KITOB O‘QIGAN XALQ – TARAQQIYOT SARI DADIL QADAM

Bugungi globallashuv davrida taraqqiyot sari intilayotgan har bir jamiyatning asosiy ustuni bu – bilimli va ma’naviyatli insondir. Bunday insonni shakllantirishda esa kitobning o‘rni beqiyos. Kitob – bu tafakkurni charxlaydigan, ruhni boyitadigan, jamiyatni yuksaltiradigan qudratli vositadir.

Aynan shuning uchun ham, dunyoning eng rivojlangan davlatlarida aholi orasida kitobxonlik darajasi yuqori. Masalan, Finlandiyada aholining 80 foizi muntazam kitob o‘qiydi, Yaponiyada esa har bir fuqaro yiliga o‘rtacha 10 dan ortiq kitob o‘qiydi. Taqqoslash uchun, O‘zbekistonda esa so‘nggi yillarda ijobiy siljish kuzatilayotgan bo‘lsa-da, ayrim manbalarga ko‘ra, aholining atigi 15–20 foizi muntazam kitob mutolaasi bilan shug‘ullanadi.

Shu bois, yurtimizda kitobxonlikni ommalashtirish bo‘yicha qator islohotlar amalga oshirilmoqda. 2022-yilda Prezident tashabbusi bilan 400 dan ortiq kutubxona modernizatsiya qilindi, 2023-yilda esa 500 mingdan ziyod yangi adabiyotlar joylarda aholi foydalanishiga taqdim etildi. “Yosh kitobxon”, “Eng namunali kutubxona”, “Kitobxon oila” kabi tanlovlar orqali o‘quvchilarda kitobga bo‘lgan mehr uyg‘otilmoqda.

Bu boradagi sa’y-harakatlarda Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti ham o‘zining munosib hissasini qo‘shib kelmoqda. Institutda muntazam ravishda kitobxonlik tadbirlari, ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvlar, yozuvchi va olimlar bilan ijodiy suhbatlar tashkil etilmoqda. Xususan, “Bir o‘qituvchi – bir kitob tavsiyasi”, “Talaba va kitob”, “Kutubxona haftaligi” kabi tashabbuslar talaba-yoshlarning kitobga bo‘lgan qiziqishini oshirishga xizmat qilmoqda.

Bundan tashqari, institut kutubxonasi muntazam ravishda yangi adabiyotlar bilan boyitilmoqda, raqamli kutubxona fondi kengaytirilmoqda, talabalarga zamonaviy formatdagi (PDF, audio-kitob) o‘quv materiallar taqdim etilmoqda. Eng muhimi, DTPI professor-o‘qituvchilari va talabalari o‘rtasida kitob mutolaasi orqali tanqidiy fikrlash, ijodiy yondashuv va ma’naviy o‘sish muhitini shakllantirish maqsad qilingan.

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, yoshlarimizning ko‘pi vaqtini ijtimoiy tarmoqlarda o‘tkazmoqda. O‘zbekistonda o‘rtacha yosh foydalanuvchi kuniga 5 soatdan ortiq vaqtini telefonda sarflaydi, ammo ko‘pchilik kitob o‘qishga atigi 15 daqiqa vaqt ajratadi. Bunday nomutanosiblikni bartaraf etish uchun DTPI tajribasi asosida boshqa ta’lim muassasalarida ham kitobga mehr uyg‘otuvchi loyihalar kengaytirilishi lozim.

Kitob – do‘st, ustoz va yo‘lchi. U o‘tmishni eslatadi, bugunni anglatadi, kelajak sari ilhom bag‘ishlaydi. Mutolaa qilgan inson muloqotda puxta, fikrda teran, hayotda ongli qarorlar egasiga aylanadi. Har kuni kamida 10–15 daqiqa kitob o‘qish odati inson shaxsiy rivoji uchun katta turtki beradi.

Shunday ekan, kitobxon jamiyatni barpo etish – bugungi kunning eng dolzarb vazifalaridan biridir. Ota-onalar, ustozlar, mutasaddilar birgalikda yosh avlod qalbiga kitobga mehr uyg‘otmog‘i zarur. Chunki kitob o‘qigan xalq hech qachon zulmatda qolmaydi – u har doim taraqqiyot sari dadil qadam tashlaydi.

Sarvar Hafizov,
Muattar Temirova,
Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti professor-o‘qituvchilari.

Previous post Ingliz tilining ahamiyati va uning boshqa fanlar bilan aloqasi
Next post ADABIYOT DARSLARINI TASHKIL ETISHDA INTERFOAL USULLAR