Denov tumani hokimi Anvar Normamatov boshchiligida tegishli korxona va tashkilot rahbarlari hamda mas’ul mutasaddilar ishtirokida yaqinlashib kelayotgan Qurbon hayiti bayramiga tayyorgarlik ko‘rish, hududlarni obodonlashtirish va sanitariya holatini yaxshilash masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi.
Yig‘ilish davomida tumandagi barcha mahallalar, xonadonlar, istirohat bog‘lari, ziyoratgohlar va qabristonlarni tartibga keltirish, hududlarda tozalik va obodonlashtirish ishlarini kuchaytirish, ariqlarni tozalash, chiqindilarni o‘z vaqtida olib chiqish hamda ko‘kalamzorlashtirish ishlarini jadallashtirish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi.
Shuningdek, bayram kunlari aholi uchun qulay va ozoda muhit yaratish, jamoat joylarida sanitariya-gigiyena talablariga qat’iy rioya etish, elektr energiyasi, tabiiy gaz va ichimlik suvi ta’minotining uzluksiz ishlashini ta’minlash bo‘yicha tegishli tashkilot rahbarlariga aniq vazifalar yuklatildi.
Yig‘ilish davomida har bir mahalla kesimida olib borilayotgan ishlar tanqidiy-tahliliy asosda ko‘rib chiqilib, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish, belgilangan vazifalarni o‘z vaqtida va sifatli bajarish yuzasidan mas’ullarga vazifalar berildi.
Shundan so‘ng, tuman hokimi Anvar Normamatov Sharof Rashidov ko‘chasi bo‘ylab «Istiqbol», So’fi Olloyor, «Bog’i nav» mahallalar hududlarini piyoda ko‘zdan kechirdi. Jarayonda yashash xonadonlari, ijtimoiy obyektlar hamda yo‘l bo‘yidagi infratuzilma obyektlarining sanitariya va obodonlashtirish holati o‘rganilib, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan mas’ullarga tegishli topshiriq va ko‘rsatmalar berildi.
Yakunda barcha tashkilot va xizmatlarga bayram arafasida hududlarni namunali holatga keltirish, aholiga munosib sharoit yaratish hamda obodonlashtirish ishlarini tizimli va samarali tashkil etish yuzasidan qat’iy vazifalar belgilab berildi.