Boshlang‘ich ta’lim va tarbiya–bolaning shaxs sifatida shakllanishidagi ilk va eng muhim bosqichdir. Bu davrda bola faqat o‘qishnigina emas, balki yaxshi xulq-atvorni, odob-axloqni, mehr-oqibatni ham o‘rganadi. Shu bois, boshlang‘ich ta’lim va tarbiya nafaqat bilim berish, balki insonni tarbiyalash jarayoni hamdir. Bolalarning dunyoqarashi, nutqi, tafakkuri, munosabatlari aynan shu davrda shakllanadi. Ustoz va tarbiyachilar ularga eng birinchi bilimni berish barobarida, hayotga bo‘lgan munosabatni, mehr-muruvvatni, Vatanga muhabbatni ham singdiradilar.
Boshlang‘ich sinflarda ta’lim berish juda mas’uliyatli jarayon. Bolalar yoshiga mos ravishda darslarni qiziqarli, o‘yinlar va ijodiy topshiriqlar bilan boyitilgan holda tashkil qilish ularda bilimga qiziqish uyg‘otadi. Shu bilan birga, tarbiyaviy suhbatlar, milliy qadriyatlar, odob-axloq darslari ham muhim ahamiyatga ega. Boshlang‘ich ta’limda ota-onalarning ishtiroki ham juda muhim. Chunki bola birinchi tarbiyani oilada oladi. Maktab va oila birgalikda harakat qilsa, natija samarali bo‘ladi. Bolada kitob o‘qish, tozalikka rioya qilish, kattalarga hurmat, kichiklarga mehr kabi xislatlar shakllanadi.
Boshlang‘ich ta’lim va tarbiya – inson kamolotining birinchi poydevori. Bu poydevor mustahkam bo‘lsa, kelajakda barkamol avlod voyaga yetadi. Shuning uchun ham ustozlar, tarbiyachilar va ota-onalarning hamjihatlikdagi harakati orqali bolalarga sog‘lom ta’lim va tarbiya berish – eng ulug‘ vazifadir. Boshlang‘ich ta’lim va tarbiya inson hayotidagi eng muhim va asosiy davrlardan biridir. Bu bosqichda bola nafaqat yozish, o‘qish, hisoblash kabi bilimlarni o‘rganadi. Boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi faqat dars o‘tuvchi emas — u bolaning dastlabki ustozi, unga hayot saboqlarini beruvchi mehribon kishidir. Shu sabab, bu davrdagi ta’limga axloqiy tarbiya hamroh bo‘lishi shart.
Maktab — bilim kutubxonasi, hayot maktabi, kelajak sari ochiladigan darvoza. Bolajonlar uchun esa — yangi dunyo, yangi do‘stlar va yangi sinovlar boshlanuvchi muqaddas maskandir. Bola birinchi marta maktab ostonasini bosib o‘tganida, u butunlay yangi hayotga qadam qo‘yadi. Endi u o‘yinchoqlar bilan emas, kitoblar va daftarlar bilan do‘st bo‘ladi. U harflarni tanib, o‘qishni o‘rganadi, rangli rasmlar orqali atrofni anglay boshlaydi. Har bir yangi narsa bola uchun ajablanarli va qiziqarli ko‘rinadi. Maktab bolaga faqat bilim emas, tarbiya ham beradi. Ustozlar bolalarga faqat o‘qishni emas, balki yaxshi xulq, do‘stlik, odob, mehr-oqibat, fidoyilik, o‘z Vataniga muhabbat bilan xizmat qilishni o‘rgatadilar. Shunday qilib, maktab — faqat dars joyi emas, balki insoniy fazilatlar uyi hamdir. Maktab — har bir bolaning hayotidagi unutilmas, mas’uliyatli va quvonchli bosqichdir. Bu qadam kelajakka yo‘l ochadi. Bolaga ta’lim va tarbiya eshigini ochgan maktab — uning buyuk orzulari sari ilk uchishi, yuksalish pillapoyasidir.
Sayyora Ashirmatova,
Sho‘rchi tumanidagi 14-umumta’lim maktabining boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi.