomonlarning o‘z huquqi bilan bir qatorda majburiyatlarini ham bilishi muhim ahamiyat kasb etadi.
Bugungi islohotlarning yana bir muhim jihati — xotin-qizlarning oiladagi o‘rni bilan bir qatorda jamiyatdagi faolligini oshirishga katta e’tibor qaratilayotganidir. Ayollarning bilim olishi, kasb egallashi, mehnat qilishi va tadbirkorlik bilan shug‘ullanishi uchun yaratilayotgan imkoniyatlar oilalar iqtisodiy barqarorligiga ham xizmat qilmoqda.
Prezidentimizning PQ-103-son qarorida belgilangan vazifalar ham ana shu maqsadlarning amaliy ifodasidir. Xotin-qizning huquq va manfaatlari ta’minlangan, oila a’zolari o‘z mas’uliyatini his qiladigan xonadonda sog‘lom muhit, o‘zaro ishonch va farovonlik qaror topadi.
FHDY organlari faoliyatida fuqarolarga sifatli davlat xizmatlarini ko‘rsatish bilan bir qatorda, nikoh va oila qonunchiligining mazmun-mohiyatini aholiga yetkazish, yoshlarning huquqiy savodxonligini oshirish ham muhim ahamiyatga ega.
Zero, mustahkam oila — farovon mahalla, huquqiy ongli jamiyat va barqaror taraqqiyotning poydevoridir. Oilaga qaratilgan har bir e’tibor, uning huquqiy asoslarini mustahkamlashga qaratilgan har bir sa’y-harakat, aslida, mamlakatimiz kelajagiga qaratilgan e’tibordir.
Choriyeva Muhabbat Ibroximovna
Denov tuman adliya bo‘limi FHDY bo‘limi 2-toifali inspektori
Mustahkam oila — huquqiy va farovon jamiyat poydevori