Dehqonlar — xalq dasturxoniga baraka ulashmoqda

#Denovda_oltin_boshoqlar_xirmoni_baland_ko‘tarildi



Denov tumanida g‘alla o‘rim-yig‘im mavsumi uyushqoqlik bilan davom etmoqda. Mavsumni qisqa muddatlarda, sifatli va nest-nobud qilmasdan yakunlash borasida ilg‘or tajribalarni amaliyotga tatbiq etayotgan fermerlar hamda hudud faollarining mehnati munosib rag‘batlantirilmoqda.

Shu munosabat bilan Denov tumani hokimi Anvar Normamatov tomonidan «Hazorbog‘-2» hududi raisi Chori Berdiyeshiv taqdirlandi.

Hudud raisining fermer xo‘jaliklari bilan olib borgan samarali ishlari, mavsumiy tadbirlarni puxta tashkil etgani va hosilni o‘z vaqtida yig‘ib olish bo‘yicha ko‘rsatgan tashabbuskorligi natijasida hududdagi 43 ta fermer xo‘jaligidan 40 tasi davlatga g‘alla topshirish rejasini ortig‘i bilan bajardi.

Xususan, “Panji”, “Shamshod”, “Humoyuddin Fayz” hamda “Hakim Agro Yangi” fermer xo‘jaliklari yuqori natijalarga erishib, davlat xarid rejasiga nisbatan 250 tonnadan ortiq qo‘shimcha g‘alla topshirdi. Bu esa hudud dehqon va fermerlarining fidokorona mehnati, yerga bo‘lgan mas’uliyatli munosabati hamda agrotexnik tadbirlarning o‘z vaqtida amalga oshirilganidan dalolat beradi.

Ayni paytda qolgan 3 ta fermer xo‘jaligida ham g‘alla o‘rimi qizg‘in davom etmoqda. Mutaxassislar hisob-kitoblariga ko‘ra, ushbu xo‘jaliklar ham mavsum yakuniga qadar belgilangan rejani ortig‘i bilan ado etishi kutilmoqda.

Denov tumani hokimi Anvar Normamatov fermerlar va hudud faollarining mehnatini yuksak baholab, qishloq xo‘jaligida erishilayotgan bunday natijalar tumanning iqtisodiy salohiyatini mustahkamlash, aholi farovonligini oshirish hamda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda muhim o‘rin tutishini ta’kidladi.

«Hazorbog‘-2» hududida erishilgan yutuqlar bugungi kunda Denov tumanida g‘alla o‘rim-yig‘im mavsumi yuqori sur’atlarda olib borilayotganining yana bir yorqin tasdig‘i bo‘lib, boshqa hududlar uchun ham ibratli tajriba vazifasini o‘tamoqda.

Previous post Oʻzbekiston Prezidenti Malayziya Bosh vaziri bilan uchrashuv oʻtkazdi
Next post SUN’IY INTELLEKT VA TA’LIM: ZAMONAVIY TA’LIM TIZIMINING YANGI BOSQICHI

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *