Boshlang‘ich ta’limda didaktik o‘yinlarning ahamiyati

Boshlang‘ich ta’lim inson hayotidagi muhim bosqich bo‘lib, bu davrda bolalarning bilim olishga bo‘lgan qiziqishi, diqqati va ko‘nikmalari shakllanadi. Boshlang‘ich sinflarda ta’lim jarayonini samarali va qiziqarli qilishda didaktik o‘yinlar muhim rol o‘ynaydi. Didaktik o‘yin — ta’lim maqsadlariga mo‘ljallangan, bilim va ko‘nikmalarni o‘yin shaklida o‘rgatish vositasidir. U bolalarning fikrlash, diqqat va xotirasini rivojlantirishga yordam beradi. Boshlang‘ich ta’limda didaktik o‘yinlarning asosiy vazifalari bolalarning diqqat va xotirasini rivojlantirish, ma’naviy va jismoniy faollikni oshirish, mustaqil fikrlash va muammo yechish qobiliyatlarini shakllantirish, yoshga mos bilim va ko‘nikmalarni o‘yin orqali o‘rgatish, guruhda hamkorlik qilishni o‘rgatishdan iboratdir.

Boshlang‘ich sinflarda qo‘llaniladigan didaktik o‘yinlar turlari juda ko‘p. Misol qilib aytadigan bo‘lsak, so‘z va harf o‘yinlari orqali o‘quvchilar yangi so‘zlar va harflarni o‘yin shaklida o‘rganishadi. Matematik o‘yinlar orqali qo‘shish, ayirish va boshqa arifmetik amaliyotlarni o‘yinda bajarish, raqamlar bilan ishlashni o‘rganishadi. Tabiat ob’yektlarni tanitish va ularni saqlashni esa tabiat va atrof-muhit haqidagi o‘yinlar orqali o‘zlashtirishadi. Guruhlarda ishlash ko‘nikmalarini rivojlantirish uchun esa jamoaviy o‘yinlarning ahamiyati kattadir. Didaktik o‘yinlar orqali yangi bilimlar va ko‘nikmalar yana bir bor takrorlanadi va mustahkamlanadi. Zero, o‘yinlar bolalarda murakkab masalalarni hal qilishga, o‘z-o‘zini boshqarishga o‘rgatadi. Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, didaktik o‘yinlar bolalarda o‘qishga qiziqish uyg‘otadi, ularning bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlashga yordam beradi. Shuningdek, o‘yin orqali bolalarning ijodiy fikrlashlari va muammolarni yechish qobiliyatlari rivojlanadi.

Boshlang‘ich ta’limda didaktik o‘yinlarning ahamiyati katta va ular ta’lim jarayonini samarali hamda qiziqarli qilishda muhim vosita hisoblanadi. Ular orqali bolalar faqat bilim olibgina qolmay, balki ijodiy, mustaqil va jamoaviy ko‘nikmalarni ham rivojlantiradilar. Shu bois, har bir o‘qituvchi ta’limda didaktik o‘yinlarni faol qo‘llashi zarur.

Bolalarga o‘yinni o‘rgatishdan muayyan ta’limiy maqsad nazarda tutiladi. O‘yinning eng muhim ahamiyati ham ana shundadir, qiyin o‘tkazilish shakllari va usullari bilan ta’limning boshqa turlaridan farq qiladi. Didaktik o‘yinlar o‘yin usullarini cheksiz takrorlash va o‘zgartirish, o‘yinga turli narsalar kiritish imkonini beradi. Masalan, biz «Jimjitlik» o‘yinining 5–7 xilini butun sinf bilan hamda ayrim bolalar bilan 10 martadan ko‘proq takrorlab o‘tkazdik; «Nima o‘zgardi?» tipidagi o‘yin 5 xil turli ko‘rsatmali material bilan o‘tkazildi va hokazo. Natijada o‘yin malakalarining bir xilda va mustahkam bo‘lishiga hamda o‘yinning har bir qoidasini tinglay bilish va unga rioya qilinishiga erishish imkonini berdi.

Didaktik o‘yinlar o‘zining shakli jihatidan asosan bog‘chada o‘ynaladigan ijodiy o‘yinlardan ham, o‘qituvchi o‘zi hikoya qilib berish yo‘li bilan tushuntiradigan va o‘quvchilarni birma-bir so‘rab chiqish natijasida mustahkamlanadigan o‘yinlardan ham har tamonlama farq qiladi.

Didaktik o‘yinlar o‘qitish vazifasiga xizmat qiladi va qiziqarli, maroqli, tushunarli darajada olib boriladi. Bolalar g‘olib chiqish maqsadida jonu dili bilan mashq qiladilar, berilgan har bir topshiriqni albatta bajarishga odatlanib qoladilar, natijada ularda didaktik topshiriqlarni bajarishga bo‘lgan qiziqish orta boradi.

Didaktik o‘yinlar har bir darsning maqsadini, har bir mashqning maqsad va vazifalarini yaxshiroq tushunib olishga yordam beradi. Didaktik o‘yinlar ta’limning ko‘rgazmaliligini, o‘qituvchining nutqini va bolalar harakatini o‘z ichiga oladi, buning natijasida idrokda (ko‘rish, eshitish, teri sezgisi belgilarida) birlik tug‘iladi. Bu esa o‘qituvchining aytganlarini bolalarning o‘ylab olishiga va o‘sha aytilganlarni ifodalab berishlariga, ya’ni didaktik o‘yinlar qoidalarini o‘quvchilarning o‘zlari bajarishlariga imkon beradi.

Muslima Abdurahmonova,
Sho‘rchi tumanidagi 14-umumta’lim maktabining boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi.

Previous post Ta’lim va tarbiya: Insonning barkamol rivojlanishining asosi
Next post O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Markaziy Osiyo – Italiya” sammitidagi nutqi