Ma’muriy sudlarga murojaat qilishda muddatning ahamiyati

Bugungi kunda mamlakatimizda sud-huquq sohasida qator islohotlar amalga oshirilib, fuqarolarning sudlarga bo‘lgan ishonchini oshirishga, qonun ustivorligini ta’minlashga bu orqali sud-huquq sohasini rivojlantirishga harakat qilinmoqda.

O‘z o‘rnida fuqarolarning huquq va erkinliklari kafolatini ta’minlash uchun fuqarolardan ham huquqiy munosabatlarda e’tiborli bo‘lish, qonunchilik hujjatlarining ayrim jihatlariga alohida ahamiyat qaratish talab etiladi.

Davlat boshqaruv organlarining faoliyati bilan bog‘liq munosabatlarda fuqarolarning huquqlarini sud orqali himoya qilishda muddat masalasiga e’tibor qaratish juda muhimdir.
O‘zlarining buzilgan yoki nizolashayotgan huquqlarini himoya qilish maqsadida sudga murojaat qiluvchilar qonunda belgilangan prosessual muddatlarga amal qilishi lozim. Aks holda o‘tkazib yuborilgan muddatlar sudga murojaat qiluvchilar uchun hal qiluvchi ahamiyat kasb etishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi MSIYutKning 186-moddasiga ko‘ra, agar ushbu Kodeksda yoki o‘zga qonunlarda boshqa muddatlar belgilanmagan bo‘lsa, ma’muriy organning, fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organining, ular mansabdor shaxslarining qarori, harakati (harakatsizligi) ustidan ariza (shikoyat) manfaatdor shaxsga o‘zining huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari buzilganligi to‘g‘risida ma’lum bo‘lgan paytdan e’tiboran olti oy ichida sudga berilishi mumkin.

Shuningdek, davlat ijrochisining qarorini haqiqiy emas, harakatlarini (harakatsizligini) qonunga xilof deb topish to‘g‘risidagi ariza (shikoyat) manfaatdor shaxsga o‘zining huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari buzilganligi to‘g‘risida ma’lum bo‘lgan paytdan e’tiboran o‘n kun ichida sudga berilishi mumkin.

Ariza (shikoyat) berishning uzrli sababga ko‘ra o‘tkazib yuborilgan muddati sud tomonidan tiklanishi mumkin. Biroq bunda sudga arz qiluvchi o‘tkazib yuborilgan muddatning uzrli ekanligini asoslash uchun arzirli sabab ko‘rsatishi lozim. Aks holda sud tomonidan muddatni tiklash rad etilishi mumkin.
Albatta ma’muriy sudlarga murojaat qilishning prosessual muddati boshqa sudlarga murojaat qilish muddatlaridan keskin farq qiladi. Shu sababli ham aynan ma’muriy munosabatlarda muddat masalasiga alohida e’tibor qaratish lozim bo‘ladi.

Ushbu sudga murojaat qilish muddatining qisqaligi ma’muriy xatti-harakatlar, ma’muriy hujjatlarning barqarorligini ta’minlash maqsadi bilan chambarchas bog‘liqdir.
Xorijiy mamlakatlarning ko‘pchiligida ma’muriy sudlarga murojaat qilishning muddatlari qisqaligini ko‘rish mumkin. Bunda xorijiy amaliyotda ma’muriy nizo bo‘yicha sudga murojaat qilishning belgilangan muddati bizga nisbatan kam va bizga nisbatan ko‘p mamlakatlar ham bor.

Misol uchun Ozorbayjon davlati amaliyotidan ko‘radigan bo‘lsak, Ozarbayjon ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksining 38-moddasiga ko‘ra, ma’muriy akt manfaatdorga taqdim etilgandan, yoki unga ushbu ma’muriy akt haqida ma’lum qilingandan boshlab 30 kunlik muddatda sudga murojaat qilinishi mumkin.

Shuningdek, ma’muriy nizolarning alohida ish toifalarida misol uchun siyosiy partiyalarning faoliyati bilan bog‘liq nizolarda 10 kunlik, Ommaviy axborot vositalari bilan bog‘liq ishlarda 10 kunlik, saylov bilan bog‘liq nizolarda 3 kunlik, agar saylovga 30 kundan kam vaqt qolgan bo‘lsa 2 kunlik muddatlar belgilangan.

Germaniya qonunchiligiga ko‘ra esa, ma’muriy nizolar bo‘yicha sudga murojaat qilish muddati ham sudda ishni ko‘rib chiqish muddati ham alohida belgilanmagan. Bunda prosessual muddatlarni belgilashda har bir ish bo‘yicha individual yondashish huquqi ishni ko‘rayotgan sudya ixtiyoridadir.

Bizning qonunchiligimizda ham alohida ish toifalari uchun muddatlar belgilangan misol uchun, umumiy arz qilish muddati 6 oy etib belgilanish bilan birga, davlat ijrochisining qarori yoki xatti-harakatiga nisbatan o‘n kunlik muddatda, nomzod ko‘rsatgan siyosiy partiyalar organlari, nomzodlar, ishonchli vakillar, kuzatuvchilar va saylovchilar saylov komissiyalarining qarorlari ustidan ushbu qarorlar qabul qilinganidan keyin besh kun ichida sudga shikoyat qilinishi mumkin. Markaziy saylov komissiyasining qarorlari ustidan qaror qabul qilinganidan keyin besh kun ichida O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudiga shikoyat qilinishi mumkin.

Xorijiy amaliyotda ham milliy qonunchiligimizda ham ma’muriy nizolar bo‘yicha prosessual muddatlarning o‘tishi qabul qilingan ma’muriy hujjat haqida arizachi (manfaatdor)ga ma’lum bo‘lgan paytdan boshlab o‘ta boshlashi haqidagi umumiy qoida belgilangan.

Termiz tumanlararo ma’muriy sudining raisi
Abdulakimov Anvar Boltayevich

Termiz tumanlararo ma’muriy sudining sudyasi
Jo‘rayev Dilmurot Muxtorovich

Previous post Denov tumani hokimi fuqarolar muammolarini hal etmoqda
Next post Mo‘g‘uliston Prezidenti tantanali kutib olindi